Sardor Umrzoqov moliyaviy manbani tanlaydimi yoki millat kelajagini?

16.12.2022 13:47

“UzBAT” — tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi O`zbekistondagi eng yirik va yagona korxona Administrasiya rahbaridan snyuslarga nisbatan taqiqlarni olib tashlashni so`ramoqda...

 

— Prezident Administrasiyasi rahbari Sardor Umrzoqov moliyaviy manba, milliardlarni tanlaydimi yoki millat genofondini saqlab qoluvchi qonunnimi?

— “UZBAT A.O.” AJ snyus va tamaki mahsulotlarini cheklovchi qonunni to`xtatish maqsadida lobbistlik qilayaptimi, Sardor Umrzoqovdan najot kutishmoqdami?

Bu savollar ayni paytda kun tartibiga chiqmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida»gi Qonunni Senatga taqdim etgan. Biroq, Senat hamon mazkur Qonunni yoqlayotgani yo`q. Mazkur qonun loyihasida ayni damda sotuvda bo`lgan snyusni (tarkibida nikotin bo`lgan mahsulot) cheklash nazarda tutilgan. Qonun loyihasidagi snyus cheklovlaridan norozi bo`lgan “UZBAT A.O.” AJ Prezident Administrasiyasi rahbari Sardor Umrzoqovga xat bilan murojaat qildi.

Xatda “UZBAT A.O.” S.Umrzoqovdan O`zbekiston ichida snyus mahsulotining sotuvi va iste`molga qo`yilishi kutilayotgan taqiqni olib tashlashni so`rab murojaat qilgan. Ular o`z so`rovlarini oqlash maqsadida snyusni zarar keltirmasligi haqida ma`lumotlar keltirgan. Biroq, shifokorlarning ta`kidlashiga ko`ra, O`zbekistonda o`smirlar orasida bir necha marta snyusdan zaharlanish va o`lim holatlari ham kuzatilgani aytiladi. Shu jumladan, Rossiyada ham snyus iste`molidan o`lim holati qayd etilgan.

UZBAT A.O.” AJ Sardor Umrzoqovdan snyuslarni cheklashni to`xtatishni so`rar ekan, o`zining O`zbekistondagi eng yirik soliq to`lovchi ekanligiga ishora qilgan hamda snyus ishlab chiqarishi bilan bog`liq yirik investisiyalar kiritilayotganini ro`kach qilgan.

Shu o`rinda shifokorlar snyus va tamaki mahsulotlari sababli millat genofondiga jiddiy zarar etishi mumkinligini ta`kidlab kelmoqdalar. O`zbekistonda ortib borayotgan onkologik kasalliklar ham asosan tamaki va nikotinli mahsulotlar iste`moli ortidan kelib chiqishi aytiladi. O`zbekiston byudjeti tamaki mahsulotlaridan kelib chiqqan onkologik kasalliklarni davolash uchun ham mablag` ajratib keladi. Qolaversa, Ichki ishlar Bosh boshqarmasining ma`lumotiga ko`ra aynan snyus mahsulotini iste`mol qilgan o`smirlar orasida jinoyatchilik ortgan.

Senat hamon «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida»gi Qonunni tasdiqlagan emas. 

Endilikda Sardor Umrzoqov ham yirik soliq to`lovchi UZBAT A.O. AJ xatiga ijobiy javob beradimi yoki millat genofondini saqlab qolish uchun qonun loyihasini o`zgartirmagan holda qabul qilinadimi? 

Bu savol hozircha ochiq qolmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
17
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар