Uzkard, Dori-darmon, O`zbekiston havo yo`llari... Davlatning bir nechta foyda ko`rayotgan kompaniyalari sotilmoqda

21.08.2022 17:18

15 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi qarori e`lon qilinib, 2022-2023 yillarda davlat ishtirokidagi 21 ta yirik korxonaning aksiyalarini fond birjasida birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish bo`yicha yo`l xaritasi tasdiqlandi.

Shundan ko`p o`tmay, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi saytida bir necha kompaniyalarning xususiylashtirilayotgani haqida xabarlar chiqdi. Xo`sh ularning qaysi biri ko`proq daromad ko`rayotgan edi?

 UzCard

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi  Davlat tender komissiyasi tomonidan Uzcard`dagi 75 foiz davlat ulushi mustaqil baholash tashkilotini jalb etib sotilishi to`g`risida qaror qabul qilingani haqida xabar berdi. Uning daromadi va foydasi haqida esa ma`lumotlar yo`q. 

“Issiqlik elektr stansiyalari”

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJdagi 51 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushini xususiylashtirish nazarda tutilmoqda.

Jamiyat tarkibiga 6 ta issiqlik elektr stansiyalari, 3 ta issiqlik elektr markazlari va 3 ta soha korxonalariga xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar kiradi. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 2021 yilda 60,5 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi va 5,6 mln. Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi. 2021 yil yakuniga ko`ra Jamiyat 360,1 mlrd. so`m miqdoridagi sof foydaga, shuningdek 13,2 trln. so`m miqdoridagi ustav kapitaliga ega.

O`zimizning monopol – Havo yo`llari

"Uzbekistan airways" AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushining savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.

"Uzbekistan airways" AJ 50 nafardan ortiq belgilangan yo`nalishlarda, jumladan Evropa, Osiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlariga muntazam ravishda reyslarni amalga oshiradi. Aviakompaniyaning vakolatxonalari 20 dan ortiq dunyo shaharlarida faoliyat ko`rsatadi.

Kompaniyaning asosiy faoliyatidan tashqari, "Uzbekistan airways" AJga tegishli "UZBEKISTAN AIRWAYS TECHNICS" MChJ (havo kemalariga texnik xizmat ko`rsatish), "UZBEKISTAN HELICOPTERS" MChJ (mahsus aviasiya), "O‘QUV-MASHGULOT MARKAZI" MChJ (ta`lim faoliyati) va "KETRING" MChJ (bort uchun oziq-ovqatlar etkazish) kabi tarkibiy korxonlari mavjud.

2021 yil yakuniga ko`ra kompaniya 6,3 trln. so`m miqdoridagi sof tushumga, 53,7 mlrd. so`m miqdoridagi sof foydaga, shuningdek 4,2 trln. so`m miqdoridagi ustav kapitaliga ega.

“Dori-Darmon” AJ

Tegishli xususiylashtirish dasturiga muvofiq, “Dori-Darmon” AJni ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalar paketini xususiylashtirish nazarda tutilmoqda.

Dori-Darmon” AJ – O`zbekistondagi jadal rivojlanayotgan farmasevtika bozoridagi etakchi ulgurji va chakana savdo kompaniyasi hisoblanadi. Jamiyatning hududiy bo`linmalari mavjud bo`lib, ular tarkibiga 7 ta aksiyadorlik jamiyati va 14 ta mas`uliyati cheklangan jamiyat, jumladan, 17 ta omborxona, 15 ta tahlil laboratoriyasi kiradi.

2021 yil yakuniga ko`ra, kompaniya 402,1 mlrd. so`m sof tushum va 32,6 milliard so`m sof foyda olgan.

“CHINOZ NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODI” MChJ

“CHINOZ NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODI” MChJni ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish belgilangan. MChJning asosiy vazifasi neftni qayta ishlab benzin, kerosin, mazut, dizel yoqilg`isi va moylarga aylantirishni tashkil etishdan iborat. Ushbu sanoat korxonasi yiliga 117,0 ming tonnadan ziyod uglevodorod xomashyosini qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Ustav fondi – 102,0 mlrd. so`mni tashkil etadi.

Samarqanddagi “UzAuto TRAILER”

UzAuto TRAILER” MChJni ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi sotiladi

Korxonaning loyihaviy quvvati 3 000 donagacha: 2 000 dona yarim tirkama va 1 000 dona osma texnika, O`zbekiston Respublikasi xo`jaligining turli tarmog`ini ta`minlash uchun keng qamrovli avtomobil texnikalarini, shu jumladan samosval kuzovi, yarim tirkamalar, konteyner tashuvchilar, tentli kuzovlar, izotermik yarim tirkamalar va furgonlar ishlab chiqarish o`zlashtirilgan.

Ustav fondi: 158,6 mlrd.so`m. 2021 yil bo`yicha: foyda: 626,2 mlrd.so`m, sof foyda: 53 mlrd. so`m.

Tasdiqlangan yo`l xaritasiga binoan, davlat ishtirokidagi qator yirik kompaniyalar o`z aksiyalarini fond birjasiga birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirishlari rejalashtirilgan. Qishloq qurilish bank , “O`zmetkombinat” AJ, “UzAuto Motors” AJ, “O`zbekneftgaz” AJ, Agrobank , Aloqabank, Mikrokreditbank, “Universal Sug‘urta” AJ, “Alskom” AJ , “O`ztemiryo`lkonteyner” AJ, Xalq banki, “O`zbekinvest” AJ, “O`zbekgeofizika” AJ, Milliy bank “O`zagrosug`urta” AJ, “O`zbekiston pochtasi” AJ, “O`zavtosanoat” AJ, “Qurilishmashlizing” AJ , “O`ztransgaz” AJ shular jumlasiga kiradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
22.08.2022 12:02
Сотаверинглар. Тог'ай Мурод отамдан колган далалар
22.08.2022 00:16
Xayrlisi boʻlsin. Umid qilamiz bu shirkatlarni qarindoshlari xarid qilmaydi, xuddi 6 milliardlik FNQIZni 100 million dollorga sotib olgandek