TANIShTIRUV: Bosh vazir va 7 o`rinbosar - Hukumatni kimlar boshqaryapti?

02.12.2022 08:39

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi – Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi hisoblanadi.
2019-yilda Samarqanddagi yigʻilish vaqtida prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasi tarkibida qisqartirishlar boʻlishi, departamentlar butunlay tugatilishi haqida gapirgan.

“Vazirlar Mahkamasini 50 foizga qisqartiramiz. Bosh vazir oʻrinbosarlarining yarmi, departament boshliqlarining hammasi ketadi. Byurokratiya ishlashga toʻsiq boʻlyapti. Kim nima bilan bandligini bilaman. Vazir xalqqa hisobot beradigan qilamiz. Sessiyalarda hokim boshliq boʻlmaydi, hokim deputat ham boʻlmaydi. Bu notoʻgʻri siyosat”, degan oʻshanda davlatimiz rahbari.

Oʻsha vaqtda ham Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning 7 nafar oʻrinbosari bor edi, hozir ham shuncha oʻrinbosarlar faoliyat olib boradi. Hozirda Bosh vazir oʻrinbosarlarining faqat ikki nafari (Ramatov, Gʻaniyev) Vazirlar mahkamasini oʻzida faoliyat olib boradi vazir yo qoʻmita raisi sifatida emas.

Bosh vazir va uning 7 nafar oʻrinbosari
 

Oʻzbekiston Bosh vaziri Aripov Abdulla Nigʻmatovich

Abdulla Aripov Oʻzbekistonning YEOIIga aʻzo boʻlishi ehtimoli yuzasidan  fikr bildirdi 13-02-2022, 14:40 - Zamin.uz

Abdulla Aripov 2016-yilda parlament vakillarining toʻliq ovozi bilan Oʻzbekiston Bosh vaziri boʻlgan. U oddiy muhandislikdan hukumat tepasigacha koʻtarilgan aloqachi muhandisdir. Aripov 1992-yilda aloqa vazirligida Bosh mutaxassislikdan 10 yil ichida Bosh vazir oʻrinbosari lavozimigacha koʻtarilgan. Ammo, 2012-yildagi Gulnora Karimova bilan bogʻliq muammolar uni hukumatdan uzoqlashtirgan. Sh.Mirziyoyevning hukumat tepasiga kelishi bilan u yana amaldorlikka qaytdi. 

***

                               

 Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Ramatov Ochilboy Jumaniyozovich

Baʼzi tor doiralarda uni “temir odam” deyishadi. Bu uning temiryoʻldagi faoliyati bilan bogʻliqmi yoki muammolarni chetlab oʻtish irodasigami bizga qorongʻu. Vazirlar mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalari kotibiyati,Respublika boʻysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻlimi va Ekologik nazorat boʻlimi bevosita Ramatov nazoratida faoliyat olib boradi. 

Ochilboy Ramatov 1962-yil Xorazm viloyatida tavallud topgan. 2016-yilda Oʻzbekiston bosh vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.

2002-yildan buyon hukumatda yuqori lavozimlarida ishlab keladi. U 17 yil davomida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi boshqaruv raisi, keyin transport vaziri boʻldi. Bu lavozimlari bilan bir vaqtda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi prezidenti, qolaversa, senator sifatida ham ishlagan. Shuningdek, Oʻzbekiston boks federatsiyasi prezidenti sifatida ham faoliyat yuritadi.

Shu yil 60 ga toʻlishi munosabati bilan oʻzining beshinchi davlat mukofotini - “Mehnat shuhrati” ordenini qoʻlga kiritdi. 

***

 

 

https://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/4/42/Jamshid_Kuchkarov.jpg/415px-Jamshid_Kuchkarov.jpg

 

                                      Bosh vazir oʻrinbosari Qoʻchqorov Jamshid Anvarovich

 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri

Vazirlar mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati bevosita unga boʻysunadi.

Jamshid Qoʻchqorov 1962-yili Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan. Toshkent iqtisodiyot universiteti va AQSHning Kolorado universiteti bitiruvchisi. Mehnat faoliyatini 1985-yilda boshlagan. Rahbarlik lavozimlariga 1996-yildan boshlab tayinlangan. Shundan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining oʻrinbosari, Moliya vazirining oʻrinbosari , Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari vazifalarini bajarib kelgan.

2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosari, moliya vaziri boʻldi.
2020-yilda iqtisodiyot va sanoat vaziri etib tayinlandi, shu yilni oʻzida bu vazirlik Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish vazirligiga aylantirilgan edi.

***

                       

GʻANIYEV Shuxrat Madaminovich

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari. Unga Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati boʻysunadi.

Gʻaniyev 1968-yil Margʻilonda tugʻilgan. Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini 1992-yilda bitirgan boʻlsada, keyinroq qayta oliy maʼlumot olish uchun tahsil olgan va 2005-yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan.

Ish faoliyatni 1986-yilda Fargʻona viloyati isteʼmolchilar birlashmasi Margʻilon bazasining yetakchi mutaxassisi vazifasidan boshlagan. Viloyat boʻlimlarida rahbarlikdan tortib „Agrokimyotaʼminot» aksiyadorlik birlashmasi boshqaruvi raisi lavozimlarigacha koʻtarilgan, 2001—2002-yillar „Qishloqxoʻjalikkimyo» aksiyadorlik birlashmasi boshqaruvi raisi, 2002—2004-yillar Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan. Ayni shu yillar uning Kimyo texnologiyalari universitetidagi talabalik yillarida toʻgʻri keladi. 2004—2007-yillar „Oʻzkimyosanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining oʻrinbosari sifatida ishlab yana Fargʻonaga qaytadi. 2008-yildan Fargʻona viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari, Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, 2012—2020-yillarda esa Fargʻona viloyati hokimi, Oliy Majlisi Senatining aʼzosi sifatida faoliyat olib bordi. Ayni hokimlik vaqtida jurnalistlar tomonidan eng koʻp tanqid qilinadigan viloyat rahbarlaridan biri edi. 2020-yildan yaʼni Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari, agrar va oziq-ovqat masalalari boʻyicha kompleks rahbari vazifasida ishlab kelayotgandan buyon u haqida OAV da deyarli xabarlar berilayotgani yoʻq.

