Bu yil ko`p muhokamalarga sabab bo`ladigan “O`zbekiston Qahramoni”, “O`zbekiston xalq artisti”, “O`zbekiston Xalq shoiri” kabi unvonlar berilgani yo`q.
O`zbekistonda ayrim bayram va kasblarni e`tirof etishga qaratilgan sanalar arafasida turli nishonlar, orden va medallar bilan taqdirlash Sovet ittifoqi davridan buyon takrorlanib keladigan an`analardan sanaladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bayramlardan keyin kim munosib, kimdir esa bu mukofotni nimadir evaziga olgani haqidagi muhokamalar ham mavsumiy takrorlanib turadigan mavzulardan sanaladi. Mukofotga sazovor bo`lganlarning esa, «Men kutmagandim, arzimas mehnatimga shunday katta e`tirof etilganimdan benihoyat xursandman. Bu hayotimdagi eng baxtli kun», qabilidagi doimiy shablon intervyulari bilan to`ladi.
Bu mukofotlarning eng obro`lisi bu «O`zbekiston Qahramoni» sanalib, u bilan taqdirlangan shaxslar oylik ish haqiga yoki pensiyaga qo`shimcha ravishda eng kam oylik ish haqi miqdorida oy sayin to`lanadigan ustama mukofot oladilar, qonun hujjatlarida belgilab qo`yilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
Unda taqdim etiladigan «Oltin Yulduz» medali 750 darajali (probali) oltin qotishmasidan tayyorlanadi va old tomonida har bir qirrasining ikki yonbag`ridan oltin nurlar taralgan sakkiz qirrali yulduz shaklida bo`ladi, og`irligi 12,5 gr.
Birinchi marotaba 1994 yilda ushbu mukofot bilan taqdirlash haqida qaror chiqqan bo`lib , mukofotlanganlar ro`yxatida hujjatni imzolagan O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning o`zi ham bor edi. Shundan buyon har yili O`zbekiston Qahramoni mukofoti bilan o`rtacha 3-5 kishi taqdirlanib kelayotgan bo`lib, bugungi kunda ularning soni 100 nafardan ortadi. Faqat bu yili hech kimga qahramon bo`lish nasib etmadi.
O`zbekistonda qanday orden va medallar bor?
Bizda orden va medallar ancha serob bo`lib, ularning nufuziga qarab mukofot belgilangan:
„O`zbekiston Qahramoni» unvoni har oylik maoshiga qo`shimcha yoki ish haqi miqdorida berib boriladi.
„Oliy Darajali Do`stlik» ordeni — eng kam ish haqining 200 baravari;
„Mustaqillik» ordeni — eng kam ish haqining 75 baravari;
„Imom Buxoriy» ordeni — eng kam ish haqining 70 baravari;
„Amir Temur» ordeni — eng kam ish haqining 70 baravari;
„Jaloliddin Manguberdi» ordeni — eng kam ish haqining 60 baravari;
„Buyuk xizmatlari uchun» ordeni — eng kam ish haqining 60 baravari;
„El-yurt hurmati» ordeni — eng kam ish haqining 50 baravari;
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti — eng kam ish haqining 50 baravari;
„Mard o`g`lon» davlat mukofoti — eng kam ish haqining 50 baravari;
„Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni — eng kam ish haqining 45 baravari;
„Mehnat Shuhrati» ordeni — eng kam ish haqining 40 baravari;
„Faxriy murabbiy» ordeni — eng kam ish haqining 40 baravari;
1-darajali „Sog`lom avlod uchun» ordeni — eng kam ish haqining 40 baravari;
2-darajali „Sog`lom avlod uchun» ordeni — eng kam ish haqining 25 baravari;
1-darajali „Shon-sharaf» ordeni — eng kam ish haqining 40 baravari;
2-darajali „Shon-sharaf» ordeni — eng kam ish haqining 20 baravari;
„Do`stlik» ordeni — eng kam ish haqining 30 baravari;
„Salomatlik» ordeni — eng kam ish haqining 30 baravari;
„Salomatlik» ordeni — eng kam ish haqining 25 baravari;
„Mardlik» ordeni — eng kam ish haqining 15 baravari;
„Sodiq xizmatlari uchun» medali — eng kam ish haqining 10 baravari;
„Kelajak bunyodkori» medali — eng kam ish haqining 10 baravari;
„Jasorat» medali — eng kam ish haqining 10 baravari;
„Sog`lom turmush» medali — eng kam ish haqining 10 baravari;[
„Shuhrat» medali — eng kam ish haqining 5 baravari;
O`zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig`i — eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida bir martalik mablag` to`lanadi.
Faxriy unvonlar
Faxriy unvonlarning 40 ga yaqin turi bo`lib, ular sirasiga O`zbekiston Respublikasi xalq artisti, O`zbekiston Respublikasi xalq shoiri, O`zbekiston Respublikasi xalq baxshisi, O`zbekiston Respublikasi fan arbobi, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalist, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiysi, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan aviasiyasi xodimi kabilarni keltirish mumkin.
«Faxriy unvonlar egalariga to`lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to`g`risida»gi Nizomga ko`ra «Xalq» va «Xizmat ko`rsatgan arbob» faxriy unvonlariga eng kam oylik ish haqining 3 baravari, «Xizmat ko`rsatgan artist» uchun 1,8 baravari, «Xizmat ko`rsatgan» unvoni bilan boshqa kasbdagilarga 1,6 baravar miqdorida to`lovlar beriladi.
Bu yil ko`pchilik kuzatadigan va muhokamalarga sabab bo`ladigan unvonlar – Xalq artisti, Xalq shoiri, yozuvchisi kabi unvonlar ham berilgani yo`q.