Qullik sindromi: Davlat tilini behurmat qilayotgan Oliy Majlis “Davlat tili to`g`risida”gi Qonunga qayg`urishi mumkinmi?
Prezident yil murojaatnomasida barcha Davlat tilini bilishi shart ekaniga jamiyat maydoniga olib chiqdi. Biroq nega hamon Oliy Majlis yalpi majlislari davlat tilida olib borilmayapti?
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida spiker Nurdinjon Ismoilov davlat tilida gapirmagan deputat va mutaxassislarga e`tiroz bildirmadi. Yalpi majlisda davlat tilini behurmat qilib xorijiy tilda gapirgan deputat Ilhom Abdullaev bo`lib, u “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili hisoblanadi.
Ilhom Zoirovich yalpi majlislarda doimiy tarzda xorijiy tilda gapirib keladi. Oliy Majlis spikeri Nurdinjon Ismoilov shu vaqtgacha davlat tilida so`zlamagan deputatlarga biron marta e`tiroz bildirmagan. Majlisda Ilhom Abdullaevdan so`ng ichki ishlar vazirligi mutaxassisi ham davlat tilini behurmat qilgan holda, xorijiy tilda gapirgan. Bu holatga ham Oliy Majlis spikeri e`tiroz qilmagan.
Nafaqat Oliy Majlis yalpi majlislarida balki, boshqa tadbirlarda ham davlat tilida so`zlamaydigan deputat Ilhom Abdullaev “Milliy tiklanish” partiyasi vakili hisoblanadi. U Oliy Majlisning innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo`mitasi a`zosi. U 2010 yilda ilk bor “Milliy tiklanish” partiyasi vakili sifatida Oliy Majlis deputatligiga saylangan.
Milliy tiklanish partiyasi tomonidan qonunchilik palatasi deputatligiga ketma-ket davlat tilini bilmagan vakili nomzodini ko`rsatib kelinishi partiya o`z nizomi va siyosiy qarashlarida qatiy emasligini ko`rsatmaydimi?