ShHT sammiti boshlanishidan avval Samarqandda turizm uchun qurilgan “Boqiy shahar”da pandemiya davridan beri bir-biri bilan yuz ko`risha olmagan prezidentlar uchrashishdi.
Sammit arafasida qurib bitkazilgan “Boqiy shahar” majmuasi 7 gektar maydonda barpo etilgan. Xalqaro turizm markazi va Boqiy shahar uchun 580 mln. dollar sarflangan. Markazda 1 ta galereya va qadimiy sharqona bozor, 36 ta rastadan iborat. 14 ta hunarmandchilik ustaxonalari, 2 ta milliy taomlar restorani qurilgan. Prezident Xalqaro turizm markazining ochilish marosimida “Boqiy shahar” kelgusida Samarqandning tashrif qog`oziga aylanishini aytgan edi.
Bundan tashqari, Xalqaro turizm markazida 8 ta mehmonxona qurib bitkazilgan bo`lib, ularning ikkitasi 5 yulduzli hamda markazdagi mehmonxonalarda 16 ta prezident nomeri ham bor. Rasmiylarning aytishicha, keyinchalik ham bu markaz xalqaro sport olimpiadalarini o`tkazish va sayyohlar uchun qulay manzil bo`lib qoladi.
ShHT sammiti bahonasida Samarqandda yangi binolar bilan birga daraxt va ko`chatlar ham ko`paygan. Turizm markazining uchdan ikki qismini bog` hududi egallagan bo`lib, u erda Germaniya, Belgiya, Italiya va Gollandiyadan 50 mingdan ortiq atirgul, 30 ming tup daraxt va yuz minglab butalar ekilgan. Shuningdek, sammit bahona Samarqand tozaroq va ko`kalamroq bo`lganini e`tirof etish mumkin.
ShHT sammitidan Samarqandga Xalqaro turizm markazi va “Boqiy shahar” esdalik bo`lib qoldi. Sammitga tashrif buyurgan davlat liderlari G`arbga qarata aytmoqchi bo`lgan fikrlarini ham gapirib o`tdi. Ulardan butun dunyo nashrlari iqtibos keltirdi. Rossiya prezidenti Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan muloqot qilmoqchi bo`layotgani-yu, ammo narigi taraf istamayotganini aytdi.
Eron prezidenti esa AQShni “xuligan”likda aybladi. Pandemiya davrida chegara muammosiga duch kelgan Xitoy bilan Hindiston o`zaro gaplashib oldi. Pokiston Afg`onistonning muzlatilgan mablag`larini qaytarishni so`radi.
Sammit vaqtida qurolli to`qnashuv vaziyatida bo`lgan Tojikiston va Qirg`iziston rahbarlari ham o`zaro suhbat qurdi. Turkiya prezidenti esa Eron, Rossiya, Hindiston rahbarlari bilan yopiq muloqotlar o`tkazdi.