Ko`pgina amaldorlar jurnalistlarga intervyu berar ekan, asosli ma`lumotlarga tayanishi lozim. Mulozim ovoza qilayotgan axborotlari ortida jiddiy, ishonarli statistika bo`lishi shart.
Ba`zi amaldorlarni ijobiy natija sifatida taqdim etgan ma`lumotlari ortidan shubhali savollar tug`iladi.
Kuni kecha Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o`rinbosari Bahodir Umurzaqov O`zA muxbiriga intervyu berdi. Vazir o`rinbosarining quyidagi javoblari esa juda ajablanarli va kishini mulohazaga chorlaydi.
Vazirning dalolat qilishicha, o`tgan yillar 30 mingga yaqin fuqaro kasb-hunarga o`qitilgan bo`lsa, 2021 yilda bu ko`rsatkich 50 ming nafarga oshiriladi. Yildan yilga aholi soni oshib borishini inobatga olsak 2021 yilda kasb hunarga o`qitish 50 ming nafarga etishi qamrov kengayishidan dalolatmi, yoki o`zgarish yo`qligini bildiradimi?
Umrzoqov 2021 yilda 5 million kambag`alning 2-3 millionini bandlik jarayoni orqali kambag`allikdan chiqarib olishga va`da berdi. Ammo, ish bilan ta`minlash orqali aholini oson kambag`allikdan chiqarish mumkinmi? Ayniqsa maosh miqdori eng zarur ehtiyojlarni qoplashga qodir bo`lmaganda.
Vazir so`zlaridan iqtibos: “Murojaatnomada 2021 yilda ishsizlik nafaqasini olish 3 barobarga oshirilishi aytildi. 2020 yilda ishsizlik nafaqasi o`rtacha 500 ming so`m bo`lgan bo`lsa, 2021 yilda 1,5 million so`mdan har 3 oy muddatga beriladi.” Bu gap bilan vazir nafaqa oshganini isbotlamoqchi bo`lgan ko`rinadi, ammo raqamlar tajang bo`ladi.
Vazir nutqidan yana bir iqtibos: "Mana shu 3 oyda ushbu fuqarolarni ish bilan ta`minlab, kerak bo`lsa o`qitib, chet elga ishga yuborish rejasini qilyapmiz. Bu borada Rossiya, Qozog`iston, Evropa va Arab davlatlari, Koreya bilan shartnomalar tuzib qo`ydik. Quvaytga arab yoki ingliz tilini biladigan injener mutaxassislar kerak. Ular 7 ming mutaxassis ajratishimizni so`ragan. Ularning har biriga 500 dollardan 14 ming dollargacha maosh berilishi ko`zda tutilgan. Mutaxassislarimiz bor, lekin tilni bilishmaydi. Ayni shu bois bor-yo`g`i 120 mutaxassis yubora oldik. Bizdagi birinchi muammo – yurtdoshlarimizning yuborilayotgan davlat tilini bilmasligida.
Buni hisobga olgan holda markazlarimizda fuqarolarga ingliz, rus, fransuz, yapon, arab, xitoy tillarini o`rgatyapmiz. Til bilgan fuqarolarga hatto samolyot biletini ham olib beramiz. Hamma sharoit muhayyo”.
Qiziq, shu vaqtgacha tayyor tekin chipta bilan qancha fuqaro, qaysi davlatga yuborildi?
Bandlik va mehnat munosabatlari vazir o`rinbosari Bahodir Umurzoqovga fuqarolarimizning tafakkuri ma`qul emasdek ko`rinadi. Uning fikricha fuqarolarimiz ong, tafakkuri o`zgarishi kerak.
“Fuqarolarda bitta narsa – ong, tafakkur o`zgarishi kerak. Rossiya davlatida ishlayotgan 2 millionga yaqin fuqarolarimizning 400 mingini rasmiylashtirdik. Qolganlarini ham rasmiy jihatdan qabul qilsak, ularning topgan daromadining kattaroq qismi uyiga, qolgan qismi ijtimoiy to`lovlarga ketadi. Keksayganida nafaqa olish imkoni bo`ladi".