«Snos»ga tushgan, biroq uy-joyini quruvchilarga tashlab, ko`chib ketishni istamagan aholi uylarida to`satdan yong`in chiqdi

29.11.2022 16:10

G`AROYIB YoNG`IN: Hozirda yong`in bo`lgan uylar yashashga yaroqsiz bo`lib, ushbu uylarda istiqomat qiluvchilar hali qo`shnilarnikida, hali kvartirada sarson qolmoqda…

Yunusobodda “Snos”ga tushgan uylarda yong`in sodir bo`ldi. O`t ichida qolgan uy egalari investorlar bilan kelisholmay yurgan. To`satdan chiqqan yong`in aynan investorga sotilgan va hozirda bo`sh bo`lgan uylarning birida sodir bo`lgan.

Yong`in tez orada investor bilan kelisholmayotgan aholi uylariga o`tib ketgan. Yunusobod tumani, Chinobod-8 tor ko`chadagi egasi ko`chib ketganiga ikki yil bo`lgan 20-uydan 8 noyabr kuni 15:04 da yong`in chiqadi, ammo o`t o`chirish ekipajilari atrofdagi qurilish ishlari sabab yong`in bo`layotgan hududga kirib kelishga qiynalgan.

Ayni paytda yong`in sabablari ma`lum emas, bu bo`yicha sud-ekspertiza ishlari amalga oshirilmoqda. Mas`ullarning aytishicha, mahallada ko`chishni istamagan 60 ta xonadon qolgan bo`lib, atrofdagi buzish ishlari ularning uylariga ham ta`sirini o`tkazgan.

Bir vaqtlar Prezident barcha mulkdorni rozi qilgan holda ko`chirmaguncha, buzish ishlarini boshlamaslik kerakligini aytgan edi. Hozirda yong`in bo`lgan uylar yashashga yaroqsiz bo`lib, ushbu uylarda istiqomat qiluvchilar hali qo`shnilarnikida, hali kvartirada sarson qolmoqda. Aholi aynan investorlarning qurilish ishlari sababli o`t o`chiruvchilar vaqtida etib kela olmaganini aytmoqda. Yong`in bo`lganiga bir necha hafta bo`ldi, ammo hech kim ularning holidan xabar olmagan, aholining o`zi Yunusobod tuman hokimligi, qurilish boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilib, eshiklar oldida sarson sargardon. 

Toshkent shahar hokimligida ayni paytda qabul bo`lmayapti, murojaatingiz bo`lsa qoldirib keting bir hafta ichida o`rganib chiqiladi, deb qaytarib yuborishgan. “Yunusobod business city” mas`ullari tomonidan 7 ta xonadonga 17 ta variant ko`rsatilgan, ammo ular shahar markazidan uzoqda bo`lgani va uylarning holati aholini qoniqtirmagani sabab rad etilavergan. 

Hozircha, yong`inning kelib chiqishi bo`yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi xulosalarni taqdim etmadi. O`rganishlar davom etmoqda. Toshkent hokimligi ayni damda qabullar yo`qligini aytmoqda. O`z o`rnida saytimiz so`rovini ham ochiq qoldirgan. Aholi huquqlari paymol etilganini aytgan holda ko`chada qolib kelmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
12
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар