O`z sohasida salmoqli mehnat qilib, insonlar ko`nglidan joy olgan mashhur yurtdoshlarimizning ayrimlari bugun davlat ahamiyatiga molik lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Rost24 muxbiri amaldorga aylangan mashhurlar haqida hikoya qiladi.
Ozodbek Nazarbekov
Mashhurlikdan davlat amaliga mingan mansabdorlar orasida birinchi bo`lib O`zbekiston hamda Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovni keltirmay o`tish noto`g`ri bo`lardi.
2017 yilning avgustidan boshlab Madaniyat vazirligida faoliyat yuritib kelayotgan Nazarbekov o`z siyosiy karerasini dastlab «Yoshlar» teleradiokanali direktori lavozimida boshladi. Keyinroq madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari etib tayinlandi. Prezident farmoni bilan 2020 yilning 24 yanvar kuni Ozodbek Nazarbekov O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri etib tayinlandi. Iyun oyiga kelib Nazarbekov nomzodi O`zbek milliy musiqa san`ati instituti rektori lavozimiga ham ma`qullandi.
Ravshan Ermatov
Futbol bo`yicha Jahoni chempionati uchrashuvlarida eng ko`p (11) o`yinga hakamlik qilib, rekord o`rnatgan Ermatov 2019 yilning iyun oyida o`tkazilgan O`zbekiston futbol assosiasiyasida ijroqo`m a`zolari yig`ilishida O`FA birinchi vise-prezidentligiga saylandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan 2020 yilning fevralidan boshlab Ravshan Ermatovga jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari lavozimi ham yuklatildi.
Sirojiddin Sayyid
2018 yilning 11 aprel kuni O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining navbatdan tashqari yig`ilishida Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimida ishlab kelgan Muhammad Ali vazifasidan ozod etilib, uning o`rnida rais o`rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan Sirojiddin Sayyid ish boshladi.
Sherzod Qudratxo`ja
Hukumat rahbarining 2018 yil 28 maydagi qarori bilan Xalqaro press klub rahbari Sherzod Qudratxo`ja O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan tashkil etilgan O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetiga rektor etib tayinlandi.
Shunday qilib, yangi tashkil etilgan oliygohning birinchi rektori Sherzod Qudratxo`jaev bo`ldi.
Iroda To`laganova
2019 yil 8 fevralda O`zbekiston tennis federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o`tkazildi. Ovoz beruvchilar tomonidan tennischilik faoliyati davomida jahon reytingida 16-o`ringacha ko`tarilgan Iroda To`laganova nomzodi O`zbekiston tennis federasiyasi bosh kotibi lavozimiga loyiq ko`rildi. Roppa-rosa bir yildan so`ng esa To`laganova Osiyo tennis federasiyasining (OTF) vise-prezidenti etib saylandi.
Kamoliddin O`rinboev
Opera simfonik orkestri dirijyori, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan artist Kamoliddin O`rinboev 2020 yil 16 iyundan boshlab O`zbekiston Davlat konservatoriyasi rektori lavozimiga tayinlandi. Unga qadar Yoshlar simfonik orkestri dirijyori lavozimida ishlagan O`rinboev, o`z navbatida, Italiya, Fransiya, va Rossiya kabi davlatlarda o`z sohasida tajriba orttirgan.
Diyor Imomxo`jaev
2020 yil 26 maydan boshlab, O`zbekiston futbol assosiasiyasi prezidenti A.Azizovning taqdimiga binoan Diyor Imomxo`jaev O`zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo`mitasi tomonidan bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.
Imomxo`jaev jurnalistik faoliyat bilan birga Futbol TV hamda Uzreport TV telekanallarida futbol sharhlovchisi bo`lib ishlagan.
Xushnudbek Xudoyberdiev
Hukumatning 2020 yil 1 iyuldagi qaroriga asosan Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori, bloger Xushnudbek Xudoyberdiev O`zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o`rinbosari etib tayinlandi.
Yodgor Sa`diev
2020 yil 29 oktyarb kuni O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev O`zbek milliy akademik drama teatri direktori etib tayinlandi.
Sh.NO``MONOV