Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev kecha, Prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan G`ofurjon Mirzaevni tanqid ostiga oldi. Deputat yangi lavozimga ko`tarilgan Sirdaryoning sobiq hokimi G`ofurjon Mirzaev Sardoba suv ombori talofatidan jabr ko`rgan tadbirkorlarga kompensasiya pullarini to`liq qoplab bermaganini aytmoqda.
«Sirdaryoda Sardoba suv ombori talofatidan jabr ko`rgan tadbirkorlarga kompensasiya pullarini to`liq qoplab bermagan, Prezident Administrasiyasi topshiriqlarini ham bajarmay, tadbirkorlarni norozi qilib kelgan G`ofurjon Mirzaev Prezidentga maslahatchi bo`libdi.
U davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha maslahatchi hisoblanadi.
Ochig`i men hech kutmagandim, «shok»daman», deb yozadi Rasul Kusherbaev.
Deputat davlat maslahatchisi bo`lgan Mirzaevni avvallari ham tanqid qilib kelganini bildirmoqda. «Bu kishini tadbirkor va fuqarolarni norozi qilib kelgani uchun ko`p tanqid qilganman va ularning Prezidentga yaxshi va xolis maslahatchi bo`la olishiga ishonmayman», deydi u.
Kecha yangi lavozimga ko`tarilgan G`ofurjon Mirzaev Sirdaryo viloyatiga hokim bo`lishdan avval ham (2003-2016) O`zbekiston prezidenti apparatida inspektor sifatida ishlagan. 2016 yilda Sirdaryo viloyatiga hokimlikka tayinlangan.