Prezident talabini bajarmayotgan Umrzoqov va aholini qiynayotgan “UzAuto Motors” yolgʻonlari
Rost24.uz Prezident talablarini bajarmayotgan rahbar va vazirliklarni soʻroqqa tutishda davom etadi.
“Odamlar noroziligini bilib turib bilmaslikka olish bu xiyonat boʻladi. Avtomobillarga maʼlum miqdorda toʻlov qilib, 3-4 oylab kutilmoqda. 2022-yil 1-mayga qadar avtomobil navbatlarini uzil kesil toʻliq bartaraf qilish shart”.
Shavkat Mirziyoyev.
14.02.2022-y.
“Uzauto motors” Prezident talabini nega bajarmayapti?
Prezident “UzAuto Motors” kompaniyasi rahbari Shavkat Umrzoqovdan 2022-yil may oyigacha avtomobil sotib olishdagi navbatlarga barham berish talabini qoʻygan edi.
Shavkat Umrzoqov nega Prezidentga yolgʻon vaʼda bergan?
Joriy yil boshida Prezident Uzavtoʼdan aholi rozi emasligini va kompaniya may oyigacha odamlarni rozi qilish, avtomobil sotib olishdagi navbatni tugatish kerakligini taʼkidlagan edi.
Oradan 6 oydan koʻp vaqt oʻtdi. Siz Oʻzbekistondagi yirik avtomobil jamlovchi zavod xizmatidan rozimisiz? Bugun “UzAuto Motors” mashinalarini xarid qilish uchun 50 foiz toʻlovni qilsangiz 2023-yilning dekabr oyida avtomobilingizni salondan olib ketasiz. 1 yil avval toʻlov qilib, kutish bunday xizmatdan rozi boʻlish mumkinmi? Yer yuzining yana qaysi hududida shunday xizmat bor. Toʻgʻri, premium klass avtomobillaridan boʻlgan Bugatti, Maseratti kabi ulovlarning ayrim turlarini ham avvaldan buyurtma berib uzoq kutish mumkin. Oʻzbekiston avtosanoati ham ana shunday yuqori darajadagi xizmat turlaridanmi?
Rost24.uz muxbiri Prezident talabi bajarilgan yoki bajarilmaganini tekshirish uchun Toshkentdagi yirik avtosalonlarga murojaat qilib vaziyatni oʻrgandi. Hozirda avtosalonlarda ayrim bozori chaqqon «Sedan» turidagi avtomobillariga 50 foiz toʻlov qilsangiz, 2023-yil dekabr oyidagina mashinani salondan olib keta olishingiz mumkin. Muxbirimiz deyarli barcha salonlardan ana shunday javobni oldi. Demak, fevraldagi Prezident talabi hamon amalga oshmagan.
Xoʻsh, nima uchun? Biz ayni savol bilan «Oʻzavtosanoat» maʼmuriyatiga murojaat qildik.
Avvaliga matbuot kotibi rahbari lavozimi tayinlanmagani sabab maʼmuriyat bizga javob berolmasligini bildirdi. Bizning qistovimizdan soʻng, savolimizga javob sifatida axborot xizmati “UzAuto motors” Prezident topshirigʻini bajarib, 2022-yilning yarim yilligida 160 000 dona avtomobil ishlab chiqargani va rekord oʻrnatgani haqidagi xabarni yubordi. Afsuski, «falon zavod, falonta mahsulot ishlab chiqardi», degan xabar bilan aholini qancha aldamaylik real vaziyatga koʻra navbatlar, uzoq kutishlarga barham berilmagan. Bu borada hech qanday javob yoʻq.
Davlat rahbari zavod direktori Shavkat Umrzoqovga navbatlarga barham berishni topshirgan edi. Topshiriq bajarilmagan, zavod direktori rekord oʻrnatgani haqidagi xabarlar bilan Prezidentni aldamoqda, aholini esa qiynamoqda. Oʻsha yigʻilishdagi Prezident aytgan xalqni rozi qilish talabi qachon bajariladi. Biz bu savol bilan Monopoliyaga qarshi kurash qoʻmitasiga ham yuzlandik.
Monopoliyaga qarshi kurash qoʻmitasi va uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish agentligi quyidagicha javob qildi. “UzAuto Motors” AJ tomonidan ayrim turdagi avtomobillarni 2023-yil dekabr oyida yetkazib berish muddati bilan tuzilgan shartnomalar yuzasidan olib borilgan oʻrganishlarda ushbu holat “UzAuto Motors” AJning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanayotganligi qayd etildi.
Yaʼni qoʻmita va uning huzuridagi agentlikka koʻra, kompaniya imkoniyatidan kelib chiqqan holda avtomobillarni yetkazib berish uchun maʼlum uzoq muddatga shartnoma qilmoqda. Isteʼmolchi va zavod oʻrtasida qayd qilingan shartnomadagi ana shu uzoq muddat buzilsagina, agentlik isteʼmolchi huquqini himoya qiladi, xolos. Qoʻmitaning javobiga eʼtibor bering, «oʻrganishlarda ushbu holat “UZAUTO MOTORS” AJning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanayotgani aniqlandi», deb yozadi qoʻmita.
Demak, zavod imkoni boricha harakat qiladida, deb Monopoliyaga qarshi kurash qoʻmitasi monopol zavodni himoya qilayaptimi? Qoʻmita huzuridagi Isteʼmolchilarni huquqini himoya qilish agentligi bu javob bilan isteʼmolchini himoya qilayaptimi yoki zavodnimi? “Uzauto motors” rahbari Umrzoqov fevral oyida Avtosanoatga bagʻishlangan yigʻilishda ishtirok etgan va Prezident topshirigʻini bajarishga soʻz bergan.
Ammo, Prezident talabi hamon bajarilgan emas.
Modomiki, aholiga navbatsiz avtomobil yetkazib berishga zavodning imkoniyati yetmas ekan, nega Umrzoqov Prezidentga yolgʻon vaʼda berdi? Nega yigʻilishda Prezident talabini bajara olmasligini tan olmadi? Davlat rahbari talab qilgan xalqni rozi qilish talabi ustunmi yoki “kreslo” muhimmi?
Rost24 sayti Prezident tomonidan berilgan topshiriqlarni bajara olmayotgan rahbar va vazirliklar haqida yozishda davom etadi.