MUSTAQILLIK BU NIMA?

02.09.2022 00:38

Rost24.uz ushbu savolni ayrim amaldor, yozuvchi va jurnalistlarga berib koʻrdi.
   
                                                          MUSTAQILLIK BU NIMA?

Alisher Qodirov – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari,
 «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi


  "Inson erkin bo`lsagina yarata oladi. Erkin bo`lmagan inson — yangiliklar, tashabbus va saxovat qilish imkoniyatiga ega bo`lmaydi.
Aynan shu sababli, shaxs uchun erkin va ozodlik — hayot-mamot masalasidir. Chunki, inson yashadimi, insondek yashashi kerak. U atrofdagilarga yaxshilik ulasha olishi kerak. Erkin bo`lmagan inson bunday imkoniyatlarga ega bo`lmaydi.
Agar, biz har bir davlatni insonga qiyoslaydigan bo`lsak, ozod bo`lmagan davlatlar, na o`z fuqarosiga, na insoniyatga foyda keltira oladi. Bunday davlatlar faqatgina iste`molchi kayfiyatdagi davlatga aylanadi. Ya`ni, qornini to`q qil va ishlat.
Aynan shu sababli ozodlik nafaqat inson taqdiri, balki davlatlar taqdiri uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Azaldan bosqichi davlatlar bosib olgan erlarida insonlarda ozodlikka intilish ruhiyatini turli yo`llar bilan bosish uchun harakat qilishgan va ko`p hollarda erishishgan ham. Bu illatning nomini boqimandalik deb aytish mumkin.
Bosib olingan erlarda faqat qorni uchun yashaydigan xalqlar shakllantirish bosqinchilarning azaliy maqsadi bo`lgan.
Biz mustaqil bo`lganimizdan keyin ta`bir joiz bo`lsa, kurashayotgan eng katta illatimiz ham aynan — shu!
Biz ozod ruhimizni tiklab olishimiz, ozodligimizni nafaqat tiklash uchun, balki asrash uchun ozodlikparvar, millatparvar, vatanini sevuvchi yangi avlodni shakllantirishimiz juda ham muhim.
Biz «koma»dan qaytgan insonga o`xshaymiz. Endi, tezroq sog`lom bo`lishimiz va azaliy 3000 yillik davlatchilik tariximizga tayanadigan tiriklik tajribamizni tiklab olishimiz kerak!
Mustaqillik bayramingiz muborak bo`lsin!"

                                                                                                            Alisher Qodirov – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi

 

MUSTAQILLIK BU NIMA?


"O`zbekiston mustaqilligi bu juda muhim qadriyat. Tarozining bir pallasiga masalan tinchlik¸ xotirjamlik¸ boylik va ikkinchi pallasiga mustaqillik qo`yilsa men mustaqillikni tanlayman. O`zbekistonni 1924 yilda tuzgan uchta davlatdan biri Turkiston ASSR bu Rossiya tarkibidagi avtonomiya edi. O`sha paytda Tatariston ham shunaqa edi va bugun Tatariston mustaqil emas va Rossiya imperiyasi tarkibida. Tatarlar qanday havas qilishini bilasizmi bizga. Son¸ til va madaniyat jihatdan o`zbeklarga juda yaqin o`lka Sharqiy Turkiston uyg`urlaridan so`rang. Ular ham erkinlikni qandoq istaydi. Holbuki ular farovon boy badavlat yashamoqda. Xitoy bosimi ostida qanday yashaganini bir o`zi biladi.Siyqasi chiqib ketgan bo`lsa ham aytay. Har bir hayvon zooparkda emas erkinlikda yashashni istaydi. Bugun moddiy qashshoqligini pesh qilib mustaqillik kerak emas¸ o`risga qul bo`lsak ham qornim to`q bo`lsin deganlardan o`sha hayvon ming marta erksevar. Turmadagi odamdan so`rang. Senga erk kerakmi ëki qamoqmi deb. Nima deb javob beradi. Afsus pasportiga fuqaro deb ëzilgan millionlab o`zbeklar qul bo`lishga jon jon deb rozi. Buni his qilish shu mustaqil yurt vatandoshi bo`lgan menga og`ir botadi. Qisqa qilib Pahlavon Mahmud misrasi bilan aytaman. «Kim agar ozoddir ul shoddir»

                                                                         Rassom TUZ  — Eltuz.com sayti karikaturachisi                                                                                        

MUSTAQILLIK BU NIMA?

Sherzodxon Qudratxo`ja – O`zMMA Boshqaruvi raisi, O`zJOKU rektori

"Mustaqillik... bu ko`p mehnat. Mustaqillik... bu og`ir mehnat. Mustaqillik... bu mehnatdan qo`rqmaslik. 

Davlat mustaqil bo`lgandan so`ng kuzatishadi: qani bular nimaga qodir ekan... 

Biz nimaga qodir ekanligimizni mehnat orqali ko`rsatishimiz mumkin".

Sherzodxon Qudratxo`ja —
O`zMMA Boshqaruvi raisi, 
O`zJOKU rektori

 

MUSTAQILLIK BU NIMA? 

