Toshkent viloyatidagi bog` o`rnida kottejlar qurilmoqda. Aholi norozi, hokimiyat esa befarq

29.09.2022 10:33

O`zbekistondagi mavjud ekologik muammolardan eng dolzarblaridan biri daraxtlarning kesilishi  muammosidir. Afsuski, bog`u xiyobonlarda ko`rk to`kib turgan yuz yillik chinorlaru, soya salqinlik baxsh etib turuvchi tollar, hatto noyob daraxt turlari ham bu daraxtkushlikdan chetda qolayotgani yo`q.  Statistikaga qaraganda, 2022 yilning 6 oyida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog`liq 2300 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan (14 iyul holatiga ko`ra).

 Amalda bo`lgan moratoriyga qaramasdan, yashil tabiatga qirg`in keltirish «kampaniyasi» afsuski bu yo`qotishlar bilan tugamaydigan ko`rinadi.  Tahririyatimizga kelib tushgan murojaat ham shundan dalolat bermoqda. Daraxtlar aholi yashashi uchun zarur, ularni yo`q qilish prezident qaroriga zid bo`lsada, moddiy manfaat turganda qurbon qilib yuborilaveradi.  Poytaxt biqinidagi erni kotejlar sifatida sotishdan mo`maygina daromad olinishini esa ortiqcha iqtisodiy bilimlarsiz ham faxmlash mushkul emas.

Bevosita murojaatga o`tsak, Toshkent viloyati, Qibray tumani, Parvoz mahallasi (Mustaqillikning 18 yilligi ko`chasi)da yashovchi aholisining bizga yozishicha, ushbu mahallada katta bog` mavjud

 

U 18 ga maydonni egallab turibdi. Unda yuzlab katta mevali daraxtlar va noyob archalar o`sadi. Mazkur hududda o`ziga xos hayvonot dunyosi – noyob qushlar va hayvonlar yashaydi. Bu bog` katta maydonni egallab turgani tufayli atrof muhitga, atrofda yashayotgan aholiga sof havo va iqlim hamda go`zal manzarani yaratib turibdi. Mahalladagi uylarga chatishgan va aholi foydalanayotgan zovur ham yo`q qilinyapti. Ushbu zovurdan aholi ko`p yildan beri foydalanib kelmoqda.

To 2018 yilgacha mazkur bog` sug`oriladigan er sifatida «Gulchilik va bog`dorchilik»MChJning hududi bo`lgan, unda bu korxona mevalar etishtirgan va archalarni o`stirgan. Ko`p yil davomida bu bog` haqiqiy «qo`riqxona»ga aylandi desak mubolag`a bo`lmaydi, chunki uning ahamiyati va «funksiya»si nafaqat meva etishtirish bilan bog`liq bo`lgan, balki tabiiy holda ekologik rolni ham o`ynay boshlagan. Bu er poytaxtimiz Toshkent shahrining Yunusobod tumanidan 1 km narida joylashgan, shu tufayli u poytaxtdagi qisqarib borayotgan yashil zonalar uchun ma`lum ma`noda kompensator vazifasini ham bajarib kelmoqda.

O`sha bog` va zovur joylashgan hudud Qibray hokimiyati qarori bilan «Turg`un» xususiy korxonasi mulkiga aylantirilgan bo`lib, uning o`rnida endi kottejlar qurilmoqda. Bu degani, asta-sekin bog`dagi mevali daraxtlar, archalar, u erdagi noyob hayvonot va suv oqadigan zovur g`oyib bo`ladi. Ma`lumki, bugungi kunda butun mamlakatimizda daraxtlar kesilishi jiddiy muammoni keltirib chiqargani tufayli, odamlar ko`p joylarda norozi bo`lmoqda.

Bu erda esa bir butun katta bog` (yuzlab hosilga kirgan noyob gilos, olxo`ri, yong`oq daraxtlari, shuningdek noyob archa daraxtlari....) va unumdor er yo`q qilinyapti. Bu hudud tadbirkorga berilishidan oldin ko`p yildan beri sug`oriladigan er bo`lgan, shuning uchun erdan ekologik jihatdan boshqa maqsadlarda foydalanish (pereprofilirovanie) ekologik talablarga va Prezident qarorlariga ziddir. «Shaharcha» qurish uchun boshqa erlar ko`p bo`lsada, bu bog` kesib tashlansa juda achinarli hol bo`ladi.

