Rost24 saytida e`lon qilingan maqola ortidan Fayzullo Xo`jaev nomi qayta tiklandi
Bundan bir qancha muddat avval saytimizda Buxoro jadidchilarining yuz o`girilgan, oyoq osti qilingan o`tmishi haqida qator materiallar e`lon qilingandi.
Mazkur materiallarda ikki tarixiy shaxs - Fayzullo Xo`jaev va Usmon Xo`ja nomiga nisbatan hukumatning sovuqqon munosabati yoritib berilgan.
Xususan, Buxorodagi Fayzullo Xo`jaev uyining katta qismi pullab yuborilgani, hovlining qolgan qismiga tashkil etilgan muzeydan esa F. Xo`jaev nomi o`chirib tashlangani istehzo ostiga olingan.
Ushbu materiallar e`lon qilingach, ko`plab jamoatchilik faollarining muhokamasiga sabab bo`ldi.
Nihoyat, Vazirlar mahkamasining 2022 yil 28 sentyabrdagi 543-sonli qarori bilan Buxoro shahridagi «Buxorolik boy savdogarning uy muzeyi» yodgorlik majmuasi «Fayzullo Xo`jaev uy muzeyi» deb qayta nomlandi.
Shuningdek, qarorga ko`ra, muzey ilmiy konsepsiyasi va ekspozisiyasini yangilash choralari ham ko`rilishi qayd etilgan.
Ammo jadid ma`rifatparvari Usmon Xo`janing xonadoni esa hanuz mehmonxonaligicha qolmoqda.
Buxorolik tarixchi olima Dilnoza Jamolova shahar hokimligi tomonidan sotib yuborilgan hovliga e`tibor yo`qligi haqida aytmoqda:
Buxoroga shu vaqtgacha o`z tarixini sevadigan hokim kelmadi.
Bir paytlar Buxoro viloyati hokimligi mutasaddilari tomonidan sotib yuborilgan Usmon Xo`ja xonadoni haliyam tarixiy me`moriy obida sifatida davlat muhofazasiga olinmadi. Samarqand viloyati hokimi deyarli xar bir jadidga uy muzeyi tashkil qilib bergan paytda, bizda Buxoro jadidlariga muzey tashkil qilib berish nari tursin, ularning nomini abadiylashtirish uchun hech qanday harakat ko`zga tashlanmaydi.
Faqat prezidentimizning tashrifi arafasida jadid bobolarimiz mahalliy hokimiyat vakillarini esiga tushib qoladi, - deydi olima.
Maftuna Karimova.