Siz tanigan mashhur psixolog Nargiza Sattorova bilan suhbat
—19 aprel kuni Farg`onada 45 yoshli erkak xotinini chopib tashladi.
—2 sentyabr kuni Jizzax viloyati G`allaorol tumanida er ayolini armatura bilan boshiga urib, o`limiga sabab bo`ldi.
— Samarqand viloyati Pastdarg`om tumanida yashovchi ayol 3 oktyabrdan 4 oktyabrga o`tar kechasi o`zini osib, joniga qasd qilgan.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda xuddi shu kabi ayollarga nisbatan zo`ravonlik haqida xabarlar avj olmoqda. Afsuski, bunday holatlar ko`paysa ham unga nisbatan qandaydir chora ko`rilganini, nimadur o`zgarganini ko`rmayapmiz. Jamiyatdagi bunday holatlarga asosiy sabab kim yoki nima?
Rost24.uz muxbiri ushbu holatlar yuzasidan psixolog Nargiza Sattorovaga ba`zi savollar berdi.
Psixologning fikricha, ayollardagi zo`ravonlik, o`z joniga qasd qilish holatlariga ulardagi ilmsizlik sabab. Ilm darajasi, insonning saviyasi uning insoniyligini belgilab beradi. Insonni hayvonlardan ajratadigan sifati bu tafakkuri borligi, ongimiz borligi va inson o`qib o`rgangandan keyin u o`zining hisiyotlarini, birlamchi instinktlarini boshqara oladi. Insonning ham 3 xil rivojlanish darajasi bor. Bu hayvoniy daraja, insoniy daraja, ilohiy daraja bor. Inson hech bo`lmasa insoniylik darajasidan o`tish kerak bo`ladi. Bundan tashqari bugungi kunda orzu-havas degan narsa bor. Insonlarda esa o`shanga nisbatan intilish bor. Bu ham norozilik kayfiyatini yuzaga chiqaradi.
— Ayollarga nisbatan zo`ravonlik holatlari aks ettirilgan videolar, rasmlar internetda tarqalmoqda. Albatta, bu narsani ko`rgandan keyin insonni diydasi qotib ketadi. Mana shunaqa holatlarga qanday qaraysiz?
— Tarqatilishi kerak emas deganingiz bilan buni hech kim to`xtatmaydi. Nima uchundir bu holat bor. Bu holatning dahshatli tomoni kimdir kimdirni do`pposlayotganda yoki juda ham insonni hayotiga xavf tug`diradigan vaziyatda kimdir telefonni qo`liga olib, kamerasini yoqib, mana shu narsani videoga olish bu o`sha do`pposlashdan ham dahshatli.
Mana shunisi tushunarsiz. Mayli o`sha inson affect holatidadir, mayli o`sha inson o`qimagandir, saviyasi pastdir, omidir, mayli hissiyotga berilgandir, ichgandir, chekkandir, nimadir bo`lgandir. U o`zini idrok etmaydi, boshqarmaydi. Lekin uni kimdir ongli ravishda videoga olib tarqatishi aqlga sig`maydi.
Zo`ravonlik holatlariga ayollardagi ilmsizlik sabab ekan, nega bunday holatlar ko`paysa ham sababiini bilib turib choralar ko`rilmaydi.