Magistratura va doktoranturaga qabulda xorijiy til sertifikati talabini to`liq bekor qilish masalasi hozircha kun tartibida yo`q. Bu haqda 15 aprel kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Qo`ng`irotboy Sharipov ma`lum qildi.
Vazirning aytishicha, 2026 yil 10 apreldagi prezident farmoniga muvofiq, xorijiy tilda ta`lim olgan talabalar uchun mazkur talab allaqachon bekor qilingan. Ya`ni, agar talaba bakalavriatni chet tilida tamomlagan bo`lsa, u magistratura yoki doktoranturaga kirishda qo`shimcha til sertifikatini taqdim etishi shart emas.
Shu bilan birga, boshqa yo`nalishlarda tahsil olgan bitiruvchilar uchun sertifikat talabi saqlanib qolmoqda. Vazirning ta`kidlashicha, bu masalada ayrim istisnolarni joriy etish bo`yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
“Hozirda til sertifikati faqat chet tili yo`nalishida o`qiganlar uchun bekor qilindi. Ijodiy va sport yo`nalishlarida ham bu talabni bekor qilish bo`yicha takliflar bor. Biz bu ustida ishlayapmiz va kelgusi yil hukumatga tegishli takliflarni kiritamiz”, - dedi vazir.
Qo`ng`irotboy Sharipov, shuningdek xalqaro dasturlarda o`qigan talabalardan qaytadan til sertifikati talab qilish mantiqsiz ekanini qayd etdi.
“Tasavvur qiling, talaba to`rt yil davomida xorijiy tilda o`qib, barcha imtihonlarni topshirgan. Endi yana shu tilni bilishini tasdiqlovchi sertifikat talab qilish — ortiqcha byurokratiya edi. Bu nafaqat vaqt, balki qo`shimcha xarajat ham talab qilardi. Endi bunday sarsongarchiliklar bartaraf etilyapti”, — dedi u.
Ma`lumot uchun, 2024 yil 24 maydagi prezident farmoniga asosan, magistratura va undan keyingi ta`lim bosqichlariga qabulda xorijiy til sertifikati taqdim etish talabi joriy qilingan edi.