SSV Matbuot xizmati yolg`on ma`lumot bilan ishni yopmoqchi

11.12.2022 20:29

Aslida muammo IIB aralashuvi bilan «melisalar» uslubida «tinchitilgan».

Bugun Qashqadaryo viloyatining Ko`kdala tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Chiyali bo`linmasi tug`ruqxonasida elektr energiyasi yo`qligi sababli go`daklari sovuqda qiynalayotgani onalar tomonidan bayon etilgan videomurojaatni saytimizda e`lon qilgan edik.

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu muammoga darhol munosabat bildirdi.

«Ko`kdala tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Chiyali bo`linmasi, ya`ni qishloq uchastka shifoxonasida 2022 yil 11 dekabr kuni soat 03:30 da elektr energiyasida uzilish kuzatilgan. Ammo issiqlik ta`minotida uzilish bo`lmagan.

Shifoxonada 4 kun avval jami 7 nafar ayol farzandli bo`lgan, 11 dekabr soat 12:00 da ularning 6 nafariga uyga javob berilgan. 1 nafar ayol chaqalog`i bilan Ko`kdala tumani tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga ko`chirilgan. Hozirda ona va bolalarning salomatligi yaxshi, shifokorlar nazoratiga olingan.

Ayni paytda shifoxonada elektr ta`minoti tiklandi. Muassasa qo`shimcha elektr generatori bilan ta`minlandi», deyiladi SSV Matbuot xizmatining munosabatida.

Ushbu munosabatda keltirilgan faktlar bizda shubha uyg`otdi. Chunki SSV munosabatida «2022 yil 11 dekabr kuni soat 03:30 da elektr energiyasida uzilish kuzatilgan. Ammo issiqlik ta`minotida uzilish bo`lmagan.» deyiladi. Aslida o`zi yo`q bo`lgan elektr energiyasida qanday uzilish bo`lishi mumkin??? Uni ustiga, videomurojaatda isitish tizimi ham elektr ta`minotiga bog`liqligi aytilgan bo`lsa, issiqlik ta`minotida qanday uzilish bo`lmaydi???

SSV munosabatida keltirilgan vajlar qanchalik to`g`ri ekanligiga ishonch hosil qilish uchun mazkur shifoxonadagilar bilan bog`landik.

Ma`lum bo`lishicha, vaziyat aslida boshqacha bo`lgan ekan.

Asl haqiqat shuki, Ko`kdala TBga qarashli Chiyali bo`linmasi tug`ruqxonasidagi muammoni o`rganish uchun Sog`liqni saqlash mutasaddilari emas, Ichki ishlar mutasaddilari tashrif buyurgan ekan.

Tug`ruqxonadagi 1 nafar ayol chaqalog`i bilan Ko`kdala tumani TB shifoxonasiga ko`chirilgan. Boshqa barcha bemorlar esa chiqarib yuborilgan.

Ismini aytishga qo`rqqan murojaatchimizning (murojaatchining ismi sharifi tahririyatga ma`lum) aytishicha, muammoni hal etuvchilar aholisi 100 mingdan ziyodni tashkil etadigan hududga xizmat qilayotgan kichkinagina tug`ruqxonani yopib yuborish bilan tahdid qilishgan.

Shuningdek, videomurojaatni tasvirga olgan ikki nafar hamshiradan kelgusida bunday murojaatlar tashkil etmaslik haqida tushuntirish xati ham olingan ekan.

Qisqasi, Ichki ishlar xodimlari sharoiti yo`q tug`ruqxonadagi ona-bolalarni chiqarib yuborish bilan muammoni hal etishgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар