O`zbekistonlik taniqli jurnalist Karim Bahrievning siyosiy portretiga chizgilar
(davomi)
Mas`ul kotiblikka tayinlov
Xullas, Karimjon Urgutdan deputatlikka saylandi. Quvonchimizning cheki yo`q edi. So`ng ko`p o`tmay O`zbekiston Xalq deputatlarining birinchi sessiyasi ish boshladi.
Uning nomzodini boshqalar bilan bir qatorda “Millatlararo munosabatlar, til va madaniyat” qo`mitasi mas`ul kotibligiga tavsiya qilishgan ekan.
Lekin Qo`mita raisi Pirimqul Qodirov Karimjonni tasdiqlashni negadir ancha payt paysalga solib kelibdi. Bu o`ringa u boshqa nomzodni ko`zlagani ma`lum bo`lgach, Karimjonga yordam bermoqchi bo`ldim.
Sessiya davom etayotgan kunlarning biri edi. Zalning oxirida tanaffus payti kattalar dam oladigan joy va bufet bor. Oliy Kengash raisi, uning muovinlari va Islom aka o`sha erda engil tamaddi qilib olishardi. U erga ba`zan men ham kirib qolardim.
Qulay payt topib, Karimjonga: “Kattalar dam oladigan xonaning eshigiga yaqinroq borib turing”, dedim.
Karimjon tabiatan juda tortinchoq, kattalarga yaqinlashmaydigan, andishalik yigit edi: “Kerak emas, Ismat aka, tayinlamasa, tayinlamas, Islom aka ham noto`g`ri tushunishlari mumkin” deb istihola qildi.
Lekin men «haqni talab qilish kerak bo`lgan paytda odam andishani ham bir oz unutib, harakat qilishi kerak” degan aqidaga amal qiladigan o`jar yigit edim, ko`nmadim.
O`zim Islom akaning yoniga borib: “Aka, sessiya zo`r bo`lyapti, rahmat sizga!”, – dedim.
U paytlarda Oliy Kengashda muxolifatning vakillari ham bor edi, sessiyalar to`polon bilan o`tardi. Lekin o`sha kuni “to`polonchilar” jim, u kishining kayfiyati yaxshi edi.
– Islom aka, bitta o`rtog`im bor, uni Sizga tanishtirishim kerak, – dedim yana.
Garchi Islom aka shoshilib turgan bo`lsa-da, lekin “yo`q” demadi. Men Karimni imlab chaqirdim. U yugurib oldimizga keldi.
Xuddi kechagidek yodimda: O`shanda Islom Abdug`anievich Karim Bahrievga sinovchan nazar bilan, hech gap aytmay uzoq tikilib turdilar. U kishining o`tkir nigohlariga dosh berolmay Karimjon ham hayajonda er chizib turardi.
Men juda noqulay ahvolda qoldim. Keyin bilsam, Islom aka odamning ko`ziga tik qarab, uning ko`nglida nimalar borligini, o`zi qanday inson ekanligini anglab olish fazilatiga ega zukko inson ekan.
Umuman, u kishining nigohlari juda o`tkir, har qanday odamni ham sarosimaga solib qo`yardi. Karimjon ham xuddi shunday ahvolda qoldi.
– Bu yigit Karim Bahriev bo`ladi, – dedim nihoyat sukunatni buzib. Islom Abdug`anievich jim edi.
– Samarqandning Urgut rayonidan… – mening bu so`zim ham u kishiga zarracha ta`sir qilmadi. O`tkir nigohlari bilan Karimni o`rganishda davom etar, kulimsirab unga qarab turar edilar.
– Juda zo`r jurnalist, yaxshi maqolalar yozadi, – dedim yana.– Yaqinda deputat bo`ldi…
Bundoq razm solsam – Islom aka va Karim bir-birlarini zimdan kuzatishar, o`rganishar, men esa oradagi ung`aysizlikni to`ldirish uchun tinmay “argument”larni qalashtirayotgan edim.
