Prezident siyosatini yangi guruh ham, axborot xizmati ham etarlicha yorita olmayapti

12.10.2022 16:42

YoXUD Prezident adminstrasiyasi axborot xizmatiga yangi “jon”lar keldi, ammo hech bir axborotga jon kirgani yo`q

 

Prezident tashriflari bir kishi va bir jamoaning qalami yoki dunyoqarashi bilan kuzatiladigan jarayon emas. Ayniqsa, bu jamoa kutilmagan burilishlarga tayyor bo`lmasa…

O`tgan kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkentda bo`layotgan Dzyudo chempionatini tomosha qilish uchun “Xumo Arena” majmuasiga tashrif buyurdi. Avvalroq matbuot kotib Sherzod Asadov Prezidentning hafta davomidagi tashriflari bo`yicha o`tkazgan brifingida bu haqida hech qanday ma`lumot bergani yo`q. Chunki, rejalashtirilgan tadbirlar orasida Davlat rahbarining Dzyudo chempionatiga tashrifi ko`zda tutilmagan edi.

Biroq, o`sha kuni soat 17:30 lar atrofida Prezident korteji yo`nalishini o`zgartirib, to`satdan yo`llar bir fursatga to`sildi va Prezidentimiz korteji chempionat tomon burildi. Davlat rahbari xalq bilan birga nufuzi bo`yicha Olimpiya o`yinlaridan keyingi o`rinda turadigan katta musobaqani tomosha qildi.

Eng e`tiborli jihati chempionatning o`zbekistonlik g`olibini Prezident shaxsan qutladi. 

Mazkur voqealar 17:30-19:00 atrofida ro`y bergan bo`lsa, bu vaqt oralig`ida “Sport” telekanalidan boshqa ("Sport" telekanali mazkur musobaqani to`g`ridan to`g`ri yoritishi avvaldan ma`lum edi) Prezident tashriflarini, imijini, siyosatini yoritadigan biror bir xizmat mutasaddilari na jonli va na qisqa xabar tarzida Prezidentning o`zgargan rejasi haqida xabar bera olmadi. Prezident adminstrasiyasidagi tezkor va aniq axborot uzatish bilan shug`ullanayotgan katta bir jamoa 21:15 gacha voqea tafsilotlari haqida ikki qator ham xabar uzata olgani yo`q. O`zini axborot jamoa sifatida tasnif etayotgan boshqa guruh vakillari kanalida ham bu haqida bironta yangilik ko`rinmadi.

Kortejning kutilmagan yo`nalishni olishi axborot xizmati vakillarining tezkorligi-yu, zakovatini sinagandek bo`ldi. Rejalashtirilmagan voqealar oldida qo`lida qalami bor jamoa falaj bo`lib qolgandek ko`rindi. Yoki yangi o`rinbosarlar kelganiga qaramay oddiy axborot hamon ming chig`iriqdan o`tkaziladimi? Nima uchun Prezidentning Dzyudo chempionatiga tashrifi matbuot xizmati jamoasi tamonidan tezkor va jonli yoritib berilmadi? 

Prezident tashriflari va suratlari hozircha faqat shu jamoa prizmasi ostida qabul qilinmoqda. Alohida o`zgacha qarash bilan yoritiluvchi biron bir axborot xizmati yoki ommaviy axborot vositasiga ruxsat berilmagan. Vaholanki, Prezident adminstrasiyasi vakili Komil Allamjonov “Davlat siyosatini yoritish tashabbusi bilan chiqadigan har qanday nodavlat ommaviy axborot vositalari, u kimga tegishli bo`lmasin, Prezident Administrasiyasi tomonidan faqat olqishlanadi. Bu erda asosiy manfaat — davlatimiz targ`ibotidir”, deya fikr bildirgan edi.

Sentyabr oyida o`tgan ShHT sammitida ham qaynoq xabar va Prezidentlar iqtiboslarini ochiq va tezkor holda Assosheyted Press agentligi tomonidan kuzatdik.

"O`zgarmas qolip: kutib olindi, ...qabul qildi, ...samolyoti qo`ndi… "Davlat tashriflarini kuzatar ekanmiz, doim bir qolipdagi bir xovuchgina so`zlar jamlamasiga duch kelamiz. Prezident qaerga bormasin yoki davlat tashrifi bilan qaysidir Prezident tashrif buyurmasin doimiy, umumiy so`zlar ketma-ketligiga duch kelamiz. Misol uchun, kechagina Prezidentning Vengriyaga qilgan davlat tashrifi bo`yicha adminstrasiya xabarlarida Vengriya, ya`ni davlat nomini o`zgartirgan holda boshqa har qanday davlatga qilingan tashriflarga qo`llash mumkin. Buni bugungi Qozog`istonga qilingan tashrif davomida berilayotgan xabarlar misolida ham ko`rsa bo`ladi.

Platforma.uz kanali ham Davlat rahbari siyosati qanday yoritilishi kerakligi haqida to`xtatilib, Ochig`i, bunday "ramzlar tili"ga ham odam ko`nikkanday bo`layotir. Biroq, mening nazarimda, masalaga faqat "bordi-keldi" yoki postfaktum shaklida emas, aniq sharhlar formatida yondashsa yanayam yaxshiroq bo`lardi. Masalan, Prezident Ostonaga nima uchun boryapti, u erda nima masalalar ko`riladi va ularga O`zbekistonning umumiy qarashlari taxminan quyidagicha, degan mazmunda. Qolaversa, bu uchrashuvda MDH davlatlaridan tashqari yana qaysi davlatlar rahbarlari qatnashadi va nima uchun? Bu savollarga javoblarni biz taassufki hozircha tashqi manbalardan olayotirmiz”, deb yozdi.

To`g`ri, qaysidir ma`noda bir burda non bilan kola ichgan ma`lumotlarni yozish kerakdir, lekin xalq uchun bundan ham muhimroq ma`lumotlar berish kerakligini ham unutmaslik kerak.  

Aslida Prezident siyosatini yorituvchilar manbalariga sinchkovlik bilan e`tibor qaratsangiz biron bir yangilik yoki qo`shimcha to`ldiruvchi axborotning o`zi mavjud emas. Balki, PUL tarkibidagi OAV vakillariga qo`shimcha to`liq axborot berish taqiqlangandir. Aytmoqchi bo`lganimiz, axborot xizmatida shaxslar yangilangani bilan xizmat eski Sultonovlar davridagidek qolmoqda. Tayyorlanayotgan videoreportajlari to`y va chiroyli kliplarni eslatadi. Ma`no, mazmun esa nol darajada. Tahlilga arzigulik ma`lumot yo`q. Tashqi ishlar vazirligi vakillaridan esa umumiy ma`lumotdan o`zga tahlilni kutish befoyda. 

Adminstrasiyaga yangi jon keldiyu, ammo axborotlarga “jon” kirgani yo`q. Axborot siyosati hamon eski qoliplardan chiqaolmayotgandek.

Prezident tashriflari bir kishi va bir jamoaning qalami yoki dunyoqarashi bilan kuzatiladigan jarayon emas. Ayniqsa, bu jamoa kutilmagan burilishlarga tayyor bo`lmasa…

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
26
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
16.10.2022 19:26
Кушиламан шу фикрга