Qamoqqa olingan energetika mansabdorlarini qanday jazo kutmoqda?
11 dekabr kuni Prezident Administrasiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o`tkazgan Respublika shtab yig`ilishida energetika tizimida qator mansabdorlar prokuratura tomonidan javobgarlikka tortildi.
Rost24.uz muxbiri Umrzoqov o`tkazgan majlisda jinoyatda ayblangan amaldorlarning sodir etgan jinoyat turlari bilan qiziqib, Bosh prokuraturaga murojaat qildi.
«Hududgazta`minot» AJning Toshkent viloyati bo`yicha tarkibiy bo`linmasi bo`lgan «Hududgaz Toshkent» filiali direktori Muzaffar Alievga nisbatan JKning 205-moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Mazkur moddada hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish orqali fuqarolar huquqlariga yoki davlatga zarar etkazish nazarda tutiladi. Bunda ayblanuvchiga eng kam ish haqqining ellik baravarigacha yoki 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar tayinlanishi mumkin.
«Yangiyo`l tumangaz» korxonasi rahbari esa Jinoyat kodeksining 167, 209 va 208-moddalari bilan ayblanmoqda. Unda mansabdor shaxsning g`arazgo`ylik bilan harakatsizlik qilishi, qasddan vazifasini bajarmagan holda fuqaro huquqlari va davlat manfaatlariga zarar keltirishi nazarda tutiladi. Shuningdek, 167 moddaga ko`ra, ishonib topshirilgan mulkni rastrata va talon taroj qilish bilan ayblanish ko`zda tutilgan.
Energetika tarmog`idagi jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxslar haqida hozircha ochiq ma`lumot berilgan emas. “Hududgazta`minot” AJ matbuot kotibi 11 dekabr kuni Respublika shtab yig`ilishida jinoyatda ayblanganlar yuzasidan to`liq ma`lumotga ega emasligini ma`lum qildi.