Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboevaning “jim turish” yoki “qo`rqoqlik” diplomatiyasi haqida
Xabaringiz bor, Rossiya Federal majlisi Federasiya kengashi raisi, MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashi raisi Valentina Matvienko O`zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboevani «Do`stlik» ordeni bilan taqdirladi.
Senatimiz raisi Rossiya hukumatining mazkur mukofotini qabul qilib olish jarayonida orden uchun minnatdorlik bildirib, jumladan, «Bu men uchun katta sharaf. Rossiya prezidenti Vladimir Putinga samimiy minnatdorlik so`zlarimni bildirmoqchiman va ushbu ordenni, albatta, oqlaymiz», dedi.
Tanzila Norboevaning “albatta oqlaymiz”, degan fikrlari keng jamoatchilikda norozilik kayfiyatini uyg`otdi. Biroq jurnalistlar va jamoatchilikning “Nega shu so`zlarni aytdi”, mazmunidagi so`rovlariga qaramay Senat raisi “aytgan so`zlari” uchun hozirgacha na o`zi va na Senatdagi vakolatli shaxslar hech bir izoh, munosabat bildirgani yo`q.
Bu qo`rqoqlikmi yoki jim turish diplomatiyasi?
Jamoatchilik tomonidan Tanzila Norboevaning o`zga davlat hukumati vakilidan mukofot olaturib, “oqlaymiz” degan so`zlarni aytishi O`zbekistonning suvireniteti, daxsizligiga nisbatan haqorat sifatida qabul qilinmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasiga ko`ra, mansabdor shaxslar fuqarolarning manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan axborot berishga majbur. Ammo, O`zbekistonda Prezidentdan keyingi ikkinchi shaxs bo`lgan senator Tanzila Norboeva jamoatchilik talabi va qator ommaviy axborot vositalardagi tanqidiy chiqishlarga qaramay “churq” etgani yo`q. Hukumat vakillarining jamoatchilik, OAVi talablariga nisbatan befarq bo`lishi demokratik prinsiplarga zid hisoblanadi.
Eslatma, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risidagi Qonunda Senatni tarqatib yuborish mumkinligi ham nazarda tutilgan.