Bugun media olamida Jahongir Ortiqxo`jaev va Hind investori Murali Lal Jalanning shubhali kelishuvi va bu kelishuvning shubhali tarzda buzilayotgani borasidagi munozaralarga to`ldi. Kimdir investorning yonini olsa, yana kimdir Ortiqxo`jaevga qarshi buyurtma deb talqin etmoqda bu jarayonlarni. Siz bilan biz esa bu manipulyasiyalar ta`siridamiz xolos. Bahonada ayrim qing`irliklardan ham xabar topayapmiz.
Avvalroq Rost24 tomonidan axborot maydoni shunchaki manfaatlar kurashi uchun maydonga aylanib qolgani haqida maqola berilgan edi. Bugungi jarayonlar esa bunga bir misol xolos. Keling holatga biroz to`xtalib o`tamiz. Kun.uz da bergan intervyusida Hindistonlik investor «Jahongir Ortiqxo`jaev 100 mln dollar berasan yoki Lake City loyihasidan voz kechasan dedi» deya iddao qilgan va o`zi haqidagi gumonlarga ham javob berib o`tgan va o`zining bir nechta davlatda jinoyat sodir etib, qidiruvga berilganini rad etgan. Xalqaro korrupsiyalarga aralashgan aka-uka Guptalarga aloqadorligini ham inkor etib, yaqin qarindosh emasligi va faqat qandaydir quda-andachiligi borligi aytib o`tadi. Biz sharqda, xususan o`zimizda kelin yo kuyovlik maqomi, umuman quda-andachilikni «mingyilchilik» ekanligini yaxshi bilamiz to`g`ri emasmi?
Bitim tarixi haqida qisqacha
2018 yilning 28 sentyabr kuni “MJ Developers” O`zbekiston hukumati bilan 100 million dollarlik sarmoya shartnomasini imzolab, o`zining 4 ta yirik loyihasiga sarmoya kiritishni boshlagan. Dastlab Buxoroda 5 yulduzli mehmonxona qurilishi, keyinroq Namanganda “Namangan Square”, Toshkentda “Minerva city” aqlli shaharchalari hamda Bektemir tumanida “Lake City” sun`iy ko`li qurilishi boshlangan. Ikki loyiha, ya`ni Buxoro va Namangandagi ishlar davom etmoqda,. Achinarlisi To`rtinchi loyiha sababli Toshkent chekkasidagi «Rohat»ko`li quritildi va xalqimiz o`zining yozda dam olishi mumkin bo`lgan salqin joylaridan birida dam olish huquqidan mahrum bo`ldi, qurilish boshlanganu, tugashidan darak yo`q. Mana bu suratlarda siz bilan biz nimani yo`qotganimizni ko`rishingiz mumkin:
“Olamshumul” Minevra
Toshkentning Yangihayot tumanida 100 gektar hududda shoping va biznes markazlari, mehmonxonalar, turar joylar va yana qator binolardan iborat “Minerva city” nomli aqlli shaharcha qurilishi 2020 yilda Bosh vazirimiz Aripov va Toshkent hokimi Ortiqxo`jaev ishtirokida start oldi. O`shanda hokim loyiha barcha uchun olamshumul bo`lishi, bu jarayonda sarmoyadorlarga har taraflama yordam berilishi va ularga imkoniyatlar ochib berilishini aytgandi.
Qo`l siqishlar, hashamdor ochilish marosimlari, reklamalar, OAVga investisiyalar jalb qilinayotgani haqidagi intervyular... Xullas biz ularga ishondik va odamlar bu uylardan sotib ola boshlashdi. Investorning ma`lumotiga qaraganda xalqdan tushgan pul summasi salkam 5million dollarni tashkil etadi. Aynan shu pullarni sarflaganlar ijtimoiy tarmoqlarda bong urishmaganida balki investor ham muammo haqida oshkora gapirmasdi va ishlar yopdi –yopdi bo`lib ketarmidi. O`rtada 200 dan ortiq odamlar bu «shubhali»shartnoma sababli o`z pullaridan ayrilishdi.
