AQSh hali harbiy uchoqlarni O`zbekistonga berish bo`yicha bir to`xtamga kelmagan

17.11.2022 16:57

Amerika Qo`shma Shtatlarining O`zbekistonga yangi tayinlangan elchisi Jonatan Xenik Afg`onistondan O`zbekiston hududiga o`tgan harbiy uchoqlar taqdiri haqida ma`lumot berdi. 

Elchi Jonatan Xenikning so`zlariga ko`ra, AQSh hali bu uchoqlarni O`zbekistonga berish haqida bir to`xtamga kelgan emas.

“AQSh O`zbekiston bilan chegaralarni qo`riqlash va terrorizmga qarshi kurashda allaqachon yaqin hamkorlar hisoblanadi. Biz bu jabhalarda turli loyihalarni amalga oshirayapmiz. Harbiy uchoqlar masalasiga to`xtalsak bu bo`yicha davlatlarimiz orasida muhokamalar bormoqda va hozircha bir to`xtamga kelganimiz yo`q”, dedi elchi Jonatan Xenik. 

Jonatan Xenik bu haqida Toshkentdagi elchixonada jurnalistlar bilan o`tgan “Press-Gap” uchrashuvida Gazeta.uz muxbirining ayni mavzu yuzasidan bergan savoliga javoban aytib o`tgan.

Politico nashrining ma`lumotiga ko`ra, Afg`onistondan O`zbekistonga o`tgan 46 harbiy texnika ichida, C-208 va A-29 Super Tucano samolyotlari, Mi-17, Mi-25, UH-60 Black Hawk vertolyotlari borligi aytiladi.

Eslatma: Afg`onistonga tolibon hukumatining kelishi arafasida elikka yaqin harbiy uchoqlar O`zbekiston va Afg`oniston chegarasini kesib o`tgan edi.

Keyinchalik, O`zbekiston Bosh Prokuraturasi o`zining telegram kanalida 14-15 avgust kunlari 22 ta afg`on harbiy samolyoti va 24 ta vertolyoti O`zbekistonga o`tgani haqida xabar joylashtirgan. Biroz vaqt o`tgach ushbu xabar o`chirilib, uzr so`ralgan holda ma`lumot tekshirilayotgani ma`lum qilingan. joriy yilning sentyabr oyida Politico nashri uchoqlarning keyingi taqdiri haqida Pentagon vakilining so`zlarini e`lon qilgan.
 
Pentagon vakili so`zlariga ko`ra, Amerika harbiy uchoqlarni O`zbekiston va Tojikistonga o`z chegaralarini qo`riqlash va Afg`onistondagi terrorizmga qarshi kurashdagi yordami uchun berishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар