Yil tugamoqda, vazirliklar esa 2022 yilgi davlat byudjeti xarajatlarini yana 2 trln so`mdan ortiqqa oshirishni so`rashyapti

19.12.2022 15:07

Maktabgacha ta`lim vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi,  Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirliklariga qo`shimcha milliardlar so`ralmoqda. Birgina Utilizasiya yig`imi xarajatlariga davlat byudjetidan 224,5 mlrd so`m ajratish so`ralgan. 

Yil oxiriga kelib 2022 yil davlat byudjetiga o`zgartirish to`g`risida masala ko`rib chiqilmoqda. Bu haqida Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ma`lum qildi. 

«Eng qizig`i utilizasiya yig`imi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, monopolist ”UzavtoMotors" utilizasiya yig`imini to`layaptimi yo`qmi, bu yashirilayotgan bir vaqtda davlat byudjetidan utilizasiya yig`imi xarajatlariga 224,5 mlrd so`m ajratish so`ralishi mantiqsizlik. Katta ehtimol bilan xalqning g`aznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga o`tkaziladi.

Albatta ko`plab savollarga javoblar maxfiy qolayotgan bir vaqtda bu loyihaning qabul qilinishiga to`liq qarshiman», deydi deputat.

Deputatlar qo`liga shoshilinch berilgan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi ko`ra, 2022 yil byudjetidan:

- davlat-xususiy sherikchiligi asosida asosida faoliyat ko`rsatayotgan nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari sonining ortib borayotgani hisobiga ushbu yo`nalishga qo`shimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha ta`lim vazirligi 407,1 mlrd so`mga (Bu yil Maktabgacha ta`lim vazirligiga davlat byudjetidan 6,49 trln so`m. Shundan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta`lim muassasalariga subsidiyalar – 1,5 trln so`m ajratilgan);

- Issiqlik ta`minoti bo`yicha aholiga past darajali tariflar qo`llanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi 404,7 mlrd so`mga (Bu yil Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga 1,324 trln so`m ajratilgan. Shundan suv ta`minoti va kanalizasiya tizimlarini rivojlantirish jamg`armasiga transfertlar – 981,3 mlrd so`mni tashkil etadi);

- eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to`lanadigan utilizasiya yig`imi xarajatlariga davlat byudjetidan mablag` ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi 224,5 mlrd so`mga (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi shu yil 761,1 mlrd so`m olgan. Shundan tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga transfertlar – 500 mlrd so`mni tashkil etadi);

- Hududlarda zudlik bilan echilishi lozim bo`lgan qo`shimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy byudjetlarga qayta taqsimlash (o`tkazib berish) maqsadida Moliya vazirligiga 1 000,0 mlrd so`mga oshirish ko`zda tutilgan.

Eslatib o`tamiz, Moliya vazirligi 2022 yil byudjetidan 73,27 trln so`m olgan. Shundan aholini uy-joy bilan ta`minlash dasturlarini moliyalashtirish uchun xarajatlar – 1,76 trln so`m, davlat qarziga xizmat ko`rsatish bo`yicha foiz to`lovlari uchun xarajatlar – 4,04 trln so`m, byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi bo`yicha ijtimoiy xarajatlar – 4,35 trln so`m , ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlarini va ayrim xizmatlar turlari bo`yicha tariflarni oshirish bilan bog`liq xarajatlar – 11,35 trln so`m, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun xarajatlar – 1,7 trln so`mni tashkil etadi).

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар