Bugun aslida ko`p ham amal qilinmaydigan, lekin har yili bayram qilinadigan va mana shu bayramdagina varaqlanib, boblari ko`rib chiqiladigan, anjumanlarda maqtaladigan Konstitusiyamiz qabul qilinganiga 30 yil to`ldi.
Nima bo`lganda ham Konstitusiya-inson huquqlarining kafolati. Qachonki undagi huquqlaridan fuqarolar foydalanishini bilgandagina amal qilina boshlanadi.
Xo`sh, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari o`zlarining konstitusiyada belgilab qo`yilgan huquqlarini biladimi?
Bu borada Rost24.uz sayti jamoatchilik fikrini o`rgandi. Aholi vakillariga «Konstitusiyadagi qaysi huquqlaringizni bilasiz» deya savol berildi. Ular esa:
- qonunlar ko`p;
- faqat bilim olish huquqini bilaman;
- hozir eslay olmayman;
- saylash va saylanish huquqi;
- daxlsizlik huquqini bilaman kabi javoblarni berishdi.
Afsuski, so`rovnoma davomida aholining ko`pchiligiga ushbu savolni berganimizda sukut saqlab qolishdi.
Shuningdek, konstitusiyaga kiritilgan o`zgarishlar haqida ham aholi vakillarida tushunchalar kam. Faqat, 1-modda, 90-moddadagi o`zgarishlar haqida fikrlar bildirildi. Lekin o`zgarishlar haqida umuman bilmaydiganlar ko`pchilikni tashkil qilyapti.
Eslatib o`tamiz, loyiha o`zgarayotgan Konstitusiya loyihasi Meningkonstitutsiyam.uz saytida pdf formatda e`lon qilingan.
Avvalroq Qonunchilik palatasi spikeri o`rinbosari Alisher Qodirov Konstitusiyaga kiritilayotgan o`zgarishlar haqida ma`lumot bergan edi. «Konstitusiyaning 76 ta moddasiga o`zgartish va qo`shimchalar bilan birga, 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritilmoqda. Loyihada fuqarolar tomonidan taqdim qilingan 160 mingga yaqin takliflardan ham keng foydalanilgan, – deb yozgandi deputat.