2022 yil yanvar-noyabr oylari davomida Xalq banki tomonidan aniqlangan korrupsion holatlar tufayli bankning 274 nafar xodimiga intizomiy choralar ko`rilgan.
Bu ma`lumot, respublika “Xalq banki” bosh idorasida “9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan o`tkazilgan "Ochiq eshik" lar kunida mutasaddilar tomonidan aytildi.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “Ichki nazorat va komplaens departamenti” to`g`risidagi nizom va 10 ta me`yoriy hujjat ham ishlab chiqilgani, bankda komplaens tizimi qanday yo`lga qo`yilgani, faoliyati haqida ham ma`lumotlar berildi.
Xo`sh, komplaens tizimida antikorrupsiya holatlari bo`yicha ijobiy o`zgarish bo`ladimi?
Bu bankda antikorrupsiya bo`yicha ijobiy o`zgarish ro`y bergani kafolati bo`la oladimi?
Shu tizim yo`lga qo`yilgandan buyon o`tgan yildagi holatlarga nisbatan bu yilgi korrupsiya kam bo`ldi deb ayta olasizmi?
Rost24.uz muxbirining bu savollariga Xalq banki boshqaruv raisi o`rinbosari Farruz Ruziev javob berdi:
— Komplaens tizimi bu korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil qilingandan keyingi davrda xalqaro talablardan kelib chiqib, komplaens tushunchasi keng joriy qilib boshlandi. Lekin undan oldin ham tijorat banklarida, markaziy bank talablari va xalqaro bazel 3 standartlaridan kelib chiqqan holda komplaens tizimi yuritilgan ya`ni ichki nazorat tizimida bu o`sha himoyaning ikkinchi chizig`ida va albatta kamaydi deb bemalol aytish mumkin. Statistikalar yuqorida keltirilib o`tildi. Bu statistikani biz ham har doim tahlil qilib boramiz. 2022 yili o`tgan 11 oy davomida aniqlangan korrupsiyaviy holatlar bilan 2021 yilni solishtiradigan bo`lsak Xalq banki tizimida 34 % ga kamayganligini ko`rishimiz mumkin, — deydi boshqaruv raisi o`rinbosari Farruz Ruziev.