Xalq xizmatkorlari odatda xalq puliga sotib olingan “lyuks salon”li xizmat mashinalarida harakatlanishadi. Hukumat vakillarini ko`cha–kuyda jamoat transportida uchratish qiyin. Avtomobilsiz kunlarda ham ularni jamoat transportida izlab ovora bo`lmang. Amaldorlar xalq uchun naqadar shinam jamoat transportlarini yo`lga qo`yganlarini maqtanib gapirishsada, o`zlari undan foydalanishni negadir ep bilishmaydi.
Xorijda avtomobilsiz kun e`lon qilinganda Eron prezidenti Xasan Ruhoniy (2015 y.), Dubay amaldorlari (2017 y.) er osti transportidan foydalanishgan ekan. Shuningdek, Ispaniya Qiroli Xuan Karlos (2007 y.), Avstriya prezidenti Xayns Fisher (2007 y.), Filippin prezidenti Gloriya Makapagal-Arroyolar ham xalq orasida transportda ko`ringan.
Rost24.uz sayti muxbiri jamoat transportiga mingan O`zbekiston amaldorlarni izlab topdi. Ma`lum bo`lishicha, O`zbekistonning yuqori mansabdorlari ham jamoat transportiga chiqib turadi. 2020 yil 29 dekabr ana shunday kunlardan biri bo`lgan. Sergeli er usti metrosini foydalanishga topshirishdan avval ushbu jamoat transportiga 10 dan ortiq amaldor chiqqan.
Ular, Bosh vazir Abdulla Aripov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev, Qonunchilik palatasi spikeri Nuridinjon Ismoilov, Senat raisi Tanzila Norboeva, Senat raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoevlardir.
Amaldorlarning bu birinchi bor er osti transport yo`liga tushishi emas. 2020 yil 29 avgust sanasida ham ayni shu hukumat vakillari Toshkent metrosining “Yunusobod” bekatidan yangi “Turkiston” yo`ligacha sayr qilishgan.