«Turg`un» xususiy korxonaga bu hudud ajratilganida unga bu erda issiqxona (teplisa) biznesi bilan shug`ullanishi uchun joy berilgan edi, ammo so`ngra uning niyati o`zgarib kottedjlarni qurmoqchi bo`lib qoldi. Shuni ko`rgan mahalla aholisi o`z noroziligi bildirib shikoyat qila boshladi, hatto tadbirkorning o`zidan ham bevosita iltimoslar qildi, bog` daraxtlari va zovur qolsin deb, ammo tadbirkor umuman xalqning nidosiga quloq solmadi va o`zining qurilish ishini davom ettiryapti.

Aholi o`z shikoyatlarini Qibray tuman hokimiyati, Toshkent viloyat hokimiyati, Adliya vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish va ekologiya Davlat Qo`mitasi kabi tegishli davlat idoralariga yuborgan bo`lsada, vaziyat o`zgarmayapti. Tadbirkor daraxtlarni kesib tashlash va zovurni ko`mib tashlash niyatini yashirmayapti ham. Bir xususiy korxona egasi butun bir mahalla aholisiga qarshi turib, mojaro tugamayapti.

2019 yil 17 yanvarda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining

«Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan erlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish» to`g`risidagi qarori, xususan, shunday deydi:

7. Daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish va daraxtlarni xatlovdan o`tkazish ustidan jamoat nazorati fuqarolar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

8. Daraxtlar va butalarni ekish ularning turlari, iqlim sharoitiga moslashuvchanligiga, er osti suvlarining yaqinligi, erning sho`rlanish darajasi, sug`orish tizimi mavjudligi hamda ularning funksional vazifalariga ko`ra amalga oshiriladi.

44. Daraxtlarni kesishdan manfaatdor bo`lgan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik sub`ektlari daraxtlarni kuzgi yoki bahorgi ekish davrida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tavsiya etilgan hududlarda har bir kesilgan daraxt o`rniga o`n tup daraxt ekib berish majburiyatini oladi.

O`zbekiston Er Kodeksida esa shunday moddalar bor:

43. Haydaladigan erlar, pichanzorlar, yaylovlar, tashlandiq erlar, ko`p yillik dov-daraxtlar (bog`lar, tokzorlar, tutzorlar, mevali daraxt ko`chatzorlari, mevazorlar va boshqalar) egallagan erlar qishloq xo`jaligi erlari jumlasiga kiradi. Qishloq xo`jaligi erlari maxsus muhofaza qilinishi lozim.

44. Sug`oriladigan erlardan faqat qishloq xo`jaligi ekinlarini etishtirish, shuningdek bog`dorchilik, uzumchilik va ko`p yillik dov-daraxtlar etishtirish uchun foydalanilishi mumkin.

Sug`oriladigan erlar maxsus muhofaza qilinishi lozim. Bunday erlarni sug`orilmaydigan erlar sirasiga o`tkazish alohida hollarda, tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, erlarning suv bilan ta`minlanganligi, ulardagi mavjud suv resurslari hamda bu suvlarga belgilangan limitlar inobatga olingan holda, O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligining, O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligining xulosasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.

Sug`oriladigan erlarni qishloq xo`jaligidan boshqa maqsadlar uchun, shu jumladan sanoat va fuqarolik ob`ektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun, shuningdek unumdor tuproq talab etilmaydigan ilg`or texnologiyalarning (gidroponika va boshqalar) yangi usullari qo`llaniladigan issiqxonalar qurilishi uchun ajratishga yo`l qo`yilmaydi.

