Sug`ur kuni: Yillar o`tayapti, va`dalar o`sha-o`sha yohud energetiklardan navbatdagi cho`pchaklar

17.11.2022 14:42

Sovuq kunlar tushgandan buyon aholi yana gaz, elektr o`chirilishi muammosi bilan yuzma-yuz keldi. Yillar davomida kuzatiladigan jarayonlar, sug`ur kuni kabi qaytariladi. Kunlar soviydi, chiroq, gaz o`chadi, xalq norozilik bildirib ijtimoiy tarmoqlarga dardini to`kadi va mutasaddilar katta-katta mablag`lar ajratilayotgani, yangi loyihalari va yaqin orada yaxshi bo`lishi haqida va`dalarga to`la hisobotlari bilan bizni ishontirmoqchi bo`lishadi. Shunday va`dalar bilan sovuq qishni amallab o`tkazib olinsa u yog`i bahor yana muammo unutiladi.

16 noyabr kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida ham jurnalistlarga ancha oson mutasaddilarga esa bu savollarga javob berish ancha mushkul bo`ldi. Ba`zi savollarni aylanib o`tildi, ayrimlariga qiynalib bo`lsada javob berishdi. Jurnalistlar tomonidan berilgan aniq savollar, jumladan O`zbekiston manfaatlariga zid bo`lgan Lukoyl bilan shartnoma, gaz bo`yicha eksport-import, ishonchli boshqaruvga topshirilgan korxonalarga oid yashirin shartnomalar, "Jizzax petroleum" masalasi, konlar tekinga berib yuborilayotgani yuzasidan aniq javob olingani yo`q.  
Energiya taqchilligi sabablari haqida ham to`xtalib o`tildi. Jumladan. mutasaddilar ta`biricha, taqchillik sabablaridan biri ehtiyojning taklifga qaraganda tezroq o`sib borayotgani va aholi isrofgarchilikka yo`l qo`yayotgani ekan. Berilgan raqamlarga qaraganda, O`zbekistondagi elektr energiyani kunlik ehtiyojni qoplash uchun 230-232 mln kVt/soat elektr energiyasi resursi mavjud, ammo shu kecha-kunduzdagi haqiqiy ehtiyoj 245 mln kVt/soatni tashkil etmoqda.

Biz qachon haqiqatda o`chmaydigan energetika tizimiga ega bo`lamiz? Aniq muddat bormi?

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tkazilgan «Iste`molchilarni energiya bilan to`liq ta`minlash, bu boradagi muammolar, dolzarb vazifalar» bo`yicha matbuot anjumanida Rost24.uz muxbiri shu savolni o`rtaga tashladi.

Unga biroz o`ylanishdan so`ng javob berishga jazm etgan Energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xodjaev aniq vaqtni ayta olmadi.

- Qachonki biz isrof qilishni to`xtatmas ekanmiz, ishlab chiqarishni ko`paytirish hisobiga to`liq ehtiyojni qoplay olmaymiz, - dedi u. - Biz iqtisod qilishni o`rganishimiz kerak, bu hukumat yoki Energetika vazirligi darajasida emas, umummilliy g`oyaga aylanishi kerak.

Xodjaevning ta`kidlashicha, qancha ta`minot oshirilmasin, iqtisod qilishni o`rganmasak, baribir energiya etib bormaydi.

Nega bu borada ahvol qo`shnilarda yaxshiyu, bizda achinarli...

Rost24.uz muxbiri Energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xodjaevga «Vazirlik energiya bilan xalq qanday ta`minlanganini, O`zbekistonda ahvol qandayu, boshqa davlatlarda qanday. Hech solishtirib ko`radimi? Misol uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali Qozog`iston Chimkentda yoki Turkmaniston yoki Qirg`izistonning O`shidagi holatlar bizdan ko`ra batamom yaxshi ekanini yozishmoqda. Nega bu borada ahvol ularda yaxshiyu, bizda achinarli...», deya savol berdi?

Sherzod Xodjaev, «Qo`shni mamlakatlardagi elektr energiyasiga bo`lgan talabning o`sish suratlari birorta mamlakatda O`zbekiston bilan qiyoslaydigan darajada emas, ya`ni oxirgi besh yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish va etkazib berish bo`yicha yillik o`sish suratining eng yuqorisi O`zbekistonda. Birorta qo`shni davlatimizda yillik 7-8 foiz o`sish surati yo`q. Bu bir tomondan yaxshi chunki iqtisodiyotni o`sayotganidan dalolat beradi. Elektr ta`minotidagi bu muammolar 12 oy surunkali uchraydigan muammolar emas. Bu mavsumiy muammo. Lekin mavsumiy muammolar bo`lmagan holatlarda ham elektr energiyasiga talab yildan-yilga ortib boryapti. Tadbirkorlik sub`ektlari, ishlab chiqarish va aholini turmush darajasini ortishi yana bir ahamiyatli jihati O`zbekistonda har bir xonadonga to`g`ri keladigan yillik iste`moli qo`shni mamlakatlarimizdan bir necha barobar yuqoriroq. Yillik tadbirkorlik sub`ektlarini ortib borishi barcha qo`shni mamlakatlarimizga nisbatan yiliga 70-75 ming yangi iste`mol ob`ektlari elektr tarmoqlarimizga ulanadi», deya javob berdi.

Hamma joyda talabga yarasha taklif beriladi. Qo`shni mamlakatlarga nisbatan bizda ehtiyoj yuqori ekan, nega ushbu ehtiyoj qoplanmayapti.

Bundan tashqari ba`zi hududlarda 8-12 soatgacha chiroq o`chadi. Elektr energiyasini tejash uchun shunday uzoq vaqt chiroq bo`lmasligi mumkinmi degan savolga vazir o`rinbosari «Aslida sababsiz 1 soat ham chiroq o`chishi mumkinmas, ammo bugungi kunda bunday holatlar majburlikdan ko`rilayotgan chora» deya javob berdi. Vazir so`ziga qo`shimcha qilib elektr energiyasini tejash uchun endi poytaxt ko`chalaridagi hamda reklama bannerlaridagi chiroqlarni vaqti-vaqti bilan o`chirib turishni aytdi.

Matbuot anjumanida «O`zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev «Muborak gaz konining 40 yillik, Sho`rtan gaz konining 70 % zaxirasini qazib olib bo`ldik!», deb ma`lumot berdi. Uning qayd etishicha, keyingi vaqtlarda yirik konlar topilayotgani yo`q.

Energetika vaziri o`rinbosari Sherzod Xo`jaev ayni tadbirda «Tez kunda cheklovlar masalasi 80 foizga hal etiladi. Buning uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti to`xtatildi. Tashqi import 20 foizga oshirildi. Bugungi kundagi uzilishlar 8-10 soatlab tokni o`chirishga sabab bo`lolmaydi», degan iddaoni qildi. Shuningdek, Elektr ta`minotidagi uzilishlar bir soatdan oshgan hududlarda mas`ullarga chora ko`rilishi aytildi.

«Qaysi hududlarda elektr energiyasidagi uzilishlar yarim yoki bir soatdan oshib ketayotgan bo`lsa, buning sabablarini o`rganamiz. Kerak bo`lsa, kamchiliklarga yo`l qo`ygan mas`ullarga chora ko`ramiz», — deydi Energetika vazirligi mas`uli.  

Amaldorlarning navbatdagi va`dalari amalga oshadimi, yo`qmi, buni yana vaqt ko`rsatadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
17
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар