“Davlat soliq xizmati organlari faoliyati endi yanada shaffof”, deya rasmiy ravishda ma`lum qildi bugun Soliq qo`mitasining amaldagi raisi Sherzod Kudbiev.
Qo`mita raisining ma`lumot berishicha, "Raqamli iqtisodiyotga o`tar ekanmiz, demak har bir jarayon bo`yicha raqamlarda ifodalangan ko`rsatkichlarni ochiq e`lon qilishimiz zarur.
So`nggi paytlarda soliq organlari soliq ma`murchiligini raqamlashtirish bo`yicha katta yo`lni bosib o`tdi va bu borada hali ko`p ishlarni qilishimiz lozim. Shu bilan birga, bugungi kunda soliq organlari jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga olingan ma`lumotlarni ochiq e`lon qilishga tayyor.
Shu munosabat bilan, Davlat soliq qo`mitasi soliq organlari faoliyatiga doir ko`rsatkichlar bo`yicha axborotlarni muntazam e`lon qilib borish amaliyotini yo`lga qo`ymoqda".
Shuningdek, Sh.Kudbiev bayonotida bu ma`lumotlar har oyda davriy ravishda e`lon qilib borilishi va jamoatchilikka soliq ma`murchiligining strukturasi va dinamikasini ko`rish, ularning ijobiy va salbiy tendensiyalarini kuzatib borish imkonini berishi aytildi:
"…soliq ma`murchiligiga oid ko`rsatkichlar nafaqat soliq organlari, balki butun jamoatchilik uchun qiziqarli va foydali ma`lumotlar hisoblanadi.
Joriy yilning 1 dekabridan e`tiboran har kuni e`lon qilinadigan axborotlarni kuzatib borishingizni va birinchilardan bo`lib soliq ma`murchiligiga doir yangiliklardan xabardor bo`lishingizni tavsiya qilamiz", deyiladi Soliq qo`mitasi raisi bayonotida.