Ichki ishlar xodimlarini fuqarolarga nisbatan qiynoq qo`llashi haqida gapirganda, "O`rgangan hunar, o`lganda qoladi", degan edi Shavkat Mirziyoev.
Mirziyoev prezidentlikka saylangan birinchi yillikda qiynoqlarga barham berishga asoslangan farmonga imzo chekkan. U «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmon haqida gapirar ekan hujjatni qabul qilish oson bo`lmaganini aytgan edi.
Oradan 5 yil o`tdi. Bu vaqt oralig`ida Ichki ishlar idorasi devorlari ortiga kirib ketgan bir necha fuqarolarning tirik qaytmagani yoki kaltaklangani haqida matbuotda bot-bot yozildi.
Kuni kecha 15 yoshni qarshi olayotgan o`smir yigitning ichki ishlar idorasi tasarrufida bo`lgan vaqtda vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. Yigit Onasining xo`rlanib yig`laganini befarq ko`rib bo`lmaydi.
Aslida fuqarolar, bizni huquqimizni muhofaza qilishi kerak bo`lgan davlat idorasidan 15 yoshli sog`lom yigitning o`ligi chiqqani tizim katta islohotlarga muhtoj ekanini ko`rsatmaydimi?
Yolg`iz ayolning 15 yil o`stirgan yagona farzandi davlat idorasida olgan tan jarohatlari tufayli vafot etdi. Ichki ishlar rahbariyati esa, javobgar idora sifatida bayonot bermadi. Tizimdagi kamchiliklarni bo`yniga olib, favqulodda munosabat yoki yig`ilishlar ham o`tkazgani yo`q. O`zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat himoyasidami? Bu savol hozircha shubha ostida qolayotgandek.
Mazkur voqea matbuotda tarqalgach, na Bolalar Ombudsmani na inson huquqlari markazi va na boshqa davlat amaldorlari hayqiriq bilan chiqdi.
«Inson qadri» siyosati haqida gapirib og`iz ko`pirtirgan bironta amaldor shaxsan Ichki ishlar vaziri Bobojonovdan hisobot so`ragani yo`q. Bu go`yoki davlatda inson qadri, fuqarolar xavfsizligi bilan hukumatning chaqalik ishi yo`qdek taassurot qoldiradi.
Sababi shu vaqtgacha ichki ishlar idorasida kaltaklangan va halok bo`lgan qator o`limlarga guvoh bo`ldik va ularni xotirjamlik bilan hazm qildik.
2020 yil may oyida Andijonda fuqaro ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklangan va oqibatda vafot etgan. Mazkur ish bo`yicha Andijon shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Yana xuddi shu yili Chiroqchida uch nafar gumondor bo`lgan fuqaro ichki ishlar xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangan va oqibatda ulardan biri vafot etgan. Ichki ishlar xodimlariga nisbatan esa jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
2021 yilda 41 yoshi soliq mulozimining ichki ishlar xodimlari tomonidan majburan olib ketilishi vaqtida vafot etgani ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvlarga sabab bo`lgan edi.
Biz bu kabi misollarni yana ko`plab keltirishimiz mumkin.
Ichki ishlar matbuot xizmati rahbari Shohrux G`iyosov aksariyat holatlarda idorada vafot etgan fuqarolarning o`zi aybdorligi va «xudo urgan» bandaligini aytib keladi.
Ichki ishlar idorasida fuqarolarning kaltaklanishi va halok bo`lishi haqidagi xabarlar odatiy holatga aylanayotgandek. Ammo, shu vaqtgacha vazir Po`lat Bobojonov tizimdagi kamchiliklar yuzasidan hukumat yoki jurnalistlar qarshisiga chiqib hisobot berganiga guvoh bo`lmadik. Davlat idorasidagi o`limlar uchun hukumat taraf aybdor ekanligini, tizimda islohot qilajagini bildirmadi. Rost24 kunning dolzarb savolini o`rtaga tashlaydi «Vazir po`lat Bobojonov, O`zbekiston fuqarolari, ularning huquqlari davlat himoyasidami?».