Shularni inobatga olsak, «Turg`un» korxonasi mana shu hujjatlarni inkor qilgan ko`rinadi. Qanday bo`lmasin, bu korxonaga shu joydan er ajratilishi bo`yicha hokimiyat tomonidan qaror qabul qilinishida, birinchidan mahalliy aholining istagi, manfaatlari va talablari inobatga olinmagan, ekologik oqibatlarga befarq bo`lingan hamda umuman qishloq xo`jalik maqsadlarida foydalanayotgan sug`oriladigan er boshqa maqsadlar uchun foydalanishi sababli, mazkur qurilish ishlarining qonuniyligi to`g`risida shubhalar uyg`otadi.

Qolaversa, ushbu mahalla atrofida bironta dam oladigan ko`kalamzor joy mavjud emas va bu bog`ni aynan shunday joyga, ya`ni odamlar sayr qiladigan, dam oladigan parkka aylantirsa bo`ladi. Bu erda bolalar uchun sport maydonchasini ham barpo etsa bo`ladi, chunki mazkur mahallada bolalar o`ynaydigan joy xam yo`q. Hatto bu bog`ni atrofdagi aholiga meva va sabzavotlarni etishtirib beradigan hududga ham aylantirsa bo`ladi. Bu erdagi tub aholi dehqonchilik bilan shug`ullangan va bu maydon sug`oriladigan qishloq xo`jalik uchun ishlatiladigan hududdir, chunki uning o`ziga xos noyob er xususiyatlari mavjud. Bu erdan faqat mevazorlik, gulchilik, manzarali o`simliklarni o`stirish uchungina unumdor foydalanish mumkin.

Davlatimiz va Prezidentimizning «Yashil makon» umummilliy siyosati olib borilayotgan bir davrda tayyor yashil makonni, yuzlab daraxtlarni saqlab qolish zarur va bu hatto ekologik xavfsizlik nuqtai nazardan strategik ahamiyatga ega bo`lgan masaladir. Oxirgi yillarda misli ko`rilmagan ekologik tahdidlar (chang, bo`ron, qurg`oqchilik) tobora ko`payib bormoqda, shuning uchun ko`kalamzor maydonlar ana shunday ofatlarni va ularni oqibatini kamaytirishga albatta xizmat qiladi. Bu kichik bir maydon emas, 18 ga er maydoni bo`lib, uning aynan ekologik ahamiyati juda katta bo`lishi aniqdir, shuning uchun u davlat e`tiborida bo`lishi shart.

Ma`lumki, Prezidentning 30.12.2021 yildagi «Respublikada ko`kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF-46-son Farmoni bilan butun mamlakat miqyosida «Yashil makon» umummilliy loyihasi tatbiq etildi.

Unga ko`ra, xususan quyidagilar nazarda tutilgan:

  • hududlarda «yashil bog`lar» va «yashil jamoat parklari»ni barpo etish;
  • daraxtlarni sug`orish tizimini qayta ko`rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta`minlash;
  • har bir daraxtni parvarish qilish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarni belgilash, bu borada rag`batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish;
  • daraxtlarni shikastlantirish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mazkur yo`nalishda jamoatchilik nazoratini yanada oshirish.

     

Bog`ni saqlab qolish va uning o`rnida «shaharcha» qurish to`g`risidagi qaror bekor qilinsin deb, mahalla aholisi bir qator davlat idoralariga murojaat qildi: . Kerak bo`lsa, bu erda ma`lum ma`noda ikkinchi Botanika bog`i yaratish orzusi ham bor.

Shunday ekan, odamlar bu yirik muammoni hal qilishda davlat va Prezident yordamiga muhtoj, toki atrofda yashayotgan aholi rozi bo`lib, ko`p yillargacha mana shu bog`, yoki parkdan va zovurdan bahramand bo`lib yashasin. O`z tomonidan bog`ni yanada obodonlashtirishga mahalla aholisi hissa qo`shishga tayyor, deyiladi murojaatda. 


 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
30.09.2022 15:16
Аник у́рганилмасдан ёзилган макола, у́зим шу махаллада яшайман. Буни ёзганлар у́зларига берилган ерни кенгайтириб олган(самазахват), шунинг учун ёзилган.