Pullarni "ekotozalash": Ishlamagan ilovaga yarim milliard sarflandi

17.08.2022 11:37

O`zbekiston ekologiya qo`mitasiga milliardlar ajratiladi lekin ekologik muammolar echimi topilmayapti, daraxtkushlik esa kundan kunga avjiga chiqib bormoqda.  Muxbirimiz qo`mita xarajatlarini hisoblab, bir qancha savollarga duch keldi. 

Davlat Ekologiya Qo`mitasi - davlat organi hisoblanadi. Bir yillik byudjet taqsimi 38 milliard bo`lib, o`tgan yilgiga qaraganda 15 % kam ajratilgan. Avvalgi yili bu ko`rsatkich 45,7 milliardni tashkil etgandi.

Bu mablag`larni qaerga, qanday sarflangani va qanchalik samaradorlikka erishilgani alohida mavzu. Diqqatingizni aniq loyihaga qaratmoqchimiz.

Iyun oyida Davlat Ekologiya Qo`mitasi dasturlash tizimini yaxshilash uchun 515.000.000 so`m ajratgan. 

Bundan "Ecofund"    avtomatlashtirish tizimining funksionalini kengaytirish uchun 126.000.000 so`m.

Uning ikkinchi qismini ishga tushirish xarajatlari esa 150.000.000 so`m deb belgilangan. 

E`tibor qiling «Ekonazorat» telegram - botini ishlab chiqish uchun 76.000.000 so`m ya`ni 7,5 ming dollar ajratilgan bo`lib, bozor narxidan bir necha barobar qimmat xizmat ko`rsatilganiga guvoh bo`lasiz.

Soha vakillari bilan suhbatlashganimizda, bot yaratish  narxi 600 - 1000 dollar deb ta`kidlashdi. Bizni qiziqtirgan masala - 7,5 ming dollar to`langanda qanday favqulodda bot ishlab chiqilar ekan?

Keyingi xizmat - «EkoNazorat» Android mobil ilovasini ishlab chiqish bo`lib, ushbu ilova 2021 yildan beri Google Playda mavjud. O`sha vaqtda ham bepul qilinmagan avvaldan mavjud ilovaga hozir yana 8000 dollar nima uchun ajratildi? Eng asosiysi u hamon yaxshi ishlamaydi!

Google Playda ilovani yuklab olib, ro`yxatdan o`tmoqchi bo`ldik. Lekin, avtorizasiya uchun yuborilgan kodni kiritganimizda tizim qabul qilmadi va xato degan yozuv chiqaveradi, yoki umuman kod tasdiqlanmaydi, loading deb turaveradi. Ushbu muammoga faqat biz duch kelmaganimizni ilova ostiga yozilgan izohlardan ham ko`rishingiz mumkin.

 Dastur targ`ib qilinadi, lekin u ishlamaydi

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Ekopoytaxt telegram-kanali bir necha marotaba "EkoNazorat" axborot-tizimi ishga tushganini yozdi.

Kanalda qoldirilgan havola esa  ishlamaydi. Lekin, ko`rsatilgan ishonch- telefonida javob berishayapti.

Yarim milliardlik loyihani kim amalga oshirmoqda?

Davlat xaridlari elektron tizimida joylashtirilgan (lot raqami #22110025594212 ostida) hujjatga ko`ra Davlat Ekologiya Qo`mitasi va Furor Progress MChJ bilan shartnoma iyun oyida tuzilgan.

Hozir avgust, nima o`zgardi?

Tayyor bot qaerda? Nega «EkoNazorat» ishlamayapti?

Furor Progress qanday MChJ va nima bilan shug`ullanishini tekshirib ko`rdik.

Orginfo.uz veb-saytidan ushbu MChJ 2013 yilda tashkil etilgan va rahbari Xoldorov Ilhomjon G`ulomovich, manzili Farg`ona viloyati ekanini aniqladik.

Qiziq tomoni shundaki, xuddi shu MChJ boshqa manzilda ham bor.

It.market.uz saytida Furor Progress o`zining manzili deb Toshkent shahridagi Navoi ko`chasi 16A uyni belgilagan va yana eski telefon raqamini qoldirgan.

Va shu veb-saytda o`z loyihalari haqida qisqacha ma`lumot berib o`tilgan. 

Birinchi katta loyiha sifatida "ECOFUND" turibdi, fevral 2020 yil sanasi bilan.

Bu tasodifmi yoki bir dastur bir necha marta moliyalashtirilganmi?

Davlat Ekologiya Qo`mitasining ancha yillardan beri  hamkori bo`lib kelgan Furor Progress 2016 yilda qo`mita uchun "Clean City" dasturini yaratgan.

Ushbu loyiha billing tizimi bo`lib, chiqindilarni olib ketadigan firmalarni birlashtirgan dasturi hisoblanadi.

Lekin hech qanday ijtimoiy loyihalarga aloqasi yo`q.

Orginfo.uz  va It.market.uzda ko`rsatilgan raqam bo`yicha bog`langanimizda ular Toshkentda joylashganini va kichik loyihalarni olmasligini aytishdi. Har bir loyihani o`zining narxi borligini ta`kidlashdi.

Davlat Ekologiya Qo`mitasi davlat byudjetidan olingan yarim milliard so`m nega bunday sarflangani bo`yicha tushuntirish berarmikin yoki yana biron maydaroq lavozimdagi xodimni ishdan bo`shatarmikin? Furor Progressdan esa dasturlari va bot nega hozirgacha ishga tushmaganiga izoh kutib qolamiz.

Eslatib o`tamiz, saytimizda avvalroq "«Mercedes», «Toyota 200», «E-bora” va «Volkswagen ID-6» — Ekoqo`mita raisi N.Oblomurodov xizmatida» ekanligi haqida https://rost24.uz/uz/news/1122 xabar bergan edik. 

Davlat ekologiya qo`mitasi buni «asossiz xabarlar» deya qayd etdi va qo`mita rahbariyati xizmat avtomashinalaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalarga asosan foydalanib kelayotganini ma`lum qilib raddiya bergandi. vaholanki, bir necha nashrlar 2021 yildan buyon qo`mita raisi avtomobillari xususida yozib kelishadi. 
 

  



 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
17.08.2022 21:50
Olavuringlar, olavuringlar, xalq kambagʻallashib qolmaydi, olavuringlar (I. V. Bunsa)