Bank rahbari ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarga sabab bo`lgan xabarga munosabat bildirdi
Bundan bir necha kun oldin You Tube ijtimoiy tarmog`idagi bloger Ulug`bek Ashurning sahifasida «Qishloqqurilishbank uy-joy sotib olgan o`z xodimlarini moddiy qo`llab-quvvatlamoqda» mazmunidagi tanqidiy material joylashtirildi. Siz yoki xodimlaringiz balki bu videoni ko`rgandir. Siz bank rahbari sifatida ushbu videoga qanday izoh bera olasiz?
AOKAda Qishloq qurilish bank rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida Rost24.uz muxbiri ushbu savol bilan yuzlandi.
Qishloq qurilish banki boshqaruvi raisi Alisher Murotov «ushbu videoni shaxsan ko`rganligini hamda unda ma`lumotlarning ko`p bir-birga to`g`ri kelmasligini aytib o`tdi. Bu holatga misol keltirar ekan, u «videoning bir joyida 3-4 yildan buyon bank xodimlariga ustama to`lanmoqda deyilgan, aslida esa bu narsa 2021 yildan joriy etilgan, bir fakt ikkinchi faktga to`g`ri kelmaydi», dedi.
Shuningdek, videoda bank xodimlari 70-80, 100 milliongacha oylik oladi degan dalil ham keltirilgan edi, aslida esa bank rahbari oyligi bunday emasligini, 100-200 ta xodimga emas balki 70 ta xodimga mukofot yozilganini aytib o`tdi.
Videoda aytilgan Xovosdagi uylar borasida fikr bildirib, xaridori bo`la turib bank xodimlariga sotilganini inkor etdi.
Shuningdek, matbuot anjumani davomida 2022 yilda erishilgan natijalar va yangi vazifalar haqida ma`lumot berildi. Qayd etilishicha, ATB Qishloq qurilish bank tomonidan joriy yilning o`tgan davrida 10 401 nafar fuqaroga 2 trln 200 mlrd. so`m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Respublika tijorat banklari tomonidan 2022 yilning 11 oyida jami ajratilgan ipoteka kreditlarining 23,7 foizi «Qishloq qurilish bank» hissasiga to`g`ri keladi.
Bank kredit portfelining tarmoqlar kesimida tahliliga ko`ra eng ko`p mablag`lar sanoat sohasiga – 2 trln. 400 mlrd. so`m, qurilish sohasiga – 1 trln. 595 mlrd. so`m, savdo va umumiy xizmatga – 1 trln. 872 mlrd. so`m hamda qishloq xo`jaligiga – 982 mlrd. so`m ajratilgan. Jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar miqdori 11 trln.so`m.ni tashkil etadi.