Investordan kun.uz jurnalisti ularning taqdiri haqida ham so`ragan va bu savolga javob berar ekan, hindistonlik investor 3 oy muddatda ularga mablag`larini qaytarish bo`yicha kelishuv qilishgani va pullarni qaytarishini aytib o`tgan. Xaridorlar yana kutishda davom etishadi shekilli.
Jamoatchilik nima demoqda?
Ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar xilma xil. Ular asosan ikki tarafda Ortiqxo`jaevni haq deb bilganlar va uning avvalgi ishlardagi shubhali shartnomalarini misol tarzida keltirib, unga ishonch bildirmayotganlar. Ayrim izohlarni keltirib o`tamiz:
Kamoliddin Rabbimov, siyosatchi:
Men bu ishdan xabardorman, hind investori masalani bir tomonlama gapirayapti. O`sha investor, kontraktga ko`ra, juda katta erlar olib, investisiya kiritish majburiyatini olgan. Bu ishni birinchi yilni o`zida qilishi kerak edi. Lekin, erni olgach, davlatdan yana qo`shimcha yordam va preferensiyalar so`ragan. Keyin, hokim erni qaytarishni shart qilib qo`ygan.
Sayyora Xo`jaeva, Huquqshunos:
Men hayron xam bo`lmadim! Uch yil oldin Bishkek shahrida London universiteti kriminologiya professori Kristian Laslettdan, Jaxongir Ortiqxodjaev xaqidagi ma`lumotlarni, xususan, uning qaysi ofshorda, qancha pullari borligini eshitganimda, hayronlar qolgandim, nahotki hech kimning xabari yo`q deb! Oxiri voy ekanligini xam, hamma tushunib etgan. Ammo, nahotki, O`zbekistoning poytaxtini- Toshkentdek shahri azimni, shunday bir qo`zi ochga berib, butun dunyoga sharmanda bo`lishimizni, hech kim o`ylamagan? Huquq tartibot idoralari nima deyishar ekan, bunday noqonuniy xatti - harakatlarga? Ulardan bironta javob , huquqiy baho berishlarini kutib qolamiz!!!!!
Poraxo`r.uz akkaunti egasi:
Nimamush, Guptalar boshqa davlatlarda qidiruvdagi firibgar emish. Xo`p shu firibgarni kim olib kirdi O`zbekistonga?Depozitga so`raganmush. Oldindan so`ramadilarmi puli bormi yo`qligini, dunyo banklaridan kafolatlar olib kelmagan ekanmi?Borib bizning banklardan kredit so`ranglarchi, ham garov oladi, ham kafolat xatlari oladi.Buni oddiy xalq tushunmaydi, lekin har bir tadbirkor biladi.
Gap necha yuz million dollarlik loyihalar haqida ketyapti. Buni, o`zimizdan kimningdir roziligi bilan bo`lgan holat deb bilaman tamom-vassalom! Kim bo`lishidan qat`iy nazar, davlatimizga investor kelganda, birinchi navbatda undan moliyaviy sharoitining isboti va dunyoning birorta obro`li bankidan kafolatlar so`ralishi lozimmi? Agar shu Guptalar firibgar bo`lsa ham, demak, shu firibgarni olib kirgani uchun javobini berishi shart!
Obidjon Latipov, jamoat faoli:
- Menimcha bu erda muammo bizga ko`rsatilayotgan qismda emas, ko`rsatilmagan qismida.
Ya`ni vaziyat mana shunday katta investisiya loyihalarining qanday shartlar asosida kelishuvga erishilganligini jamoatchilikka ochiq e`lon qilish naqadar muhim ekanligini ko`rsatmoqda.
Kelishuv shartlari jamoatchilik uchun ochiq emasligi, yulduzni benarvon uradiganlarga ommani o`zi xohlagan usulda manipulyasiya qilishiga imkon beryapti.
