Bugun AOKAda o`tkazilgan brifingda Bosh prokuratura bo`lim boshlig`i Abdurahim Muhiddinov muhim raqamlarni e`lon qildi. Uning qayd etishicha, faqat ikki dastur bo`yicha ya`ni «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi ijrosidagi kamchiliklar uchun mingdan ortiq mas`ul javobgarlikka tortilgan, 3 mingdan ortig`i ogohlantirilgan. Ayni ushbu dastur ijrosidagi suskashliklar hususida Rost24.uz saytining «Mahallangizda muammo bormi?» loyihasida ham o`nlab materiallar tayyorlandi. Ularda fuqarolarimiz mahallalari bu dasturlarga kiritilgan bo`lsada o`zgarishlarni sezmayotganlaridan shikoyat qilishgan.
Brifingda berilgan ma`lumotga qaraganda, Bosh prokuror o`rinbosari rahbarligidagi Respublika shtabi hamda viloyat va tuman - shahar prokurorlari rahbarligidagi hududiy shtablar tomonidan o`tgan 9 oy davomida Investisiya dasturidagi 2.762 ta, «Yangi O`zbekiston» massivlaridagi 827 ta va «Obod qishloq» hamda «Obod mahalla» dasturlaridagi 10.915 ta loyihaning har biri monitoringga olingan.
monitoring natijalariga ko`ra hozirga qadar Investisiya dasturidagi 1.112 ta ob`ektlarda belgilangan ishlar yakunlanib, foydalanishga topshirilgan.
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi bo`yicha qanday ishlar qilingan va qancha mablag` sarflangan?
Bosh prokuratura bo`lim boshlig`i Abdurahim Muhiddinovning hisobot berishicha:
– 320 ta (59 foiz) ijtimoiy soha ob`ektlari, xususan 178 ta (67 foiz) maktablar, 58 ta (41 foiz) maktabgacha ta`lim tashkilotlari, 84 ta (62 foiz) tibbiyot muassasalari foydalanishga topshirildi;
– 2. 922 km. uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlari yangidan tortilib, 256 ta suv inshootlari o`rnatilib, 755 mlrd. so`mlik (76,5 foiz) ishlar bajarildi;
– 1,4 trln. so`mlik (91 foiz) ichki yo`llar ta`mirlandi,shundan 1. 127 km. (87,5 foiz) ichki yo`llar asfaltlandi, 653 km. (84 foiz) asfalt - beton va 2. 099 km. (95,1 foiz) shag`al yotqizildi;
– elektr ta`minoti ob`ektlari bo`yicha bugungi kunga qadar 236 mlrd. so`mlik yoki 84 foiz ishlar bajarilib, past kuchlanishli 2. 533 km. (91 foiz) elektr uzatish tarmoqlari tortilgan holda, 749 ta (67 foiz) transformator punktlari yangilandi va modernizasiya qilindi;
– gaz ta`minoti uzluksizligini ta`minlash bo`yicha jami 5,1 mlrd. so`mlik (100 foiz) ishlar bajarilib, 998 dona (100 foiz) gaz taqsimlash punktlari joriy va mukammal ta`mirlandi, 366 km. (100 foiz) gaz tarmoqlari rekonstruksiya qilindi, aholiga5. 393 dona (100 foiz) gaz ballonlari etkazib berildi;
– aloqa va axborotlashtirish tarmoqlari yaxshilash bo`yicha jami 18 mlrd. so`mlik (97 foiz) ishlar bajarilib, 1. 293 km. (97 foiz) optik tolali aloqa kabellari tortildi;
– qishloq va mahalla ko`chalarini obodonlashtirishbo`yicha mahallalarda 243 km. (64 foiz) ichki irrigasiya tarmoqlari,22 dona (28 foiz) sug`orish quduqlari, 181 km. (36 foiz) piyoda yo`laklari, 8. 051 dona (35 foiz) tungi yoritish tizimi, 442 ming. m2 (92 foiz) gulzorlar tashkil etildi, 235 ming. tupdan ortiq (88 foiz) daraxtlar ekildi va 555 ta (74 foiz) chiqindixonalar o`rnatildi;
– aholiga transport xizmati ko`rsatish tizimida qo`shimcha 99 ta (88 foiz) avtobekatlar va 16 ta (100 foiz) yangi avtobus yo`nalishlari tashkil etildi;
– mahalla komplekslari va uy - joy fondini yaxshilash doirasida 100 ta (53 foiz) mahalla binolari, 48 ta (80 foiz) mahalla guzarlarida qurilish - ta`mirlash ishlari olib borilib, 39. 307 ta (94 foiz) yakka tartibdagi uy - joylar ta`mirlandi;
– bozorlar infratuzilmalarini yaxshilash maqsadida 252 ta (77 foiz) maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalari, 256 ta (81 foiz) savdo majmualari, 85 ta (67 foiz) kichik ishlab chiqarish va 88 ta (72 foiz) boshqa turdagi ob`ektlar ishga tushirildi.
Sifatsiz bajarilgan ishlar, qo`shib yozishlar... bu bizga yangilik emas!
Doimgidek, davlat pullaridan «unumli» foydalanib qolganlar ham bo`lgan.
Mas`ulning qayd etishicha, yuklatilgan vazifa va topshiriqlar ijrosida kamchilikka yo`l qo`ygan va o`z vazifasini lozim darajada bajarmagan 427 nafar mas`ullar intizomiy va 724 nafari ma`muriy javobgarlikka tortildi, 3.040 nafar shaxs rasman ogohlantirilgan.
Jumladan, yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyati hokimlarining hamda 107 nafar tuman (shahar) hokimlarining o`rinbosarlari, shuningdek Madaniy meros agentligi direktori, Madaniyat, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi, Gidrometeorologiya xizmat markazi hamda «O`zsuvta`minot» AJ rahbarlarining sohaga mas`ul o`rinbosarlariga jazo choralari qo`llanildi.
Qo`pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 185 ta jinoyat ishlari qo`zg`atildi, 880 nafar fuqaro va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Qurilish sifati va ish hajmlarini to`liq bajarilishi o`rganilib, 1.553 ta holatda sifatsiz bajarilgan 32,3 mlrd. so`mlik hamda 793 ta holatda hisobotlarga qo`shib yozilgan 37,9 mlrd. so`mlik ishlar bartaraf ettirilishi orqali kelib chiqishi mumkin bo`lgan huquqbuzarliklarning oldi olingan.
Eslatma: Davlatdan infratuzilmani yaxshilash uchun milliardlar ajratiladi. Lekin, mas`ullar bu mablag`ni qanday sarflayotganini nazorat qilish oddiy fuqarolarga ham bog`liq. Sizning ko`changizga shunchaki shag`al to`kib, asfalt uchun ajratilgan pullarni o`z hovlisini obod etishga sarflayotgan mutasaddini ko`rdingizmi befarq bo`lmang.
«Telegram» ijtimoiy tarmog`ida “QURILISHDA NAZORAT” deb nomlangan maxsus telegram bot ishga tushirilgan hamda ishonch telefoni tashkil etilgan.
Mazkur bot orqali fuqarolar tomonidan o`z yashash hududidagi davlat dasturiga kiritilgan ob`ektlar bo`yicha amalga oshirilayotgan qurilish ishlari haqida prokuratura organlaridan tashkil etilgan shtablarga foto lavhalar bilan birgalikda to`g`ridan - to`g`ri xabar yuborishlari hamda ishonch telefoni orqali murojaatlarini qoldirishlari mumkin.