Bu dastlabki uchrashuvdan so`ng ularning yo`llari hali ko`p bor uchrashishi o`shanda hech kimning xayoliga kelmagandi, albatta.
Keyin, Karim Bahriev bir chekkada ishsiz yurgan paytda Islom aka uni AQShga – u erning matbuoti bilan tanishib kelish uchun rasmiy safarga jo`natadi.
“Hurriyat” gazetasi tashkil bo`layotganda gazeta Bosh muharriri nomzodi sifatida taqdim etilgan Xurshid Do`stmuhammad, Yoqubjon Xo`jamberdiev, Shuhrat Jabborov, Ahmad A`zam, Xurshid Davron singari talantli besh jurnalist nomzodini chetga surib, yana shu “janjalkash” Karimni topib keltiradi.
1996-yilning 19-dekabrida Prezident bilan bo`lib o`tgan to`rt soatlik suhbatdan so`ng Karim Bahriev Mustaqil O`zbekistonning birinchi mustaqil gazetasi “Hurriyat”ning Bosh muharriri bo`lib, yangi gazetani tashkil etadi. Bularning bari keyin bo`ladi.
Hozircha esa men Islom aka bilan Karimjonni o`zaro tanishtirayotgan edim, ular bir-birlariga termulib, bir-birlarini o`rganib, meni tinglashmoqda edi…
Atrofda Oliy Kengash Prezidiumi rahbarlari sessiya ishini boshlash uchun Islom akaning bo`shashini kutib turishar, lekin Islom aka go`yo hech qanaqa majlis yo`qdek, bamaylixotir Karimni o`rganishda davom etardilar.
– Moskva Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan, – dedim yana favqulodda yaxshi “argument” topilganidan quvonib. Islom aka Karimning ko`zlariga tikilib nimalarnidir izlar va yana qaysidir savollari javobsiz shekilli, hanuz sukut saqlar edilar.
– Juda yaxshi narsalar yozadi. Yaqinda “Oy borib, omon qaytmagan bolam” nomli maqolasi e`lon qilindi…
Nihoyat, Islom Abdug`anievich Karimjon haqida bir fikrga keldilar, shekilli “Maqolangizni o`qidim, faqat suratini berib bekor qilibsizlar” dedilar. Darhaqiqat, maqolaning ichida sud-medisina ekspertizasidan so`ng tanasi yorilgan askar yigitning su`rati ham e`lon qilingan edi…
– Shu surat noo`rin berilgan, lekin maqola yaxshi yozilgan. Xo`sh, xizmat? – dedi Islom aka nihoyat menga yuzlanib.
Menga biroz jon kirgandek bo`ldi. Karim ham nimadir deb kalovlandi. Fursatdan foydalanib uni “Millatlararo munosabatlar” qo`mitasi kotibligiga tayinlash masalasini Islom akaga eslatdim.
Atrofimizda o`ralashib yurgan "Markazqo`m"ning o`sha paytdagi ideologiya bo`limi mudiri Shahobiddin Ziyomovni Islom aka imo qilib yonlariga chaqirdilar:
– Ayting, yaxshi yigit ekan, kotiblikka tayinlashsin!
Biz – bir tog`ning ikki yonidagi – biri kitoblik, biri urgutlik ikki do`st Markaziy Komitetning Prezidium a`zolari tanaffus chog`i to`planadigan sokin va shinam xonasidan sessiya zaliga qanot boylab uchib chiqdik.
Bu – Karim Bahrievning Islom Karimov bilan dastlabki uchrashuvi edi.
Ta`bir joiz bo`lsa, o`sha kuni Karimjon O`zbekiston parlamentining imtiyozli lavozimlaridan biriga ham uchib o`tgan kuni edi: qo`mita kotibining xizmat mashinasi, kabineti, hukumat telefoni va boshqa talay imtiyozlari ham bor edi…
"Dunyo o`zbeklari" (2015 y.)