***

                                      

                                     Xodjayev Jamshid Abduhakimovich

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri

Uning chekiga Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari hamda Mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalari masalalari kotibiyatlari tushgan.

Bu lavozimda unga qadar prezident Administratsiyasi rahbari etib tayinlangan Sardor Umurzakov faoliyat olib borgan.

Jamshid Xodjayev 1979-yilda Fargʻonada tugʻilgan. Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti (2000) va sobiq “Umid” jamgʻarmasi granti asosida Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetini tamomlagan. Bank tizimida 2000-yildan buyon ishlagan, xususan, Oʻzbekiston Markaziy banki tuzilmasidagi 14 yillik mehnat faoliyatining 8 yili davomida rahbarlik lavozimida ishlagan.

2017-yilning oʻzida uch marotaba lavozimi oʻzgargan. Yil boshida Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab, shu yil avgustida Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari, noyabrdan esa tashqi savdo vaziri boʻldi. 2019-yil yanvar oyidan qishloq xoʻjaligi vaziri etib tayinlangan va 2022-yilgacha ushbu lavozimda faoliyat olib bordi.

***

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi ham mavjud. Lekin. Hozirda bu lavozim vakant. Unga Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyati, Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati va Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti boʻysunadi.

***

 

Bosh vazir oʻrinbosari Abduhakimov Aziz Abduqaxorivich

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vaziri
 

Turizm, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi unga boʻysunadi. Abduhakimov 2022-yildan buyon ushbu lavozimni egallab keladi.

U 1974-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha bitirgan. Magistraturani esa Yaponiyaning Xitotsubasi universitetida tamomlagan. Aziz Abduhakimov mehnat faoliyatini 1993-yilda Ipak yoʻli bankida turli lavozimlarda boshlagan. Keyin Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bosh mutaxassisi, Berliner Bank AG Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari, Oʻzsanoatqurilishbank boshqarma boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2004-yillardan buyon hukumatda - Vazirlar Mahkamasi departamentida boʻlim mudiri, Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi, Monopoliyaga qarshi kurash davlat qoʻmitasi raisi,  Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi, Bosh vazirining oʻrinbosari — taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari majmuasi rahbari, Turizm va sport vaziri kabi lavozimlarni egallab kelgan. Bir vaqtning oʻzida bir nechta lavozimlarda ishlagani sababmi uni ijtimoiy tarmoqlarda “Supermen” ham deyishadi.

***

                 

https://www.gazeta.uz/media/img/2020/03/CMhsw115833290865332_b.jpg

 

MAXKAMOVA Zulayxo Baxriddinovna

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari -  Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi

Oila va xotin-qizlar masalalari kotibiyati unga bevosita boʻysunadi.

1968-yil Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Namangan Davlat Pedagogika Institutini, Prezident huzuridagi Davlat va Jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1989-yilda maktab oʻqituvchisi sifatida boshlagan va xalq taʼlimi sohasida turli lavozimlarda mehnat qilgan. Davlat boshqaruvidagi faoliyati 1998-yilda boshlangan, shu yili u Yangiqoʻrgʻon tumani hokimining oʻrinbosari etib tayinlanadi va keyinchalik xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Yangiqoʻrgʻon tumani fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish markazi direktori kabi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. Turli yillarda Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi, viloyat hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimlarida ishlagan. 2018-yilda esa Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari boʻldi va 2020-yildan Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi vazifasiga oʻtgan. U Oʻzbekistondagi beshinchi ayol hokim sanaladi.

2022-yil 1-martdan Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi sifatida ishlab kelmoqda. Bu qoʻmita faoliyati ijtimoiy tarmoqlar faollari tomonidan tanqid qilib kelinmoqda va soʻnggi marotaba bu tashkilotning jurnalistlarga ochiq emasligi muhokamalarga sabab boʻldi.

***

 

MIRZAMAXMUDOV Jurabek Tursunpulatovich

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari - Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri

Yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatini u muvofiqlashtiradi.

Joʻrabek Mirzamahmudov 1979-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan. 2001-yil AQSHdagi Alabama universitetini, 2005-yil Toshkent kimyo-texnologiyalar institutini tamomlagan. Eʼtiborli jihati yana bir oʻrinbosar Shuxrat Gʻaniyev ham ayni shu yilda shu universitetni bitirgan.

2006-2012-yillarda “Oʻzbekneftgaz”da turli lavozimlarda ishlagan, keyin iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari, “Oʻzkimyosanoat” raisi oʻrinbosari, Vazirlar mahkamasida departament mudiri lavozimlarida ishlagan. Soʻngra Vazirlar mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi bosh direktori, 2019-yildan “Oʻzatom” agentligi bosh direktori boʻlgan. Shu yili energetika vaziri oʻrinbosari, 2020-yil yanvarida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan va bosh vazir oʻrinbosari, energetika vaziri boʻlgunga qadar shu yerda faoliyat olib borgan.
 

Vazirlar mahkamasining tarkibi, vakolati va vazifalari Prezident Administratsiyasi faoliyatidan qanchalik farq qiladi? Administratsiya “kengay”gani sari uning vazifasi vazirlar mahkamasi faoliyatini takrorlab qolmayaptimi? Navbatdagi maqolamiz shu haqida boʻladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
22
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар