Bu savol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan qo`yilmoqda.
Yong`in Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan «Ilhom» teatri binosida 12 dekabr kuni sodir bo`ldi. Hodisa tungi soat 03:34 da yuz bergan.
Yong`in oqibatida teatr binosining 1-qavat xollining 80 kvadrat metr maydonida ichki qismi va jihozlari yonib zararlangan.
Nega bu yong`in tasodifmi yo`qmi degan savol o`rtaga tashlanyapti?
Gap shundaki, avvalroq, ya`ni 2020 yilda Toshkentdagi «Shodlik» mehmonxonasi erto`lasida tomosha qo`yib kelgan «Ilhom» teatri mehmonxonaning yangi egasi "OFELOS PLAZA" MJChdan binoni bo`shatib qo`yish haqida rasmiy maktub olgani katta muhokamalarga sabab bo`lgan edi.
1976 yildan buyon mazkur bino erto`lasida ijod qilib kelayotgan teatr ahli bu ko`chishga qat`iy e`tiroz bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlar bilan chiqishgach, rasmiylar, xususan S. Mirziyoeva va madaniyat vaziri O. Nazarbekovlar teatr o`z joyida qolishini, bundan buyon vazirlik himoyasida bo`lishini aytib, munosabat bildirishgan edi.
Ahamiyatlisi, ushbu binoda joylashgan «Shodlik» mehmonxonasi bilan teatrning ijara shartnomasi muddati 2023 yilgacha bo`lgan. Rasmiylar tomonidan berilgan va`dalar asosida shartnoma muddatini noma`lum muddatgacha uzaytirgan «Ilhom»ning 2023 yil kelishiga sanoqli kunlar qolganda yonib ketishi chindan tasodifmikan, degan savolni ayni shu masala sababli yuzaga kelgan. Lekin, teatr ijodkorlarining bu kabi savollarga bergan javoblarida yong`in qisqa tutashuv, elektr simlarining eskiligi bilan bog`liq bo`lishi mumkin degan izohni ko`rish mumkin. Shuningdek, ijodkorlar bu atayin uyushtirilmaganiga ishonishlari va yakuniy xulosani hozirda olib borilayotgan surishtiruv yakuniga ko`ra bilish mumkinligini qayd etishgan.
Ma`lumot uchun, 46 yil avval bu erto`lada restoran uchun kartoshka saqlangan, ya`ni kartoshka ombori bo`lgan. Bir qancha aktyorlar u erni tozalab, teatrga aylantirgan. «Ilhom» teatri joylashgan bino 1976 yilda uning asoschisi Mark Vaylga berilgan. 1994 yilda bo`lib o`tgan xususiylashtirishdan so`ng teatr ushbu binodan beg`araz asosda foydalanib kelgan.
Ma`lumotlarga qaraganda 1998 yilda dekabrda ham binoda yong`in sodir bo`lgan.