O`zbekiston amaldorlar yurti: Vazirlik va idoralar haqiqatdan ham kamaytiriladimi?

22.12.2022 10:03

Qaysi vazirlikni qisqartirish lozim? Prezident boshqaruv idoralarini kamaytirish lozimligini aytdi. Qaysi vazirlik va idoralar tugatilishi borasida hozircha tafsilotlar yo`q. So`nggi yillarda vazirliklarda qonunga xilof tarzda sarflanayotgan mablag`lar va korrupsiya haqidagi xabarlar esa kun sayin ortmoqda. Vazirlik va davlat idoralarining qisqarishi korrupsiyaning kamayishiga olib keladimi?

Shavkat Mirziyoev kecha 20 dekabr Oliy Majlis va O`zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida davlat boshqaruv tizimini optimallashtirish va qisqartirish haqida gapirdi. U «Keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv juda yuqori», degan. Prezident Vazirlik va idoralar sonini hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytirilishini aniqlashtirgan.

Vazirliklar qisqartirilishiga mulozimlar qarshimi?

Rost24.uz sayti ham shu paytgacha vazirliklarni qisqartirish, boshqaruv apparatini optimallashtirish bo`yicha qator materiallar tayyorlab kelgan. Shu bilan birga qator vazir va amaldorlardan o`zlari ishlayotgan tizimni qisqartirish bo`yicha fikrlari bilan qiziqqan. Jumladan, Maktabgacha ta`lim vazirligi matbuot kotibidan vazirlikni optimallashtirish haqida so`ralganda u savolga aloqador bo`lmagan javobni bergan. Sobiq Adliya vaziri hozirda Prezidentning prezident maslahatchisi R. Davletovdan Adliya vazirligi va prokuraturaning bir birini faoliyatini takrorlashi sababli prokuraturani tugatish masalasida fikr so`ralganda u har ikkisini ham o`z o`rni borligini ta`kidlagan. Biroq, Prokuratura tizimi odatda MDH davlatlaridagini saqlanib qolgan.

So`nggi 6 yilda 11 tadan ortiq davlat idorasi tashkil etilgan

Hozirda O`zbekistonda 25 vazirlik, ijro etuvchi hokimiyat tizimida 34 agentlik, 10 davlat qo`mitasi, 6 qo`mita, 15 inspeksiya, 6 markaz, 2 markaziy muassasalar faoliyat olib bormoqda. So`nggi 6 yilda ularning soni 11 tadan ortgan. Bu ko`rsatkich esa Markaziy Osiyoda, shuningdek, MDH davlatlari orasida ham eng ko`pidir. Bundan tashqari vazirlarning 109 nafar o`rinbosarlari ham bor. Bir vazirning ettitalab o`rinbosari bor. Masalan, Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov 7 ta o`rinbosar bilan birga ishlaydi.

Vazirlik va idoralar orasida bir-biriga vazifasi o`xshash, maqsadi yaqin bo`lganlari ham ko`pchilikni tashkil qiladi.

Vazirliklar orqali bir yilda sarflangan mablag`lar

2022 yilda davlat byudjetidan bir-biriga vazifasi o`xshash bo`lgan vazirliklar hamda idoralar tasarrufiga umumiy miqdorda 162,8 trln so`m ajratilgan.

Misol uchun, birgina ta`lim sohasida uchta vazirlik faoliyat olib boradi va ularga:

Xalq ta`limi vazirligi — 25,8 trln

Maktabgacha ta`lim vazirligi — 6,5 trln

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi — 4,1 trln

Shuningdek, Prezident ta`lim muassasalari agentligi va ta`lim inspeksiyasi kabi tashkilotlar borki ularning umumiy harajatlari ham bir necha milliardlarni tashkil etadi. 

Qishloq xo`jaligi sohasi

Qishloq xo`jaligi vazirligi — 615,8 mlrd

Suv xo`jaligi vazirligi — 3,440 trln

O`simliklar karantini va himoyasi agentligi — 87,4 mlrd mablag`lar ajratilgan.

Shu kabi ko`plab misollarni keltirish mumkin. To`g`ri, yuqorida keltirilgan mablag`lar bu vazirlik va idoralarning adminstrativ harajatlarining o`zi emas, turli loyihalarni ham nazarda tutadi. Lekin, bir yo`nalishdagi turli vazirliklarning bo`lishi nafaqat soliq to`lovchilarga yuk, balki korrupsion ishlar ko`lamini kengayishiga ham xizmat qilishi mumkin. 

Vazirliklar ko`p va ularda korrupsiya ham ko`p

Oliy Majlisning navbatdagi noyabr oyidagi yig`ilishida shu yilning 9 oyida vazirliklar tomonidan 100 milliarddan ortiq byudjet mablag`i talon-taroj qilingani ochiqlangan. Oliy Majlis deputati Botir Mardaev shunday degan:

«Davlat mablag`laridan maqsadsiz foydalanish, byudjet qonunchiligini buzish holatlari to`xtamayapti. Joriy yilning o`tgan 9 oyi davomida tarif razryadlarining noto`g`ri qo`llanishi, ish haqi va moddiy yordam to`lovlarining ortiqcha to`lanishi hisobiga 138 milliard so`mga yaqin xato va kamchiliklar aniqlangan.

Xalq ta`limi tizimida 47 milliard so`mga yaqin, sog`liqni saqlashda 30 milliard so`m, maktabgacha ta`limda 7 milliard so`m, madaniyat vazirligi tizimida 5,5 milliard so`mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlangan. Bajarilmagan ishlar va xizmatlarni «bajarildi», qilib ko`rsatish, byudjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobidan o`rnatilmagan uskunalarni ham «o`rnatildi», deb rasmiylashtirish hisobiga 100 milliard so`mdan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan. Hisobot davrida jami 139 milliard so`m miqdordagi byudjet mablag`larini maqsadsiz sarflanishiga yo`l qo`yilgan».

Prezident bundan avval ham davlat idoralarini optimallashtirish haqida topshiriqlar bergan. Qaysidir shtatlar yoki idoralar qisqartirilgani bilan qandaydir biz nomini ham bilmaydigan yangi tashkilotlarni ta`sis etilgani hisobiga optimallashish sezilmayapti ham. Umid qilamizki bu safar sezilarli optimallashtirish amalga oshiriladi va haqiqatdanam ixcham hukumatga ega bo`lamiz.



@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
23.12.2022 17:48
Qo'mita va inspeksiyalarda korrupsiya juda chuqur ildiz otib ketgan, ularning ruxsat berish funksiyasini ko'proq kamaytirish lozim, faoliyat turlsriga beriladigan ruxsatnoma berishni umuman yo'qotish lozim, faoliyatni qonunlarga asosan boshlab soliq qo'mitasiga xabar berish kifoya bo'ladi menimcha, ruxsat olishning o'zi bu korrupsiya.
22.12.2022 18:58
Барчаси ижрога боғлик.Вақт олий ҳакамдир.28 та ҳам кўплик қилади.Қўшиб юборса бўлади МГ+ИИВ,Мол.в+ДСҚ+Иқтисод.в,Ўрмон қ+Экология,Ветря.қ+Пилла+Чорва,яйлов,қоракўлчилик,Тог кон саноат+геология,Маданият+спорт,Ўзбеккино,МТРК+МА,Инновц+Инвестя+Ташвиш.в,МВ+МСҚ,Қишлоқ,х+Сув.х+Ўзбекгидро,Қўрилиш.в+Коммунал.х.в+Ўзавтойўл.
22.12.2022 18:04
Мактабгача таьлим вазирлиги ; бу сохада коорупция умуман тухтамаган яни вилоят,туман бошкармаларида гуллаб яшнаган