Karimberdi To`ramurod – jurnalist, yozuvchi

"Kecha poytaxtdagi bayramda «Go`zal Turkiston, senga ne bo`ldi?» qo`shig`i qo`yilibdi. Shuni o`ylab o`tiribman. Bechora keksa kommunistlarning holi ne bo`ldi ekan o`sha damlarda? Men Karimov «Lazgi»ga o`ynagan zamonlardan beri bayramlarni ko`rmayman, ular bir hovuch «protokol»dagi to`ralar uchun. U erlarga oddiy qora xalq yaqinlashtirilmaydi ham. «Bezatilgan toychoqlar», ya`ni «Zulfiyachi»lar, 5-10 mukofotlanganlar boradi, xolos. Qolgani qora kostyumlilar. Xalqniki bo`lmagan bayramni ko`rib nima qilaman.
Ammo «Go`zal Turkiston»ni maydonda tinglagan bechora kommunistlarga ichim achidi. 
Ammo Brejnevdan mukofot olgan «partapparat»ning eski tulkilari Karimovdan ham orden-medallarni, mukofot va imtiyozlarni olishdan armoni qolmadi. Qizig`i, uning qabri sovishga ulgurmay, o`sha qari takalar Mirziyoevga hamdu-sano o`qishni boshlashdi. Otaga yoqqani Akaga yoqmaydimi? Yana o`shalar siylandi, yana unvonlar, yana imtiyozlar, yana orden-medallar o`shalarniki bo`ldi...
Ishonamanki, Turkiston qayta tiklansa, yana o`shalar amalda, lavozimda bo`ladi.
Hazardan Oltoygacha cho`ziladigan Buyuk Turk davlati dunyoga kelsa, o`sha Buyuk davlatda ham bular mansab va lavozimlarni egallashadi!
100 % aminmanki, Amudaryodan sersoqollar o`tib kelsa, non-tuzni o`shalar ko`tarib chiqishadi. Soqol o`stirib, oyog`iga «tapichka» kiyib, ulardan ham mansab, lavozim olishadi!
Mustaqillikka tish-tirnog`i bilan qarshi bo`lgan, ammo Karimovni «Mustaqillik me`mori» deb atagan, bugun Mirziyoevni «Xalqning otasi» deyotgan, xullas, mustaqillik davrida ham maza qilayotgan amaldorlarga bayram muborak bo`lsin!

Karimberdi To`ramurod – jurnalist, yozuvchi

Xush, siz uchun mustaqillik bu nima?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
03.09.2022 10:35
Меҳнатдан бирор нарсага эришиш мумкин бўлганда, Ўзбеклар космосни эгаллаган бўларди. Собиқ Совет тузумида "Меҳнатнинг таги-роҳат",- деб, 70 йил меҳнат қилдирди. Қуруқ меҳнат қилиш билан ҳам, ҳеч нимага эришиб бўлмас экан. Бу Шерзодхўжа деганлари охирги марта қачон қопга таппи солиб ташиган экан ?! Қишнинг совуқ кунида, майдаланиб, ун бўлиб кеткан кўмирни ғалтак - аравада ташиганмикан?! Халқ, бу меҳнатнинг беш баттарини қилаяпти. Ҳаттоки, ўз ватанида меҳнат топаолмай, Руссияга бориб, ўрисларнинг ҳам меҳнатини қилаяпти. Бу кишим, балким, " Мен-ақлий меҳнат кишисиман",- деб, баҳона қилар. Хўп, қайси ақлий меҳнатингизнинг маҳсули, Халқимизнинг бирор оғирини енгиллатти? Нуқул, олди-қочди гапларку. Она тилимиз ўз ўзанидан узоқлашиб кеткан, ҳаттоки, баъзи бир саводи ғовлаб кетканлар тилимиз келиб чиқишини Форсийга олиб борип тақашаяпти. Чунки форсийда қаттиқ ундошдан кейин жарангли ундош келади. Тилимиз Алифбосини, грамматикасини, имло қоидаларини ҳеч ўйлаб кўрганмисиз?Ғалатику. Халқимиз бу меҳнатни қилаолмайди. Бу меҳнатни сиз қилишингиз керак. Меҳнатмиш. Ундан кўра,"Ўқиш, ўрганиш, Дунё кезиш керак",- денг
02.09.2022 16:59
Шу фикринга яраша нима иш қилаяпсан ўзинг.
02.09.2022 16:30
Ўзбек халқи меҳнат орқали дунёга нимага қодир эканлигини кўрсатиб бўлди, дунёдаги кўпчилик мамлакатларда энг оғир, энг қора ишларни ўзбеклар қилиб юрибди! Сабаби ўз она Ватанларида тайинли бир иш йўқ ва 31 йилдан бери иш ўринлари яратишга жиддий эътибор берилмаяпти! Исботи- киши бошига ЯИМ кўрсаткичи бўйича биз дунёда 154-156 ўринларни эгаллаб юрибмиз! Давлат амалдорлари бўлса фақат ўзини, қариндош уруғларини, ўзига яқин одамларни бойитиш билан овора! Мустақил бўлиб олгандан кейин буларни мушугини пишт дейдиган инсоннинг ўзи йўқ! СССР пйтда бунақа бой-камбағалга табақаланиш йўқ эди, чунки мол-мулки, хашаматли биносини деларация қилиш лозим эди. Давлат амалдорлари ўзидан қўрқиб 31 йилдан бери декларация қилишни пайсалга солиб юришибди! Минг афсус, ўзингдин чиққан балога қайга борай давога!
02.09.2022 14:03
Мустақиллик бу.эркинлик...ижтимоий табақаланиш ва коррупциянинг гуллаб мева берган фурсат..