Yoritish uchun milliardlar ajratilganmi? Hokimlik raddiya berdi, iqtisodchi shubhalanishda davom etmoqda

14.09.2022 00:36

Adliya vazirligi Otabek Bakirov so`rayotgan hujjat “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilingani, biroq ushbu qarorlar foydalanilishi cheklangan axborotlarni o`z ichiga olganligi (mudofaa, xavfsizlik va boshqalar) sababli barcha foydalanuvchilar uchun e`lon qilinmaganini ma`lum qildi. 

12 sentyabr kuni saytimizda Iqtisodchi Otabek Bakirovning  «Yo`q bo`lib qolayotgan hokim qarorlari yoki bitta mahallaning yoritish tizimi uchun 2 mln.dollar ajratilgani haqida» gi materialini bergan edik.  Ushbu maqolaga Toshkent shahar hokimligi shunday raddiya beribdi:
Otabek Bakirov maqolada yo`q bo`lib qolayotgan hokim qarorlari yoki bitta mahallaning yoritish tizimi uchun 2 mln.dollar ajratilgani haqida yozib, Adliya vazirligidan hokimiyat qarorlarini nazoratga olishni so`ragan edi. Shuningdek, Rost24.uz sayti ham iqtisodchiga tayangan holda mazkur ma`lumotni e`lon qilgan.

Bugun e`lon qilingan raddiyaga ko`ra, Otabek Bakirov ming martaga adashgan. Ya`ni, qarorni o`qiyotgan paytida Iqtisodchining ko`zlari raqamlarni boshqacha ko`rgan.

«Toshkent shahar hokimining 2022 yil 9 sentyabrdagi qaroriga binoan Bektemir tumani, «Iykota» MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun 20,1 mlrd.so`m, Yashnobod tumani, «Jarboshi» MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun esa 19,2 mlrd.so`m ajratilgani iddao qilingan. Xuddi shu mazmundagi maqola rost24.uz xabar saytida ham e`lon qilingan.

Vaholanki, iqtisodchi hamda internet nashri nazarda tutayotgan va hatto maqolada havola sifatida keltirilgan qarorda Bektemir tumani, «Iykota» MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun 20,1 mlrd.so`m emas, 20,1 mln so`m (20 120 000 so`m), Yashnobod tumani, «Jarboshi» MFY hududidagi tungi yoritish tizimlarini yangidan qurish uchun esa 19,2 mlrd.so`m emas, 19,2 mln so`m (19 160 000 so`m) ajratilgani qayd etilgan», «ya`ni iqtisodchi-tanqidchi ming barobarga adashgan», deyiladi hokimlik raddiyasida. Va ushbu holatga AOKAning e`tiborini qaratishini ma`lum qiladi.

           “E`tiroz bildirilgan qarordan kecha skrinshot olmaganimdan afsuslanaman”

Otabek Bakirov boshqacha fikrda. U o`sha maqolasida o`zi aytib o`tgan yo`l bilan, mazkur qaror ham o`zgartirib qo`yilganiga ishonmoqda. «Hozir o`lchov birligi ming so`mda ko`rsatilgandi, deyish befoyda. Chunki o`sha e`tiroz bildirilgan qarordan kecha skrinshot olmaganimdan afsuslanaman va buning uchun o`quvchilardan uzr so`rayman», deydi u. Shuningdek, hokim tomonidan mablag` ajratish va taqsimlash bilan bog`liq ilovasi mavjud barcha qarorlarda o`lchov birligi o`laroq ming so`m ko`rsatilganini isbot sifatida ma`lum qilgan.

Aytish lozimki, Bakirov maqolasida asosiy e`tiborni “E-qaror” tizimining kamchiliklariga qaratib, tizimda avval joylashtirilgan, so`ng bekor qilingan hokim qarorlarini topish imkonsiz ekanligini, tahrir qilingan yoki olib tashlangan qarorlar haqida ma`lumot topib bo`lmasligini, yangi qaror bilan eski qaror ilovasi bekor qilinganida buni foydalanuvchilar bila olmasligini, bu narsa juda keng manipulyasiya va katta o`g`irliklarga yo`l ochishini ta`kidlaydi va Adliya vazirligidan, E-qaror tizimidagi mazkur holat bo`yicha vaziyatni o`rganishini va nazoratga olishini so`ragan.

Monitoring davomida hokimliklarning 1 800 dan ortiq qaror va farmoyishlari asossiz ravishda e`lon qilinmagan

Ko`tarilgan masala yuzasidan Adliya vazirligi ham munosabat bildirdi.
Adliya vazirligi qonunchilikka muvofiq hokimliklar tomonidan ayrim hollarda foydalanilishi cheklangan axborotlarni (mudofaa, xavfsizlik, shaxsga doir ma`lumotlar, vasiylik va homiylik hamda boshqalar) o`z ichiga olgan qaror va farmoyishlar qabul qilinishini, maqolada  keltirilgan Toshkent shahar hokimining 2022 yil 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22-sonli va 2022 yil 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qarorlari “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilingan, biroq ushbu qarorlar foydalanilishi cheklangan axborotlarni o`z ichiga olganligi (mudofaa, xavfsizlik va boshqalar) sababli barcha foydalanuvchilar uchun e`lon qilinmaganini ma`lum qilgan.

Shuningdek, vazirlik monitoring davomida hokimliklarning 1 800 dan ortiq qaror va farmoyishlari asossiz ravishda e`lon qilinmaganligi aniqlanganini hamda ushbu qarorlarni tizim foydalanuvchilari uchun ochiq holatda bo`lishi ta`minlanganini aytadi. Demak bu borada iqtisodchi haq.

Iqtisodchining ta`kidlashicha, «Hokimlarning mudofaa va xavfsizlikka oid qarorlar ham chiqara boshlagani juda qiziq. Afsuski buni biz inkor ham eta olmaymiz, tasdiqlay ham olmaymiz. Chunki qo`limizda hech narsa yo`q. Lekin savol baribir javobsiz qolaveradi. Mantiq va uzviylik etishmayapti. Tizimga joylashtirilmagan 3 avgustdagi 788-14-0-Q/22- qaror, 30 avgustdagi 895-14-0-Q/22-sonli qarorlar bizning nazdimizda ijtimoiy va xo`jalik ahamiyatiga ega bo`lgan. Chunki ayni shu qarorlarga boshqa xo`jalik va ijtimoiy sohaga oid qaror bilan o`zgartirish kiritilmoqda».

Nima bo`lganda ham, kelgusida talon-tarojga yo`l qo`yilmayotganiga aholining ham ishonchi komil bo`lishi, bu kabi so`roqlarga hojat qolmasligi uchun tizim o`zgartirishga, takomillashtirishga muhtoj ekani aniq.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар