Qibray shahri ichki ishlar boshqarmasi tomonidan maktab direktoriga bloger postlaridan muhofaza qilish uchun himoya orderi berilgan. Odatda himoya orderi zo`ravonlik, tazyiq sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslardan himoyalanish uchun beriladi. IIB xodimlari ijtimoiy tarmoqdagi postni zo`ravonlik yoki tazyiq deb baholashi qonunchilikka qanchalar mos?
Bloger Ravshan Maxmudovning izohlashicha, u hashar sifatida belgilanmagan kunda bolalarning maktabga tozalash ishlari uchun jalb etilganini tanqid qilib post qoldirgan. Yozning so`nggi kunlarida bloger issiqda bolalar maktab tashqarisini tozalash uchun jalb etilganini tanqid ostiga olgan. U maktab tozaligiga javob beruvchi xodimlar bo`lishiga qaramay bolalar mehnatidan foydalanilayotganidan taajjubda ekanligini yozgan. Hamda bu ishlar bola huquqlari borasidagi konvensiyaga zid emasmi, degan savolni o`rtaga tashlagan. Bloger voqea qaysi maktabda ro`y berganini hamda maktab direktori nomini o`z postida ochiqlamagan.
Ushbu post ostida kuzatuvchilar maktab bolalarini tozalash ishlariga jalb etish qanchalik to`g`ri yoki xato ish ekanligini muhokama qilganlar. Muhokamalar orasida yuqori sinf o`quvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida ularni landshaft, dizayn ishlariga jalb etish bo`yicha maxsus yo`riqnoma ham e`lon qilingani ham qayd etilgan.
Shunga qaramay mazkur maktab direktoriga Ravshan Maxmudovning postlaridan himoyalanish uchun himoya orderi berilgan. Order Qibray shahar, IIB bo`limi tomonidan qayd etilgan.
Blogerning so`zlariga ko`ra u maktabdagi muammolarni tez- tez tanqid qilib turadi.
Ma`lumot uchun: Himoya orderi muvofiq seriya va raqamga ega bo`lgan, qat`iy hisobi yuritiladigan, faqatgina tazyiq va zo`ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslarga nisbatan belgilangan cheklovlarni qayd etish bo`yicha hujjat hisoblanadi.
Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan beriladi.
Himoya orderini berish tartibi shundan iboratki, xabar berilganidan so`ng profilaktika inspektori voqea joyiga zudlik bilan borib, hujjatlarni rasmiylashtiradi va [jabrlanuvchiga] himoya orderini beradi.
Himoya orderi 1 oy muddatga beriladi. Shu muddat ichida nizoni hal etish imkoni bo`lmasa yoki o`sha holat yana davom etadigan bo`lsa, murojaatga asosan yana 1 oy muddatga uzaytiriladi.