Tashkilotchilar ShHT sammiti arafasida Samarqanddagi o`zgarishlar haqida fotolarni taqdim etib, «Mehmonlarni ajablantira olamiz», deyishmoqda.
Yangi aeroport
Samarqand sammiti uchun barcha zarur infratuzilma tayyorlandi, yangi zamonaviy va yuqori texnologik aeroport qurildi.
Loyihaning dizayni «o`tmish va hozirgi zamon uyg`unligini» namoyish etadi. Aeroport terminalining binosi olim Mirzo Ulug`bekning fundamental asari «Ziji Jadidi Ko`ragoniy» («Ko`ragoniyning yangi astronomik jadvali») ni ifodalovchi «ochiq kitob» shakliga ega.
Uning tomida yulduzlar turkumi tasvirlangan. Binoning kengligi 175.m, balandligi 25 m.ni tashkil etadi.
Bu shahar aholisi va mehmonlariga atoqli astronom Mirzo Ulug`bekning butun insoniyat ilm-fani va sivilizasiyasi rivojiga qo`shgan hissasini yana bir bor eslatadi.
Sayohatchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy texnologiyalar joriy etildi: Yo`lovchilar va yuklarni ro`yxatdan o`tkazishning yangi turi hamda qo`ngandan so`ng qulay xizmat ko`rsatish tizimi ishga tushirildi.
Aeroport soatiga 800 nafar yo`lovchi va haftasiga 120 tagacha reysga xizmat ko`rsatish quvvatiga ega.
Silk Road Samarkand sayyohlik markazi
ShHT mehmonlari va, albatta, sayyohlar uchun yangi Samarqand xalqaro sayyohlik markazi qurildi — bu rejalashtirilgan sammit tadbirlari o`tkaziladigan asosiy hudud bo`ladi. Qurilishning asosiy ob`ektlari 135 gektar maydonni egalladi.
Mashhur eshkak eshish kanalining ikki qirg`og`ida «abadiy shahar» etnografik shaharchasi, vinochilik shoxobchasi, mehmonxonalar va ShHT mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvlari bevosita o`tkaziladigan ulkan uch qavatli Kongress-xoll joylashgan. Uning maydoni 2800 kvadrat metrni tashkil etadi.
Birinchi shaxslarning uchrashuvlari o`tkaziladigan asosiy zalning maydoni esa 65x65 m, balandligi 14 metrni tashkil etadi.
Sayyohlik markazi hududida baliq ovlash uchun sun`iy ko`l yaratildi. Markaziy maydon sayyohlarni «musiqiy» favvora bilan quvontiradi, mehmonlar Eco Village kottedj shaharchasida yashashi mumkin.
Sentyabr oyida ko`p funksiyali Silk Road Samarkand sayyohlik markazida umumiy soni 1200 dan ko`p xonalarga ega sakkizta xalqaro darajadagi mehmonxonalar o`z eshiklarini ochadi. Ulardan ikkitasi 5 yulduz toifasiga kiritilgan.
Jumladan, Samarkand Regency Amir Temur Markaziy Osiyodagi The Leading Hotels of the World — dunyodagi etakchi mehmonxonalar uyushmasiga kiritilgan birinchi va hozirgacha yagona mehmonxona bo`ladi.
Samarqand eshkak eshish kanali
Bu yana bir mahalliy diqqatga sazovor joy. Kanalning uzunligi 2180 metrga teng, kengligi esa 150 metrdan oshadi. U eshkak eshish musobaqalarining xalqaro standartlariga to`liq mos keladi.
Bu erda turli xalqaro musobaqalar o`tkaziladi. Jumladan, 2025 yilda Osiyo o`smirlar Olimpiadasi O`zbekistonda, eshkak eshish turnirlari esa Samarqandda o`tkazilishi haqida qaror qabul qilingan.
Ma`lumot uchun: 2022 yil 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 22-sammiti bo`lib o`tadi. ShHTning bu yig`ini O`zbekistonda o`tkazilgan sammitlarning to`rtinchisi bo`ladi. Bunday muhim xalqaro tadbir 2004, 2010 va 2016 yillarda Toshkent shahrida o`tkazilgan edi.