Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov doim ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklarni kuzatib boradi. Uning iste`fosi talab qilinib yakka tartibda namoyish o`tkazilganidan yaxshi xabari bor. Bu haqida axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida o`tgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Bugun, «IIV tizimida kadrlar siyosati, ma`naviy-ma`rifiy ishlar va ularning natijadorligi, xodimlarning ijtimoiy himoyasi borasida shaffoflikni ta`minlanishi masalalari» mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi. Anjumanda jurnalistlar ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov uning iste`fosini so`rab jurnalist Shokir Sharipov yakka tartibda namoyish o`tkazganidan qanchalik xabardor ekani bilan qiziqdi. Shuningdek, uning bu namoyishga nisbatan munosabati ham so`raldi.
IIB matbuot kotibi Shohruh G`iyosovning aytishicha, Po`lat Bobojonov doimiy tarzda ijtimoiy tarmoqlarni va ommaviy axborot vositalarini kuzatib boradi. Vazir bu namoyish haqida xabar topgach, matbuot kotibi G`iyosovga «Gaplash u nima istaydi?», deb aytgan. Vaholanki, namoyishda Shokir Sharipov vazirning iste`fosini bir fuqaro sifatida talab qilayotgani va buning sabablarini ochiq izohlab bergan edi.
Shokir Sharipov BBS muxbiriga bergan intervyusida tizimdagi o`limlar sabab, vazirning kechirim so`ramasligini «yomon signal», deya izohlagan. «Normal amaldor tizimda bo`layotgan dahshatli o`lim voqealaridan keyin o`zi omma oldida uzr so`rab, lavozimidan ketishi kerak. U tizimdan ketmayaptimi, demak, butun jamiyat kasal bo`lgan. Fuqarolarning IIB binolarida o`layotgani vazirni bezovta qilmayotgani bu — juda yomon signal. Bu signal tagida uzun zanjir yotibdi», degan namoyishga chiqqan Shokir Sharipov.
2020 yil iyun oyida Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbaev ham ichki ishlar tizimidagi muammolarni vazir iste`fosiga talab borligi bilan izohlagandi.
«Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo bo`lib o`tgan holatlar ularning iste`fo vaqti etib kelganini ko`rasatayapti», degan edi Rasul Kusherbaev.