Javohir Sindorov muvaffaqiyati ortidagi sirlar: Kiprdagi mashaqqatli tayyorgarlik va “syurpriz” debyutlar va Nodirbekning hissasi

17.04.2026 17:27


Bugun o`zbek shaxmati tarixida yana bir muhim sahifa ochildi – Javohir Sindorov nomzodlar turnirida chempionlikni qo`lga kiritdi. Ushbu muvaffaqiyat ortida oddiy tayyorgarlik emas, balki puxta rejalashtirilgan, sir saqlangan va jamoaviy mehnatga asoslangan ulkan jarayon yotibdi. Chempionlik ortidagi kuchli mehnat, jamoa, hatto psixologlar, dietologlar ham jalb qilinishi shaxmatda qanchalik chuqur strategiya va maxfiylik muhim ekanini ko`rsatadi.

“Bu debyutlar hali hech qaerda o`ynalmagan”
Sindorovning ukasi Islombek Nomzodlar turniri 13-turida Javohir va Anish Giri o`yini sharhidagi suhbat davomida juda qiziq jihatni ochib berdi:
– Bu tayyorgarliklar hali hech qaerda ishlatilmagan. Hatto onlayn platformalarda ham – na Lichess, na Chess.com’da. Javohirning o`zi ham aytib o`tdi: «Men bu variantni Hindistonda ko`rganman», deb. Bu tayyorgarliklar ancha oldindan qilingan, lekin sir saqlangan, - deydi u.
Ma`lum bo`lishicha, ayrim debyutlar hatto Jahon Kubogi davridayoq tayyorlangan, ammo aynan kerakli paytgacha “qo`l tekkizilmagan”.

Kiprdagi 21 kunlik tayyorgarlik
Islombek Sindorov tayyorgarlik jarayoni haqida to`xtalib, uning qanchalik jiddiy bo`lganini alohida ta`kidlaydi:
— Kiprdagi musobaqa uchun tayyorgarlik 1 martdan boshlandi va 21 martgacha to`liq 3 hafta davom etdi. Bu shunchaki mashg`ulot emas edi. Kuniga 8–10 soatlab ishlangan. Eng muhimi, hammasi jonli bo`lgan. Ya`ni, hech qanday onlayn mashg`ulotlar emas.
Bu jarayonda jamoa to`liq tarkibda ish olib borgan: shaxsiy trenerlar, sekundantlar, psixolog, jismoniy tayyorgarlik mutaxassislari va sparring-partnyorlar. Kiprda nafaqat shaxmat, balki muhitga, iqlimga ham moslashish amalga oshirilgan. 

- Hayit bayramida Toshkentga qaytib, oila bilan qisqa vaqt o`tkazib, keyin esa yana Kiprga qaytib ketishdi, -deydi u.

Nodirbek Abdusattorov – sparring-partnyor sifatida
Suhbat davomida Islombek O`zbekiston shaxmatining yorqin yulduzi Nodirbek Abdusattorov haqida ham alohida ta`kidlab o`tgan.
U tayyorgarlik davomida Nodirbek sparring partnyor sifatida Javohir bilan o`ynab, o`yinlarni tahlil qilishda yordamlashganini aytib, Abdusattorovga ham alohida minnatdorchilik bildirib o`tgan. Shu o`rinda ikkita, aytish mumkinki, yulduz darajasidagi eng kuchli shaxmatchilarimizning do`stligi, bir-birlarini qo`llab-quvvatlashi tahsinga sazovor.

Bu g`alaba butun o`zbek shaxmati uchun yangi bosqichdir. Bugun Javohir Sindorov ulkan g`alaba bilan yurtimizga qaytib keldi. Uning bunday g`olibona qaytib kelishlari ko`p bo`lishiga tilakdoshmiz.

M. Voris

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар