2017 yildan beri o`sib borayotgan tashqi qarz miqdori  kamayishni boshladi

22.11.2022 09:31

Davlat qarzi qoldig`i 2022 yilning 1 iyul holatiga 26,0 mlrd. AQSh dollarni (shundan, davlat tashqi qarzi – 23,26 mlrd. AQSh doll., davlat ichki qarzi – 2,77 mlrd. AQSh doll.) yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 35,1 foizni tashkil etdi.

Moliya vazirligi O`zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e`lon qildi. 

Unga ko`ra, davlat qarzining YaIMga nisbati 2021 yil boshida 39,0 foizdan (2021 yil yakunida – 38,0 foiz) 2022 yilning 1 iyul holatiga 35,1 foizgacha pasaydi.

Xalqaro valyuta jamg`armasi ham O`zbekiston Respublikasining davlat qarzini «mo``tadil» darajada hisoblagan.

Tashqi qarzlar nimalarga sarflangan?

2022 yil I yarim yilligi yakuni bo`yicha jami davlat tashqi qarzining 25,8 foizi yoki 6,0 mlrd. AQSh dollari davlat byudjetini qo`llab-quvvatlashga, 11,8 foizi yoki 2,7 mlrd. AQSh dollari elektr-energetika sohasiga, 12,8 foizi yoki 3,0 mlrd. AQSh dollari energetika sohasiga, 10,6 foizi yoki 2,5 mlrd. AQSh dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,4 foizi yoki 2,4 mlrd. AQSh dollari qishloq va suv xo`jaligiga, 9,5 foizi yoki 2,2 mlrd. AQSh dollari uy-joy kommunal xo`jaligi sohalariga yo`naltirilgan mablag`lar hissasiga to`g`ri keladi.

Qaysi tashkilot yoki davlatlardan qarzmiz?

O`zbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy institutlardan (XMI) jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 11,2 mlrd. AQSh dollarni yoki davlat tashqi qarzining 48,1 foizini tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddat
hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.
Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig`ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,4 mlrd. AQSh dollari), Jahon banki (4,4 mlrd. AQSh dollari) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd. AQSh
dollari) hissasiga to`g`ri keladi.
Qayd etilishicha, davlat tashqi qarzining manbalari diversifikasiyasi ta`minlangan bo`lib, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XHMT) hissasiga davlat tashqi qarzi qoldig`ining 9,4 mlrd. AQSh dollari yoki 40,7 foizi to`g`ri keladi.
O`zbekiston Respublikasining asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki,Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to`g`ri
kelib, asosan turli investision dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag`lari jalb etilgan.
Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo`yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investision loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag`lar hisobidan so`ndiriladi

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonning davlat qarzi qoldig`i 2017 yilda 11, 6 milliard yoki YaIMga nisbatan 18 foizni tashkil etgan bo`lsa 2022 yilning 1 yanvar holatiga 26,3 mlrd. AQSh dollarni yoki YaIMga nisbatan 38 foizga etgan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар