Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov amaldorlarning hashamatga berilishi va axloqsizliklarini tanqid ostiga oldi
Akmal Burxonov «Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida»gi qonunni hamon tushunib etmagan davlat xizmatchilari borligidan yozg`irmoqda. U «8 noyabr kuni uzoq yillardan beri kutilgan «Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida»gi qonun qabul qilindi, joylarda keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilyapti. Lekin, qonunning ahamiyati davlat xizmatchisiga qay darajada etib bordi?!», degan savolni o`rtaga tashlagan.
Shuningdek, Burxonov amaldorlarning odob-axloq masalasida oqsayotganliklarini ham tanqid qilgan.
«Odob-axloq, ochiqlik, davlat xizmati... Ijtimoiy-siyosiy hayotimizda ko`pdan beri muhokama va tanqid qilinayotgan mavzu. Aslida bu so`zlar mohiyatini har bir davlat xizmatchisi, qaysi mansab yoki lavozimni egallashidan qat`iy nazar, tushunishi lozim bo`lgan tushunchalardir.
Biroq, ayrim shaxslarda haligacha davlat xizmati instituti tushunchasi va ushbu doira vakillariga qanday majburiyatlar yuklanganligi to`g`risida tasavvur mavjud emas. Ayniqsa, respublika va mahalliy darajadagi rahbar kadrlar barchamizga, barcha jabhalarda, xususan, o`zi ishlayotgan tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini tashkil etishdan tortib, har bir xodimining faoliyatida o`rnak va namuna bo`lishlari lozim», deb yozadi u.
Burxonovga ko`ra davlat xizmatchilari hamon davlat xaridlarining adolatli va shaffof o`tkazilishi kerakligini anglab etmagan.
«Eng muhimi - ular bu sohadagi siyosiy iroda va amalga oshirilayotgan islohotlar (tashkilotlarda komplaens-nazorat tizimini joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini reyting baholash va davlat idoralari faoliyatining maksimal darajada ochiq bo`lishi, davlat xaridlarining adolatli va shaffof o`tkazilishi va hokazo)ni anglab etishi zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga mas`ul bo`lgan idora hisoblanadi. Lekin, har bir davlat xizmatchisi o`zining faoliyati va obro`si uchun, korrupsiyaviy xavflar uchun, shu jumladan, odob-axloq qoidalariga rioya etishi uchun shaxsan javobgar ekanligini tushunib etishi kerak»
Burxonov amaldorlar orasida urchigan hashamdorlikka berilish «kasal»ini ham tilga olgan.
«Afsuski, bugun biz davlat xizmatchilari tomonidan davlat xizmatiga xos bo`lmagan - g`ayriaxloqiy harakatlar, hashamdorlikka berilish, manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yish kabi holatlarni uchratyapmiz va bu ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning haqli e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.
Joriy yilning 8 noyabr kuni uzoq yillardan beri kutilgan «Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida»gi qonun qabul qilindi, joylarda keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilyapti. Lekin, qonunning ahamiyati davlat xizmatchisiga qay darajada etib bordi?!»
Qator kamchiliklarni tilga olgan Burxonov agentlik tomonidan aniqlangan jinoyat va korrupsion shartnomalar bo`yicha raqamlarni ochiqlagan.
«Birgina shu yilning o`zida Agentlik tomonidan davlat xaridlari sohasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo`yicha mas`ul davlat idoralariga 121 ta taqdimnomalar kiritilib, ulardan 110 tasi qanoatlantirilgan hamda 314,7 mlrd. so`mlik shartnomalar bekor qilingan.
Davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilikni buzgan shaxslarga nisbatan 22 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilgan, 41 nafar shaxslar ma`muriy, 9 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan. 1,625 nafar turli darajadagi davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishiga chek qo`yildi. Agentlik tomonidan ko`rib chiqilgan 373 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarining 242 tasida korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlanib, ularni bartaraf etish bo`yicha takliflar kiritildi», deya ma`lumot beradi A. Burxonov.