IIB vahshiyliklaridan o`kinayotgan Ona faryodi
«Sog` borib, o`lik chiqdi» - Yolg`iz farzandim vahshiylar qo`lida jon berdi» - 15 yoshida IIB hibsxonasida jon bergan o`spirin onasi nimalardan shubhalanmoqda?
«Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida joylashgan «Voyaga etmaganlarga huquqiy yordam ko`rsatish markazi»dan Uchko`prik tumani Sulton MFYda yashovchi 9-sinf o`quvchisi 2007 yil 19 noyabrda tug`ilgan A.R. kaltaklanish natijasida vafot etib, murdasi chiqqan. Va bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, Farg`ona viloyati prokuraturasi rasmiy xabar berdi.
Bolaning o`limi bilan bog`liq xabarni eshitgach, Sulton qishlog`iga borib, bola yashagan uyda uning bobosi va onasi bilan suhbatlashdik.
Biz borgan kuni yakshanba bo`lganligi uchun, Sulton MFY rasmiylarini bezovta qilmadik.
Ko`chadagi odamlardan so`rab-surishtirib, marhum yashagan xonadonni topdik.
Bir qarashda o`rtaholligi bilinib turgan, ta`mirsiz xonadondan chaqiruvimizga javoban bir bobo chiqdi. O`zimizni tanishtirib, maqsadimizni aytdik.
Bobosining aytishicha, Ravshanbekning onasi Oltiariq tumaniga turmushga chiqqan. Bola 2 yoshli paytida ajrashib kelgan va ota uyidan panoh topgan. Zaynabxonning akalari hovlini singlisi va uning o`g`liga qoldirib, boshqa uy-joy qilib chiqib ketishgan. Bu uyda Zaynabxon, onasi va otasi, o`g`li birga yashagan. Ravshanbek qishloqdagi 5-maktabda o`qigan.
-Yakshanba kuni (16 oktyabr kuni) yuvinib-tarandi, chiroyli ko`ylaklarini kiydi, - dedi bobo biz bilan suhbatda, o`zi unaqa juda o`ziga oro berib, tez-tez cho`milmas edi. –Qaerga ketyapsan, desam ustaxonaga dedi. Qishloqning oxirrog`idagi mebel ustaxonasida hunar o`rganib, shogird bo`lib yurardi. Men yaxshi borib kel, dedim.
Shu ketganicha dushanba kuni ham kelmadi. Ba`zi paytlarda ustaxonada yotib qolardi, biz o`sha kuni ham ustaxonada qoldi, deb o`ylaganmiz.
Dushanba kuni ham kelavermagach, surishtirishni boshladik. Tushga yaqin mahalla «uchastkavoyi» chiqib, onasiga o`g`lingiz Qo`qondagi «melisaxonada», debdi. Qizim o`sha yoqqa ketdi.
Ravshanbekning onasi so`rab-surishtirib Qo`qon shahriga boradi. O`sha erda unga «o`g`lingiz uxlayapti, uyg`onsa o`zimiz jo`natib yuboramiz» deyishadi. Ona ham mas`ullarning gapiga ishonib qaytib keladi.
- Ular menga shu qadar mehribonlik bilan gapirishdiki, ha, shunaqa joylarda ham yaxshi odamlar ishlarkanda, deb ortimga qaytib kelaveribman. Bolamni hozir uyg`otib berasizlar, uni ko`ray, deb ham aytmabman. Davlatning odamlari aldamaydi deb o`ylabman, - dedi Zaynabxon suhbatda.
Yigitcha nega Qo`qon shahridagi markazga tushib qolgan? Uning aybi nima edi?
Yangiqo`rg`ondagi «Ansor» savdo majmuasiga borgan Ravshanbek u erdan flesh ichimligi va bir pachka qurutning pulini bermay chiqib ketayotganda kassir ushlab olgan. Bu holatni magazin boshqaruvchisi ham kamerada ko`rib o`tirgan. Uni ushlab «ota-onangni chaqiramiz, qaerda yashaysan» deb so`rashganida u «Sulton qishloqda yashashini, tog`alarining jahli yomonligini, agar o`g`irlik qilganini eshitishsa, uni urib-o`ldirib qo`yishlarini» aytgan. Magazin boshqaruvchisi uchastka nozirini chaqiradi va nozir uni Qo`qon shahrida joylashgan «Voyaga etmaganlarga huquqiy yordam ko`rsatish markazi» ga jo`natadi.
Buvayda tumani Yangiqo`rg`on MFY uchastka noziri bolani markazga jo`natganda bola soppa-sog`lom bo`lgan. Aytishlaricha, marhumni Farg`onadan kelib, Qo`qon shahridagi bozorlardan birida o`g`irlik bilan qo`lga tushgan 6 nafar o`zidan sal kattaroq bolalar bilan bir kameraga qo`yishgan. Markazda ishlovchi nozirlardan birining aytishicha, o`sha 6 nafar bola uni urgan, haqoratlagan, unga qo`pollik qilishgan. Lekin bu so`zlarga marxumning oilasidagilar ishonishmayapti: "Bolam o`g`rilik qilmasdi, to`g`ri bola edi", "Bola bolalar qo`lida o`ladimi, kattaroq odam urgan", "U erdagilar qaerga qaragan?"...
Bobosi va onasining aytishicha, bola o`zi sal qo`rqoqroq bo`lgan.
Nabiram, otasiz katta bo`layotgani uchun odamovi, o`zidan kichkina bolalardan ham qo`rqadigan, kamgap, yuvosh, birovga ziyoni tegmaydigan bola edi. Ko`chada o`zidan kichkina bolalar ish buyursa ham qilib ketaverardi. Birovga qattiq gapira olmas edi, - dedi bobosi «Nabirangiz urishqoqmidi, kimgadir qattiqroq gapirgan bo`lsa janjallashib qolgandirda» degan savolimizga javob berar ekan.
Onasi bilan gaplashish juda qiyin bo`ldi. Zaynabxonning aytishicha, Ravshanbekni bir o`zi otasiz katta qilayotgan edi. Bitta etim bolaning o`limiga sababchi bo`lganlar albatta jazolanishi kerak, deydi onaizor. Nega davlat o`z fuqarolariga g`amxo`rlik qilishi kerak bo`lgan joyda, qonun himoyachilari ishlayotgan joyda bir norasida bola o`lib chiqadi? Nega meni o`lib bo`lgan bolamni «uxlayapti» deb aldashdi? Nega, nega?
Onaning savollari juda ko`p. Davlat berayotgan halol pulni haromga aylantirayotganlar, o`g`limning joni uchun mas`ul bo`lganlar nega uni jinoyatchilar bilan bir xonaga qo`yishgan? Nega o`g`lim haqida vaqtida bizga xabar berishmagan? O`sha kuni dam olish kuni bo`lganligi uchun Uchko`prik tumani Sulton qishlog`i MFY ning uchastka nozirini topa olmadik, deyishdi, deydi onaizor biz bilan suhbatda. Shu odam ishonadigan gapmi? Axir uchastka noziri dam olsa tuman IIB bo`limi 24 soat ish rejimida ishlaydiku?
Onaning savollariga Farg`ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Qo`qon shahrida joylashgan «Voyaga etmaganlarga huquqiy yordam ko`rsatish markazi» mas`ullari aniqroq javob berishadi, degan umiddamiz.
Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.