Sobiq rahbar o`zining noqonuniy bo`shatilganligi, rahbarlik faoliyati davomida bir qancha ishlarni amalga oshirganligini bayon qilgan.
Odamlarda haqiqatdan nohaq bo`shatilgan ekan degan tushunchani hosil qilish uchun sobiq rahbar ijtimoiy tarmoqlarda imkon qadar bong urmoqda.
Albatta bu mavzu barcha bilganlar qatori bizda ham qiziqish uyg`otdi. Eshitgan qulog`imizga ishonmasdan ushbu muammoni o`rganish uchun Navoiy xalqaro aeroportida bo`lib, vaziyatni joyida o`z ko`zimiz bilan ko`rdik. Eshitganlarimiz bilan ko`rganlarimiz esa umuman tubdan farq qilmoqda. Vaziyat biz kutganchalik darajada emas. Aksincha, boshqa muammolar oyog`imiz ostidan chiqa boshladi.
Biz kimnidir qoralash yoki kimnidir oqlash niyatida emasmiz. Vaziyatga xolisona ko`z bilan nazar tashlaymiz. Aslida har kim ham e`tiroz bildirishga haqli zamonda yashayapmiz. Bu borada hamkasblarimizni ham nohaq deb aytolmaymiz, bunga haqqimiz ham yo`q. Ularning ham o`z pozisiyasi bor.
Ko`rganlarimiz, bilganlarimiz asnosida:
Navoiy xalqaro aeroporti Yoqilg`i moylash materiallari xizmati sobiq rahbar tomonidan ko`p bor tilga olingan. Bizning ko`rganimiz eshitgan ta`rifdan esa o`zgacha ekan. Jami 4200 tonnagacha yoqilg`ini saqlashga mo`ljallangan ushbu hudud bundan 10 yil oldin ta`mirlangan. Keyingi taqdiri esa biroz achinarli. Yong`in xavfsizligi oxirigacha etkazilmagan. Plastik trubalar o`rnatish uchun ariqlar qazilgancha qolib ketgan. Eski metall trubalar chirigan holda atrof manzarasiga salbiy ko`rinish berib turibdi.
Yo`lovchilar perroni oldingi rahbar zamonidan qolgan axlatlardan tozalanmoqda.
Navoiy xalqaro aeroporti katta hajmdagi yuklarni ham qabul qila olishi bilan ham Respublikada o`z o`rniga ega. Ahamiyatga molik Yuk terminali necha yillardan buyon e`tiborga muhtoj ekan.
– Yog`ingarchilik vaqtida yuk terminalimiz tomidan chakki o`tadi, – dedi Yuk terminalining Omborlashtirish bo`yicha rahbar o`rinbosari Sherzod Burxonov. – Omborning yarmidan ko`p joyini suv bosib ketadi. Shu vaqtlarda yuklarni uddalay olmay qolamiz. Ustiga selofan yopamiz. Yuk mashinalari kiradigan darvozalarimiz tez-tez buzilib qoladi. Ochilsa yopilmay, yopilsa ochilmay qolyapti. Bu muammoni bartaraf qilish kerak. Rahbarlarimizga ham bir necha marotaba murojaat qildik. Ammo hozircha natija yo`q.
Keytiring xizmati uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ammo bu xizmat yo`lga qo`yilmagan. Oziq-ovqat mahsuloti 3 km. uzoqlikdan ya`ni Zarafshon mehmonxonasidan keltirilar ekan. Bu esa bor imkoniyatdan foydalana olmaslikni anglatadi xolos.
Aeroportning barcha qulayliklarga ega 90 o`rinli o`z mehmonxonasi ham mavjud. Ammo ko`pchilik orzu qiladigan bu mehmonxona mijozlarga muhtoj holda dam olib yotibdi. Mijozlarni jalb qilish ishlari va reklama xizmati yo`lga qo`yilmagan.
Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati pana joyda qolib ketgan. Aslida qoidaga binoan bu xizmat xodimlariga uchish-qo`nish hududi ko`rinib turishi kerak. Ammo necha yillardan buyon ushbu muammoga hech kim e`tibor bermagan.
Navoiy xalqaro aeroportida boshqaruv tizimi yillar davomida izdan chiqqan. Xodimlarning ijtimoiy himoyasi ham butunlay unutilgan. Har kim o`z holicha ishlab kelmoqda. To`g`ri, oldingi rahbar tomonidan xodimlarga bir muncha erkinlik berilgan. Ammo xodimlar uchun yaratilishi lozim bo`lgan qulayliklar butunlay unutilgan.
Salkam 800 nafar xodim faoliyat ko`rsatadigan katta bir korxonada xodimlar uchun sharoit yaratilmaganining guvohi bo`ldik. Xonalar yillar davomida rahbarlar ko`zidan pana joyda ta`mirga muhtoj bo`lib qolgan. Yangi rahbar ham ishni avvalo xodimlarga qulayliklar yaratishdan boshladi. Aniqrog`i, Navoiy xalqaro aeroportiga yangi qon va toza havo kirib kelmoqda.
Xalqaro aeroport nomini eshitganda barcha qulayliklarga ega zamonaviy binolar ko`z oldimizda gavdalanadi. Aslida ham shunday bo`lishi kerak emasmi?
Yana bir tushunarsiz holatning guvohi bo`ldikki, o`zining nohaq bo`shatilganini iddoa qilayotgan sobiq rahbar aslida asosiy nomzod tanlab olinguniga qadar vaqtincha vazifa bajaruvchi sifatida ishga olingan ekan. Mehnat kodeksi bo`yicha ham olib qaraganda sobiq rahbarning lavozimidan ozod etilishida hech qanday qonun buzilish alomatlari topilmadi.
Xulosa o`rnida aytishimiz mumkinki, vaziyatga xolisona yondashdik. To`g`ri, demokratik tamoyillarga tayanadigan bo`lsak, har kim fikr va e`tiroz bildirishga haqlidir. Ammo bu – butun 790 nafarlik katta jamoa nomidan gapirishga haqli degani emas. Sobiq rahbar Navoiy xalqaro aeroporti xodimlari ham o`zining bo`shatilishga qarshi ekanligini bayon qilgan edi. Ammo xodimlar bilan o`zaro suhbatlashishimiz asnosida sobiq rahbarning iddolaridan haqiqat topa olmadik. Uning e`tirozlarini cho`kayotgan odamning xasga tirmashishiga o`xshatdik, xolos.
Sh.OTABOEV, jurnalist
Manba: O`zA