Nima bo`lgan taqdirda ham, shaxsiy adovat yoki g`araz sabab xolislikni unutib qo`ymaylik. Keltirilgan xabarni tasdiqlamay turib tarqatib yurishdan qaytarilganmiz.
Inobat Ahatova, jurnalist
Shaxsiy hisob raqamiga emas, bankka depozit qo`yish va shu pulga citi qurish talabini qo`ygan deyapti. Infoni sal tahlil bilan qabul qilaylik, hissiyotga berilmay. Keyin infoni tarqalish manbalari, ularning rahnamolari o`yinlariga ham birinchi marta duch kelmayapmizku.
Hokim oppoq demoqchimasman, aslo. Lekin ikkinchi tomonni ham eshitish kerak. Agar hindlarga pulni depozit sifatida bankka qo`yish talabi qo`yilgan bo`lsa bu mantiqan to`g`ri talab. Yana bir gap o`tgan safargi obdon montaj qilib tarqatilgan audio voqeasini ham unutmaylik. O`zlari kelishib olishadi bu safar ham, jamoatchilikka bo`ldi aralashmanglar deb ham qo`yishadi. Faqat qanchaga kelishilgani sir bo`lganicha qolaveradi.
Nashrdagi kuchli jurnalistlarga hurmatim baland. Bu safargi infohujum ham rahbariyatining kir o`yinlarilaridan biri bo`lishi mumkin. Mening qisqa xulosam ikki tomon ham oppoq emas. Katta to`dalar o`rtasidagi jang bu. Xalq bundan hech narsa yutmaydi. Bizning vaziyatda cho`ntak o`zgaradi, o`rniga qorni yanayam ochrog`i keladi, xolos.
Qo`rqinchli zamonda yashayapmiz. Media qurolga aylanyapti. Afsuski, uni qurol qilganlarning hech birisining maqsadi vatanni obod qilish, xalqni o`ylash emas. Ko`proq talash, boyliklarni chetga tashish, xalqni oxirgi tiyinigacha tortib olish.
Toshkent hokimiyati «oppoq»mi?
Murali Lal Jalanning intervyusidan so`ng hokimiyatning munosabati chiqdi. Hokimlik investorning so`zlarini davlat xizmatchisini obro`sizlantirish deb hisoblashi va Bosh prokuraturaga murojaat qilinishini ma`lum qilgan.
Haqiqatdan ham tuhmat bo`lsa, yopiq emas ochiq ma`lumotlarni bizga taqdim eting. Hammasini tushuntiring va jamoatchilik o`z xulosalarini bersin. Xalqimizni istalgan investor aldab ketaverar ekanda? Bizda investorlarni to`lov qobiliyati, ishonchliligi va halolligini baholaydigan tizim yo`qmi? Biz taqdirimizni ishongan amaldorlar faqat oldi sotdi emas, boshqa iqtisodiy bilimlarga ham ega bo`lgan mutaxassislarni jalb qila olishmaydimi? Yoki investorlar faqat xorijda arzimas pul bilan korxona ochgan ismi sharifi esa o`zbekcha, o`zimizning «qorako`zlar»bo`lishi kerakmi? Investorlar bilan ishlashning shaffof tizimi bo`lmas ekan yangi, haqiqiy daromadli korxonalar va yangi ish o`rinlari haqida faqat qog`ozlarda qoladigan hisobotlarnigina o`qib yuraveramiz. Haqiqatda esa yaqin xorijga arzon ishchi kuchi etkazib beradigan mamlakat sifatida qolib ketaveramiz.
Bitim imzolangandan keyin ham oradan salkam 3 yil vaqt o`tdi. Nega dunyo matbuotida shubhali deb maqola chiqarilgan investorga erlarni berib yubordingiz? Nima uchun aynan endi ishlar to`xtatildi? Shu vaqtgacha bilmaganmidingiz janob hokim? Xullas, ochiq savollarimiz ko`p. Bizga aniq javoblar bering!