"Kecha poytaxtdagi bayramda «Go`zal Turkiston, senga ne bo`ldi?» qo`shig`i qo`yilibdi. Shuni o`ylab o`tiribman. Bechora keksa kommunistlarning holi ne bo`ldi ekan o`sha damlarda? Men Karimov «Lazgi»ga o`ynagan zamonlardan beri bayramlarni ko`rmayman, ular bir hovuch «protokol»dagi to`ralar uchun. U erlarga oddiy qora xalq yaqinlashtirilmaydi ham. «Bezatilgan toychoqlar», ya`ni «Zulfiyachi»lar, 5-10 mukofotlanganlar boradi, xolos. Qolgani qora kostyumlilar. Xalqniki bo`lmagan bayramni ko`rib nima qilaman.
Ammo «Go`zal Turkiston»ni maydonda tinglagan bechora kommunistlarga ichim achidi.
Ammo Brejnevdan mukofot olgan «partapparat»ning eski tulkilari Karimovdan ham orden-medallarni, mukofot va imtiyozlarni olishdan armoni qolmadi. Qizig`i, uning qabri sovishga ulgurmay, o`sha qari takalar Mirziyoevga hamdu-sano o`qishni boshlashdi. Otaga yoqqani Akaga yoqmaydimi? Yana o`shalar siylandi, yana unvonlar, yana imtiyozlar, yana orden-medallar o`shalarniki bo`ldi...
Ishonamanki, Turkiston qayta tiklansa, yana o`shalar amalda, lavozimda bo`ladi.
Hazardan Oltoygacha cho`ziladigan Buyuk Turk davlati dunyoga kelsa, o`sha Buyuk davlatda ham bular mansab va lavozimlarni egallashadi!
100 % aminmanki, Amudaryodan sersoqollar o`tib kelsa, non-tuzni o`shalar ko`tarib chiqishadi. Soqol o`stirib, oyog`iga «tapichka» kiyib, ulardan ham mansab, lavozim olishadi!
Mustaqillikka tish-tirnog`i bilan qarshi bo`lgan, ammo Karimovni «Mustaqillik me`mori» deb atagan, bugun Mirziyoevni «Xalqning otasi» deyotgan, xullas, mustaqillik davrida ham maza qilayotgan amaldorlarga bayram muborak bo`lsin!"
Karimberdi To`ramurod –
jurnalist, yozuvchi
XO`Sh, SIZ UChUN MUSTAQILLIK BU NIMA?
Fikr va mulohazalaringiz Rost24.uz'da e`lon qilinadi.
Murojaat uchun — https://t.me/rost24aloqa_bot