Yangi o`quv darsliklarining mualliflari shu kunlarda maktab darsliklari atrofida bo`layotgan voqealar yuzasidan Prezidentga murojaat qilishdi. Ular tizimdagi o`yinlar, nosog`lom raqobat va ijodiy muhit muammolari masalalarini ko`tarib chiqishgan:
«Hurmati Shavkat Miromonovich, 2016 yilda O`zbek tili va adabiyoti universiteti ochilishga bosh-qosh bo`lganingizda, bizni yig`ib, ta`lim metodikasini yangilash, unga yangi tendensiyalarni olib kirish va jahon bilan bo`ylashadigan ta`lim darsliklarini yaratish vazifasini qo`ygan edingiz. Bizning jamoa shu vazifani bajarish ustida tunu kun ishladi. Yangi, zamonaviy, 21 asr talablariga javob beradigan, o`quvchini mustaqil fikrlashga, muammolarni echishga, qaror qabul qilishga, kreativ bo`lishga undaydigan darsliklar yaratildi.
Darsliklar yaratish oson ish emas. Bu ijodiy muhit, ijodiy atmosferani talab qiladigan jarayon. Lekin oxirgi paytlarda bo`layotgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali sizdirilayotgan har xil asossiz xabarlar, asossiz mish-mishlar bu ijodiy muhitni so`ndiradi, mualliflarning rag`batini ham o`ldiradi. Darsliklarning ijara masalasi bilan boshlangan mojaro sekin-asta darsliklarning mazmuniga ulanib ketdi va asossiz ravishda darsliklar mazmuniga ham shubha bilan qarash boshlandi. Qandaydir komissiyalar tuzib, darsliklarning mazmunini tekshirish, odamlardan fikr yig`ish kabi... Biz bunga qarshi emasmiz, darsliklar mazmunini o`rganish kerak bo`lsa o`rganishsin, baho berishsin. Faqat buni xolislar bersin. Zamonaviy metodikani, metodikadagi zamonaviy tendensiyalarni, hozirgi zamon bolasiga nimani, qanday o`rgatishni tushunadigan mutaxassis, tushunadigan xolis ekspertlar bersin. Buning ortida qandaydir o`zining biznes manfaatlarini ko`zlayotgan manfaatdor shaxslar, manfaatdor chinovniklar (amaldorlar tahr.) baho bermasin.
Chunki bu holatda baho xolis bo`lishiga hech qanday kafolat yo`q. Biz halol raqobatdan qo`rqmaymiz. Kimdadir hozirgi zamon talablariga, ta`lim standartlariga javob beradigan darsliklarni yaratish niyati bo`lsa, marhamat, yaratsin. So`ng o`qituvchiga har ikki darslikni beraylik, tanlovni o`qituvchi qilsin. Halol raqobatdan ta`lim ham, o`quvchi-o`qituvchi ham, ota-ona ham yutadi. Lekin parda ostidagi o`yinlar, parda ortidagi asossiz gaplardan, bunaqa nosog`lom kurashdan millat, ta`lim zarar ko`radi, oxir-oqibatda hammamiz zarar ko`ramiz», deyiladi unda.
Shuningdek, murojaatda aytilishicha, mualliflarning aksari xorijda o`qigan, darsliklar yaratilishi jarayonida YuNISEF, YuNESKO ekspertlari doimiy qatnashgan.
«Biz qandaydir taraflarni himoya qilish uchun emas, o`zimizning g`oyalarimizni, ta`limni himoya qilish uchun murojaat qilyapmiz. Manfaatlar o`rtasidagi ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar ta`limning rivojlanishiga soya solyapti. Bundan ta`lim, millat jabr ko`ryapti, xususan, muallif jabr ko`ryapti. Vaxolanki, siz bergan ko`rsatma asosida metodika yanada shakllanib, mana shu adabiyot darsliklarida aks etgan. Tarix qilgan xatolarni qaytarmaslikni juda ham istardik. Mualliflarning barchasi xorij tajribasini o`rgangan, aksariyati chet elda o`qigan. Darsliklar yaratilishi jarayonida YuNISEF, YuNESKO ekspertlari doimiy qatnashgan. Tarqalgan bunday asossiz turli xabarlar ta`lim siyosatiga, ta`limning nufuziga bolta uradi va jadal qadamlar bilan boshlangan islohotlarni to`xtatib qo`yadi. Sizdan iltimos qilardik, shu holatni nazoratingiz ostiga olsangiz. Chunki bizning ertamizni, Yangi O`zbekistonni qanday bo`lishini belgilaydigan eng asosiy omil bu ta`limning mazmunidir» degan mualliflar.
Biroz avval Huquqshunos Xushnudbek Hudoyberdiev munosabat bildirib, darslik mualliflarining murojaatini «Qo`rqoq oldin musht ko`tarar» degan maqol bilan izohlagan. Shuningdek u yangi darsliklar emas, ko`proq eski darsliklarga e`tibor qaratilishini yozdi: «Oxirgi 2-3 yilda tayyorlangan yangi darsliklar barcha darsliklar sonining 10 foizi atrofida xolos. Qolgan 90 foizi eski darsliklar. Davlat eng avvalo bor kuchini mana shu 90 foizga qaratishi tabiiy. Chunki asosiy muammolarimiz shu qismda» degan u o`z postida. Uning xulosa qilishicha, “Darsliklarimizning aksariyat qismi talabga javob bermaydimi, tamom, ularni almashtirish kerak. Almashtirish faqat minglab tonna qog`ozni isrof qilish yo`li bilan emas, balki zamonaviy usullardagi multimedia-elektron darsliklar ko`rinishida bo`lishi ham mumkin. Mumkin emas, shart va zarur”.
Eslatib o`tamiz, darsliklar ijarasi mojarosi davlat rahbari darajasida hal etilgandan so`ng, maxsus komissiyaga ta`lim sifati masalasini ham o`rganish vazifasi qo`yilgan edi. 6 sentyabr kuni Prezident administrasiyasi rahbari o`rinbosari Komil Allamjonov, o`z sahifasida Administrasiya huzurida tuzilgan ishchi guruh maktab darsliklari, o`quv rejalari va kitoblarning unga mosligi, bu sohadagi muammolar va uning echimi yuzasidan o`rganish ishlarini boshlaganini ma`lum qildi va shaxsiy elektron pochtasiga shu yo`nalishdagi muammolar, ularning echimi haqida takliflar bo`lsa, yuborishi mumkinligini qayd etdi.
Ma`lumot uchun: Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Temur Komilov biroz avval darsliklar uchun ketadigan mablag`lar xususida shunday ma`lumotlarni keltirib o`tgan edi:
Kitob jamg`armasi byudjetidan 2022 yilda kitob chop etish uchun 1,1 trln so`m ajratish ko`zda tutilgan. Shundan 605 mlrd so`m davlat byudjetidan yo`naltiriladi, qolgani Byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplanadi.
Qonunchilikka ko`ra, ushbu Jamg`arma mablag`lari ijara tushumlaridan shakllanishi belgilangan. Joriy yilda 500 mlrd so`m ijara tushumidan qoplanishi kerak edi.