25 kunda 13 kishi...
Dahshatli statistika. Ularni o`qiyverib, dahshatga tushaverib charchadik. Qo`rqinchli raqamlarni ko`raverib ko`zlarimiz pishib ketdi. Oxir-oqibat nimadir qilish kerak, aks holda O`zbekistonda, xususan qishloqlarda havo sovishini vabo tarqalishi kabi qabul qiladigan avlod shakllanadi. Aslida ham shunday. Havo sovib ulgurar-ulgurmas deyarli har kuni is gazidan, nosoz pechkalardan chiqqan zaharlardan vafot etgan, oila-oila bo`lib qirilib ketayotgan yurtdoshlarimiz haqida xabarlar chiqa boshlaydi.
30 oktyabrdan 25 noyabrgacha 13 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi, bittasi esa gaz chaqnashidan halok bo`ldi. Ularning 4 nafari voyaga etmagan bola, yana 5 nafari 17-21 yoshli o`spirinlar edi.
30 oktyabr. Buxoro. «Shergiron» mahallasida yashovchi fuqaro o`z uyida is gazidan zaharlanib vafot etdi
6 noyabr. Forish tumani «Oybek» MFY, 34 yoshli ona va uning 10 va 5 yoshdagi ikki farzandi
13 noyabr. Xorazm viloyati Urganch shahri. 2001 va 2007 yilda tug`ilgan yigitlar ijarada yashayotgan xonadonlarida is gazidan qurbon bo`lishdi.
15 noyabr. Jizzax viloyati Zarbdor tumani. Buvi va uning ikki nabirasi.
20 noyabr. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 17 yoshli abiturient qiz.
20 noyabr. Namangan viloyati Pop tumanida ikki ayol va bir bola.
24 noyabr. Farg`ona viloyati Buvayda tumani uch kunlik kelin-kuyov is gazidan zaharlanib, vafot etdi.
25 kunda 12 kishi. Va bu hali bizga ma`lum bo`lgani. Hali boshlanishi. Hali qish kelmadi, hali qorlar yog`madi, hali u qadar sovuqlar boshlanmadi!
Hodisalar esa takrorlanaveradi. Roppa-rosa bir yil avval Oqqo`rg`on tumanida 24, 26 yoshli kelin-kuyovlar zaharlanib vafot etgan edi, bu yil ham aynan shu vaqtda Buvayda tumanida 17 va 23 yoshli kelin-kuyov aynan shu tarzda vafot etdi.
2022 yil boshidan 25 yanvargacha bo`lgan muddatda 28 nafar fuqaro is gazidan vafot etgani ma`lum qilingan edi.
2021 yil va 2022 yilning may oyiga qadar O`zbekistonda is gazidan zaharlanish bilan bog`liq 428 ta holat sodir bo`lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan.
Bir yilda 366 nafar fuqaro! Biz urush holatidamizmi?
Endi qolganini eshiting: mazkur davrda prokuratura organlari tomonidan 105 ta tekshirish o`tkazilgan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga 30 dan ortiq taqdimnoma, 25 tadan ziyod ogohlantiruvlar kiritilib, 25 nafar shaxs intizomiy va 4 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
366 nafar fuqaro vafot etgan, 307 nafari jarohatlangan va 4 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortilgan!
Odamlar isinish uchun daraxtlarni kesishadi, tonnasi falon mingdan bo`lgan ko`mir kukunini sotib olishadi, chunki ko`mirning o`zi qimmat. Yoz bo`yi qishloqlardagi ayollar tezak tayyorlashadi, qishda esa uni yoqib, ularning ba`zilari shu tezakdan yoki ko`mir kukunidan chiqqan is gazi oqibatida farzandlarini ham qutqarolmay vafot etishadi. Hukumat esa, ayollarning o`zlari tezak tayyorlashni istayapti, gazda muammo yo`q deb ma`lumot beradi
Mutasaddilar o`limlarni hisoblashdan tashqari biror echim ham o`ylashyaptimi?
Biz xalq sifatida is gazidan, tappidan chiqqan tutunlardan zaharlanib qirilib ketyapmiz, qani echim? Kimdir nimadir qilmoqchimi? Odamlarga tanbeh berish bilan, tappi yoqma, ko`mir yoqma, pechka dudbo`ronini tuzatib qo`y, qo`lbola pechka yoqma deyish bilan nimadir o`zgaradimi? Nima yoqsin, qo`lbola pechka yoqmasdan? DAVLAT MAXSUS TAPPIGA MO`LJALLANGAN DAVLAT STANDARTLARIGA JAVOB BERADIGAN PEChKA ChIQARIB QO`YGANMI? Odamlar qanday isinsin?
Loyiha qani?
Ikki yilcha avval, 2021 yilgi davlat dasturiga asosan, aholi xonadonlarini metan, propan va is gazini barvaqt aniqlaydigan, xabar beradigan va gazni tarmoqdan klapan orqali uzib qo`yadigan gazoanalizatorlar bilan ta`minlashga doir prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. O`sha loyiha qaerdadir qolib ketdi, loyihaga aylandimi, biror joyda sinab ko`rildimi, nima bo`ldi, hech kimning xabari yo`q. Biz qandaydir deyarli hech kim o`qimaydigan saytni yaratish uchun 8 yarim milliardlab pulni ayamaydigan, ammo butun xalqni mushkulini oson qilishi, o`limdan qutqarishi mumkin bo`lgan loyihalarni tezda unutadigan mutasaddilarga ega bo`lgan qora xalqmiz. Aks holda o`tgan yilgi shuncha fojealardan kimdir xulosa chiqargan, bu yil yoz bo`yi buning chorasini jiddiyroq o`ylab ko`rgan bo`lardi.
Bu xalqqa hisobot kerakmi? Tushuntirishlar, majlislar, taqdimnomalar, xatlar kerakmi? Yo`q. Xalqqa haqiqiy echim kerak. Amaliy natija kerak, lipillamaydigan, o`chib qolmaydigan, umuman bor bo`lgan gaz kerak, uyni isita oladigan, ovqat pishiradigan chiroq kerak, buni havodan olasizmi, quyoshdan, o`zingiz va`da qilgan elektr panellaridan olasizmi, xalqqa buning farqi yo`q! Sovuq qotmasa, zaharlanib o`lmasa bas.
Mutasaddilar, iltimos, statistikani, hisobotlarni tinch qo`ying! Amaliy nimadir qiling, xalqni saqlab qoling, nimadir o`ylab toping! Zero, siz shuning uchun o`sha amalga mutasaddi qilinmaganmisiz?
Mavzuga doir:
Muammoni hal etish uchun Davlat dasturi bor, ammo ijrosi yo`q. Odamlar esa halok bo`lmoqda.