Hujjatlar shaffofligi va davlat mulki hisoboti bilan bog`liq ba`zi holatlar shubhalarga sabab bo`lmoqda. Gap premium toifadagi Kia K9 avtomobili atrofida kechayotgan ziddiyatli ma`lumotlar haqida bormoqda.
Fevral oyi o`rtasida xususiy kompaniya tomonidan O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga vaqtincha foydalanish uchun bepul asosda premium toifadagi Kia K9 avtomobili taqdim etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Va albatta, bu holat muhokamalarga sabab bo`ldi – davlat organi nega xususiy sektordan bepul foydalanishga avtomobil oladi?
Eng qiziq jihati — mazkur qaror E-qaror platformasiga joylangan bo`lsa-da, oradan ko`p o`tmay noma`lum sabablarga ko`ra ommadan yashirib qo`yildi.
Odatda davlat qarorlarining ochiq e`lon qilinishi shaffoflikning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Lekin bu holatda hujjat nega yopilgani bo`yicha izoh berilmagani savollarni yanada ko`paytirdi.
Keyinchalik, bir qancha muhokamalardan keyin esa, vazirlik matbuot xizmati avtomobil haqiqatan ham vaqtincha va bepul foydalanish uchun olinganini tasdiqlab, hozirda unga ehtiyoj qolmagani sababli egasiga qaytarilganini ma`lum qilgan edi.
Shu bilan masala yopilgandek bo`ldi. Ammo, yaqinda o`rganishlar davomida yana bir qiziq holat aniqlangan: vazirlik balansida 01 757 DAV davlat raqamiga ega KIA K9 PREMIUM avtomobili mavjudligi qayd etilgan.
Agar avtomobil qaytarilgan bo`lsa, u qanday qilib balansda saqlanmoqda? Yoki bu boshqa avtomobilmi? Ammo, nega aynan bir xil rusum va toifa?
Bu savollarga hozircha ochiq va aniq javob berilgani yo`q. Aytish lozimki, holat alohida bir avtomobil bilan cheklanib qolmaydi. U davlat idoralarida qimmatbaho xizmat avtomobillaridan foydalanish, xususiy sektor bilan munosabatlar, qarorlar shaffofligi kabi masalalarni ham yana bir bor kun tartibiga olib chiqadi.
Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik jamoatchilik ishonchini ta`minlaydigan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, moliyaviy va moddiy resurslar bilan bog`liq qarorlar ochiq va tushunarli bo`lishi kerak. “Kia K9” atrofidagi bu savollarga mas`ul idoralardan javob kutib qolamiz.
M. Voris