«Respublika bo`ylab maktab, poliklinika va maktabgacha ta`lim muassasalarini qurilishi uchun mablag` bor ammo, jihozlash uchun pul yo`q. Ijtimoiy ob`ektlar qurib bitkazilgach, jihozlanmaganligi va vaqtida buning uchun mablag` ajratilmagani uchun yillab bo`m-bo`sh faoliyatsiz qolib ketmoqda», deydi Xalq deputatlari Surxondaryo kengashi kotibiyati mudiri Saydulla Abduraimov.
«Yuksalish» umummilliy harakatining 29 noyabrda o`tgan navbatdagi yig`ilishida deputat Saydulla Abduraimov aholi uchun zarur, ammo jihozlanmagani uchun bo`sh qolayotgan maktab va poliklinikalar muammosini ko`tardi. Deputatning so`zlariga ko`ra, ijtimoiy ob`ektlarning qurilishi uchun mablag` ajratiladiyu, biroq uni ichini jihozlash uchun vaqtida pul berilmagani sabab binolar ancha vaqtgacha qarovsiz va bo`sh qolib ketadi. Hozirda, Respublika bo`ylab deyarli barcha viloyatlarda ana shunday bo`sh va yangi ijtimoiy ob`ektlar bor. Saydulla Abduraimov bu Yuksalish umummilliy harakati tarkibidagi mustaqil monitoring guruhining xulosalari ekanligini aytmoqda.
«3 milliard so`mga bino quriladi. Shu mablag`ning 10 foizini tashkil etuvchi jihozlar uchun 300 million so`m ajratilmagani sabab, 3 mlrd.so`mlik bino uzoq vaqt davomida bekor yotadi. O`z o`rnida sarflangan 3 mlrd. mablag` ham «aylanmay» qolib ketadi. Bu kabi misollar esa viloyatlarda ko`plab topiladi», deydi deputat.
Eslatib o`tamiz, 2022 yil boshida qabul qilingan «2022−2024 yillarda O`zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi [98-son] Prezident qarorida bu yilning o`zida ijtimoiy sohalarga 5,9 trln so`m ajratilishi belgilangan edi.