Oliy ta`lim tizimida boshqaruv va qabul jarayonlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi o`zgarishlar joriy etilmoqda. Prezidentning 10 apreldagi “Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar tizimini takomillashtirishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligiga qo`shimcha vakolatlar beriladi.
Hujjatga ko`ra, ta`lim tashkilotlariga qabul qilish bo`yicha davlat komissiyasining qator muhim funksiyalari vazirlikka o`tkaziladi. Jumladan, bakalavriat va magistraturaga qabul natijalarini tasdiqlash, o`qishga tavsiya etilgan abiturientlar uchun kontrakt to`lovlarini amalga oshirish muddatlarini belgilash va ularni talabalikka qabul qilish bilan bog`liq hujjatlarni rasmiylashtirish vakolati vazirlik ixtiyoriga o`tadi.
Shuningdek, bir davlat oliy ta`lim muassasasidan boshqasiga o`qishni ko`chirish bo`yicha arizalarni ko`rib chiqish va bu borada tavsiya berish, imtiyozga ega abiturientlarni talabalikka tavsiya qilish hamda xorijiy fuqarolar, jumladan xorijdagi vatandoshlar uchun ajratilgan grant o`rinlariga nomzodlarni saralash vazifalari ham vazirlik zimmasiga yuklanadi. Bu tartib prezident hujjatlari bilan ayrim oliygohlarga mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilgan hollardan tashqari barcha holatlarda amal qiladi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab vazirlik oliy ta`lim muassasalari rahbarlarini tayinlash va lavozimdan ozod etish jarayonlarida ham ishtirok etadi. Xususan, davlat oliygohlari rektorlari tegishli vazirlik va idora rahbarlari tavsiyasiga ko`ra Prezident administrasiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tayinlanadi. Shu bilan birga, filial direktorlari oliygoh rektori tavsiyasi asosida lavozimga qo`yiladi.
Vazirlikka, shuningdek oliygohlar rahbariyatiga nisbatan intizomiy choralar ko`rish yuzasidan majburiy taqdimnomalar kiritish, xorijiy va nodavlat oliy ta`lim muassasalari tomonidan beriladigan diplomlar uchun minimal talablarni belgilash hamda magistratura va oliy ta`limdan keyingi ta`lim bosqichlariga qabulda talab etiladigan xorijiy til sertifikatlari darajalarini belgilash vakolati ham beriladi.
Farmonda davlat oliy ta`lim muassasalariga ham qo`shimcha mustaqillik berilishi nazarda tutilgan. Jumladan, endilikda prorektorlar va filial direktorlari o`rinbosarlari to`g`ridan-to`g`ri rektor tomonidan tayinlanadi. Shuningdek, oliygohlar o`z tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, malaka oshirish markazlari va akademik liseylar rahbarlarini tayinlash huquqiga ega bo`ladi.
Bundan tashqari, kafedralar shtat birliklari va professor-o`qituvchilar o`quv yuklamasi me`yorlarini belgilash, 2027/2028 o`quv yilidan boshlab magistraturaga qabulda mutaxassislik fanlaridan imtihon shaklini mustaqil aniqlash, talabalarning akademik kreditlarini tan olish tartibini belgilash kabi vakolatlar ham oliygohlarga beriladi.
Shu bilan birga, oliy ta`lim muassasalari xorijiy fuqarolarni o`qishga qabul qilish shartlari va muddatlarini mustaqil belgilaydi, ular uchun grantlar ajratish va stipendiyalar tayinlash, kontrakt to`lovlari bo`yicha chegirmalar berish imkoniyatiga ega bo`ladi. Xalqaro reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va oliygohlarni nufuzli reytinglarga kiritish bo`yicha shartnomalarni to`g`ridan-to`g`ri tuzish amaliyoti ham yo`lga qo`yiladi.
Ushbu farmonda magistratura va doktoranturaga kirishda ta`limni xorijiy tilda olgan talabalar uchun til sertifikati talabi bekor qilinishi ham belgilangan.